17:00 / 25.07.2021
18941
Arzonlashi kutilayotgan benzin, rekord qayd etgan o‘zbek muhojirlarining pul o‘tkazmalari – haftaning «pullik» xabarlari

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekiston va jahon iqtisodiyotida muhim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Kun.uz haftaning pullik xabarlarini to‘pladi.

O‘zbekistonning 6 oydagi tashqi savdosi 13,6 foizga ko‘paydi

2021 yilning yanvar-iyun oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdosi 18 012,8 mln AQSh dollarini tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 2 150,3 mln AQSh dollariga yoki 13,6 foizga ko‘paydi.

Raqamlar 2021 yilda tashqi savdo pandemiya davriga nisbatan tiklanayotganini ko‘rsatadi. Biroq hamon 2019 yildagi darajaga yetib borilmaganini kuzatish mumkin.

4ta viloyatdagi 95ta nasos stansiyalari modernizatsiya qilinadi

146 million yevro xorijiy kredit evaziga Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi jami 95ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 40 ming gektar yerni foydalanishga qaytarish va 315 ming gektarda suv ta'minotini yaxshilash maqsad qilingan. Xususan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 3tadan tumanda, Qashqadaryoda 5ta, Samarqandda 6ta va Surxondaryo viloyatida 11ta — jami 28ta tumanda sug‘orish imkoniyati oshadi.

Biznes g‘oyalarga ega yoshlar uchun davlat budjetidan 100 mln dollar ajratiladi

O‘zbekistonda yosh tadbirkorlar biznes loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “Fursat” nomli loyiha ishga tushirildi.

Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida biznes g‘oyalarga ega yoshlar uchun davlat budjetidan 100 mln dollar ajratiladi. Tanlangan yoshlarga yer olishda ham ko‘mak beriladi.

Jahon bozorida neft arzonladi. O‘zbekistonda benzin narxi o‘sishdan to‘xtashi mumkin

OReC+ning avgust oyidan boshlab neft qazib chiqarish qo‘shimcha hajmi 5,8 mln barrelga yetguncha kuniga 0,4 mln barreldan oshirib borish qaroridan keyin brent tipidagi neft narxi 6 foizdan ko‘proqqa, ya'ni 68 dollargacha arzonlashdi.

O‘zbekistonda benzin narxining o‘sishi asosan jahon bozoridagi holatga bog‘liqligini hisobga olib, O‘zbekistonda benzin narxi arzonlashi prognoz qilinmoqda.

Xalq banki raisi lavozimidan ozod etildi

Xalq banki boshqaruv raisi Farhod Salomov o‘z lavozimidan ozod etildi va uning o‘rnini prezident maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat Otaboyev egalladi. Farhod Salomov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan ishdan ketgani aytildi.

Rossiyadagi o‘zbek muhojirlarining O‘zbekistonga pul yuborish ko‘rsatkichi oshdi

2021 yilning dastlabki uch oyida xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasidan MDH davlatlariga pul o‘tkazmalari hajmi o‘rtacha 13 foizdan kamaygan.

Davom etayotgan pandemiya va ma'lum karantin cheklovlariga qaramay, O‘zbekiston pul o‘tkazmalari ko‘paygan yagona davlatga aylandi.  O‘zbekistonliklar Rossiyadan 680 million dollarga yaqin mablag‘ jo‘natgan, bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 12,4 foizga ko‘p.

O‘zbekistonda yarim yilda 200 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi

2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston korxonalari tomonidan 200,1 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi va 2020 yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sish kuzatildi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda metallurgiya sanoatining ulushi 13 foizga, to‘qimachilik 20,9 foizga o‘sdi.

Top