09:26 / 03.08.2021
5357

YuNeSKO O‘zbekistonga Shahrisabzda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni bajarish uchun yana bir yil muddat berdi

2020 yilning aksar qismida qat'iy karantin cheklovlari joriy etilganini inobatga olib, YuNeSKO O‘zbekistonga Shahrisabzda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni bajarish uchun yana bir yil muddat bergan. Bundan tashqari, bir qator obektlar jahon madaniy merosi ro‘yxatiga qo‘shilgan. Bu haqda Turizm va sport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 16-31 iyul kunlari bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi YuNeSKO Jahon merosi qo‘mitasining kengaytirilgan 44-sessiyasi ishida onlayn ishtirok etgan. Tadbir Xitoyning Fuchjou shahrida «gibrid» rejimida bo‘lib o‘tgan.

Delegatsiya tomonidan butunjahon madaniy merosi obektlari hisoblangan «Shahrisabzning tarixiy markazi», «Samarqand – madaniyatlar chorrahasi», «Buxoroning tarixiy markazi» va Xivadagi «Ichan-qal'a», shuningdek O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi ko‘pmillatli tabiiy meros obekti bo‘lmish «G‘arbiy Tyan-Shan» bo‘yicha O‘zbekiston uchun ijobiy qarorlar qabul qilinishi ta'minlangan.

Qayd etilishicha, sessiya doirasidagi barcha qarorlar Jahon merosi qo‘mitasiga a'zo davlatlarning O‘zbekiston pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi bilan ovoz berish jarayonisiz qabul qilingan.

Sessiya yakuniga ko‘ra, YuNeSKO 2020 yilning aksar qismida hukm surgan qat'iy karantin cheklovlari sharoitida O‘zbekiston tomondan barcha vazifalarni amalga oshirish uchun ko‘proq vaqt talab etilishini inobatga olgan holda, «Shahrisabz tarixiy markazi» obektini tiklash bo‘yicha vazifalar ijrosi muddatini yana bir yilga uzaytirgan.

Qarorlarda O‘zbekiston Respublikasiga shaharlar bosh rejasi va obektlar boshqaruvi kompleks rejalarini tayyorlash hamda vakolatli tashkilotlarning tavsiyalariga amal qilishga doir alohida chorlovlar kiritilgan. Sessiya davomida shuningdek, O‘zbekistonning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun taklif qilingan obektlari bo‘yicha yangilangan ro‘yxat tasdiqlangan. Dastlabki ro‘yxat respublika bo‘ylab joylashgan 32 madaniy, tabiiy va madaniy-tabiiy (aralash) meros obektini o‘z ichiga olgan.

Bu mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Masalan, Rossiyada bu ko‘rsatkich – 28ta, Ukrainada – 17ta, Tojikistonda – 17ta, Qozog‘istonda – 14ta, Turkmanistonda – 10ta, Ozarboyjonda – 10ta, Armanistonda – 4ta va Qirg‘izistonda 2tani tashkil etadi.

Ma'lumot uchun, bir necha yildan buyon Shahrisabz shahri YuNeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatida qolishi masalasi savol ostida turibdi. 2019 yil Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasida ham mazkur masala tanqidiy ko‘rib chiqilib, Shahrisabz «yo‘q bo‘lish xavfi ostida qolgan obektlar» ro‘yxatida qoldirilgan.

Bu muammoning yuzaga kelishi 2016 yilda mazkur tarixiy shaharda YuNeSKO bilan o‘zaro kelishilmay keng miqyosda qurilish ishlari olib borilgani bilan bog‘liq. 2019 yilda YuNeSKO tomonidan Shahrisabz tarixiy majmuasini saqlab qolish uchun bir qator tavsiyalar va ikki yil muddat berilgan. Endi o‘sha muddat yana bir yilga uzaytirildi.

Mavzuga oid
Top