21:14 / 02.09.2021
17179

Ilhom Norqulov O‘zbekistonda islom moliyasi nega to‘liq joriy etilmagani haqidagi savolga javob berdi

Vazir o‘rinbosari buni islom moliyasi tizimining “murakkabligi”, aholining banklarga ishonchi va moliyaviy savodxonlik darajasi pastligi bilan izohladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining Toshkentda o‘tayotgan yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekistonda islom moliyasi nega to‘liq joriy etilmagani haqidagi savolga javob berdi.

Ilhom Norqulov bu masala 5 yildan buyon hukumat kun tartibida ekani, prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatlarida ham ta'kidlab kelayotganini qayd etdi.

“Islomiy moliyalashtirish nafaqat bank xizmatlarini o‘z ichiga oladi, balki bu murakkab bir tizim hisoblanib, o‘z yondashuvini ishlab chiqishni talab qiladi. Islomiy banklarni joriy etish imkoniyati haqida gapiradigan bo‘lsam, tizimning murakkabligidan tashqari, fuqarolarning tijorat banklariga ishonchini ham oshirish zarur.

O‘zbekistonda qishloq joylarda islomiy bank xizmatlariga talab mavjud. ITBga a'zo bo‘lmagan ko‘plab mamlakatlarda, masalan, Lyuksemburgda, bankning islomiy moliyalashtirish bo‘limlari joriy qilingan, chunki bu bank uchun qo‘shimcha rivojlanish imkoniyatlarini beradi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini islomiy moliyalashtirish orqali muvaffaqiyatli rivojlantirish mumkin, bu esa qo‘shimcha iqtisodiy foyda keltiradi.

Ko‘p yillar davomida tijorat banklarida islomiy moliyalashtirish va islomiy bank xizmatlarini joriy etish masalasi ko‘tarilib keladi. Mamlakat bank tizimida islomiy moliyalashtirish tizimining qulay ishlashi uchun qo‘shimcha qonunchilikni joriy etish zarur. Bu tartib mijozlar uchun bank xizmatlari ro‘yxatini diversifikatsiya qiladi. Mamlakatning ko‘plab aholisi islomiy moliyalashtirish xizmatlaridan foydalanishni xohlaydi.

Gap shundaki, mamlakat aholisining moliyaviy savodxonligi darajasi ancha past. Ehtimol, odamlar oddiy bank xizmatlari haqida nimadir bilishadi, lekin islomiy moliyalashtirish haqida deyarli ma'lumotga ega emas. Bu mavzu ayniqsa fintex rivojlanishi sharoitida dolzarbdir. Muayyan salohiyatni yaratish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish zarur. Aholining moliyaviy savodxonligi oshishi bilan islomiy bank tizimini joriy etish ancha osonlashadi”, – dedi Norqulov.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil oxiridagi nutqlaridan birida: “O‘zbekistonda islom moliyasi xizmatlarini joriy qilish vaqti keldi” deya ta'kidlagan edi.

2021 yil aprel oyida 2335 nafar biznes vakili va 5 ming nafar jismoniy shaxs ishtirok etgan so‘rov natijalari e'lon qilingan, unda respondentlarning 60 foizdan ortig‘i O‘zbekistonda islom moliyasi tizimi joriy etilishiga xayrixohlik bildirgandi.

Mavzuga oid
Top