17:15 / 15.09.2021
11212
«Amirsoy» kurort zonasida 700 tup daraxt kesib tashlandi

2021 yil 15 iyun kuni Bo‘stonliq tumanidagi "Amirsoy" qo‘shma korxonasiga tegishli kurort zonasi hududini va unga olib boruvni yo‘lni kengaytirish maqsadida 700 tup daraxt nobud qilingan.

Foto: Rasul Kusherbayev

Kun.uz’ga kelib tushgan hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, noqonuniy daraxt kesilishi holati bo‘yicha Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan barcha kerakli hujjatlar to‘planib, huquqiy baho berish va yetkazilgan zararni undirish choralarini ko‘rishni so‘rab 2021 yil 30 iyun kuni viloyat prokuroriga taqdim etilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, kesib tashlangan 125 tup daraxt uchun tabiatga 141 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan, shuningdek, hukumat qarori bilan belgilangan tartibda zarar 5 baravarga hisoblanib, jami 705 mln so‘m undirilishi belgilangan. Ildizi bilan qo‘porilib, bekitish maqsad qilingan 575 tup daraxt bo‘yicha yetkazilgan zarar 253 mln ekani aniqlangan va ushbu summa ham beshga ko‘paytirilib, jami 1 mlrd 265 mln so‘m undirilishi belgilangan. 700 tup daraxt uchun jami yetkazilgan zarar 394 mln so‘m bo‘lsa, qonunga muvofiq undirilishi lozim bo‘lgan summa jami zarar 1 mlrd 970 mln so‘m qilib belgilangan.

Tahririyat holat bo‘yicha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Ozod Rajabov bilan bog‘langanida, u haqiqatan ham shunday holat aniqlanganini, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, viloyat prokuraturasiga jo‘natilganini tasdiqladi. Materiallar prokuraturada bo‘lgani bois qo‘mita ishning keyingi tafsilotlari bo‘yicha ma'lumotga ega emasligini bildirdi.

Toshkent viloyat prokuraturasi axborot xizmati vakili Arslon Toshpo‘latov Kun.uz’ga holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini, tez orada batafsil ma'lumot berilishini bildirdi.

Avvalroq, Denov shahrida 109 tup noyob daraxt kesib tashlanganida huquqbuzar tomonidan yetkazilgan zarar (65 mln so‘m) ko‘p miqdorni tashkil etmaganligi, 329 mln so‘m hisoblangan zarar Hukumat qaroriga asosan beshga ko‘paytirib chiqarilgan summa ekani, jinoyat ishi qo‘zg‘atishda birlamchi summa (65 mln so‘m) inobatga olinishi bois, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad qilingani bildirilgandi.

Bundan tashqari, Ishtixon va Termizda ham xalqaro savdo markazi qurish uchun ajratilgan hududda ko‘plab daraxtlar kesilgandi.

Ma'lumot uchun, joriy yil 9 sentyabr kuni prezident O‘zLiDeP qurultoyida so‘zlagan nutqida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishini e'lon qilgandi.

Top