Quvasoy shahar prokuraturasining shundoqqina qarshisida yuzlab daraxtlar “ko‘chirib o‘tqazish” bahonasi bilan qo‘porib tashlandi. Bu shahar hokimi Zafar To‘raqulovning shaxsiy tashabbusi bo‘lgan: ekologiyadan rozilik olinmagan. “Qabristonlarga ko‘chirildi” deyilgan daraxtlarning keyingi taqdiri ham noma’lum.

Holatni o‘rganish uchun hududga borganimizda aynan daraxtlar ko‘chirilgan manzilda Quvasoy shahar hokimi Zafar To‘raqulov, viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Jumanov va bir qancha rasmiylarni uchratdik.

Bahrom Jumanov

Daraxt ko‘chirishga hech kimning haqqi yo‘q”

“Daraxtlar ko‘chirilishi bilan bog‘liq holat nazoratimizga olingan. Hozirda sanoqlash ishlarini amalga oshiryapmiz. Qonunda qanday javobgarlik belgilangan bo‘lsa, tegishli tartibga chora ko‘riladi.

Ko‘chirish bo‘yicha bizdan ruxsat olinmagan. Daraxtlarni ko‘chirish uchun ruxsat berishga hech kimning haqqi yo‘q. Daraxtni boshqa joyga ko‘chirishga ham hech kimning haqqi yo‘q”, deydi viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Jumanov.

Oybek Akbarov

Quvasoy shahar hokimi o‘rinbosari Oybek Akbarovga ko‘ra, daraxtlar shaharning to‘rt hududida joylashgan qabristonga ko‘chirib o‘tqazilgan, ular ko‘karib ketishi uchun barcha kerakli tadbirlar amalga oshirilayotgan ekan.

Daraxtlar qurimaydi”

“Ko‘rib turganingiz 3 gektardan iborat maydon Quvasoy shahar hokimligi balansida. Bu yerda asosan qarag‘ay daraxtlari bo‘lgan. Ularni maxsus texnikalarda ko‘chirib, kerakli joylarga o‘tqazdik.