15:23 / 09.11.2021
7781

Innovatsiya vazirligi: Toshkentdagi chang tarkibida inson uchun xavfli moddalar yo‘q

Chang hajmi 5 mikrongacha bo‘lib, bu kattalikdagi chang zarralari ancha zararsizdir, deya ma'lum qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi. Qayd etilishicha, chang tarkibida og‘ir metallar, tuzlar va inson salomatligi uchun xavfli pestitsidlar yo‘qligi aniqlangan.

Foto: Kun.uz

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti olimlari Toshkentdagi chang bo‘rondan keyin cho‘kkan chang tarkibini o‘rganib chiqdi.

Vazirlik axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, chang tahlili uchun namunalar Olmazor tumani “Beruniy” metro bekati va Mirzo Ulug‘bek tumanining Akademiklar shaharchasi hududlaridan olingan.

Chang tarkibi SmartSEM dasturiy ta'minot yordamida 100 mikrometrdan 1 mikrometrgacha bo‘lgan turli masshtablarda olindi. Namunalar SEM – EVO MA 10 (Zeiss, Germaniya), Panalytical Empyrean rentgen difraktometri, Agilent 7890B gaz xromatografi kabi qurilmalarda tahlil qilindi. Uskunalar ishi Data Collector dasturi yordamida nazorat qilingan.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, chang hajmi 5 mikrongacha bo‘lib, bu kattalikdagi chang zarralari ancha zararsizdir.

2021 yil 5 noyabrdagi chang namunalari 42 turdagi pestitsidlarga gaz xromatografiyasi yordamida tahlil qilinganda namunalarda pestitsidlar mavjud emasligi aniqlandi. Tahlil ma'lumotlari chang tarkibida tuz ham me'yorda ekanini ko‘rsatdi.

Chang namunalarida rN o‘lchovi chang eriganida ishqoriy xususiyatlarini ko‘rsatdi. Namunalar tahlili ular tabiatiga ko‘ra standart chang ekanligini ko‘rsatdi. Chang tarkibida og‘ir metallar, tuzlar, inson salomatligi uchun xavfli pestitsidlar mavjud emas”, – deyiladi rasmiy ma'lumotda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kechasida Toshkent havosida chang miqdori belgilangan miqdordagidan 30 barobargacha ortgani xabar qilingandi. Noqulay ob-havo ta'sirida birgina 4 noyabr kunining o‘zida poytaxtda 678 kishi nafas qisishi tufayli “Tez yordam” chaqirgan.

Bugun, 9 noyabr kuni “O‘zgidromet” 1-6 noyabr kunlari Toshkent shahridagi atmosfera havosining sifati to‘g‘risida axborot berdi.

13ta statsionar postda olib borilgan kuzatuvlarda aniqlanishicha, shahar bo‘yicha ushbu davrda sutkalik ruxsat etilgan me'yorlarning azot dioksidi 1,3 marta; chang bo‘yicha 11,4 marta bo‘yicha va fenol bo‘yicha 2,0 marta ortgani qayd etilgan. Boshqa ifloslantiruvchi moddalar sanitar me'yordan oshmagan.

Top