11:39 / 17.11.2021
49114

Sherzod Shermatov AKT vazirligiga qaytmoqda

Sherzod Shermatov nomzodi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga ma'qullandi.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17 noyabrdagi yalpi yig‘ilishida Xalq ta'limi va AKT vazirliklariga rahbar nomzodini ma'qullash masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev xabar qilmoqda.

«Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga shu kunga qadar Xalq ta'limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Shermatov Sherzod Xotamovich nomzodi ma'qullandi», deyiladi xabarda.

1977 yilda tug‘ilgan Sherzod Shermatov Toshkent davlat texnika universiteti bitiruvchisi sanaladi (1998). U shuningdek, AQShdagi Yyel universitetini tamomlagan (2000).

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Moliya vazirligi Valuta iqtisod bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. Keyingi yillarda Vazirlar Mahkamasi, BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston prezidenti apparatida turli lavozimlarda ishlagan.

U 2012-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, 2014 yildan 2016 yil noyabrigacha Toshkentdagi Inha universiteti rektori bo‘lgan, 2016 yil noyabridan 2017 yil fevraligacha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2017-2018 yillarda shu vazirlikka rahbarlik (v.b) qilgan.

Shermatov 2018 yilning iyunida Ulug‘bek Inoyatov o‘rniga Xalq ta'limi vaziri etib tayinlangandi

  • Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshida O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi bilan bog‘liq vaziyat ortidan AKT vaziri Shuhrat Sodiqov ishdan olingandi. U 2018 yil avgustidan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Top