22:42 / 08.02.2022
16282
O‘qituvchilarning obro‘sini ko‘tarishga qaratilgan qonun nega kechikayotgani ma’lum bo‘ldi

“Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2020 yil kuzida muhokamaga qo‘yilgan edi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning aytishicha, qonun hukumatga kiritilgan, lekin parlamentgacha hali yetib bormaganiga sabab – masalaning pul bilan bog‘liqligi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi 2020 yil noyabr oyida “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Loyihada o‘qituvchilarga qator yengilliklar berish, xususan ularga 5 yil ertaroq pensiyaga chiqish huquqini berish ko‘zda tutilgandi.

7 fevral kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletovning yillik hisobot tarzidagi matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri mazkur qonun loyihasining kelgusi taqdiri bilan qiziqdi. Vazirning aytishicha, loyiha Vazirlar Mahkamasida turibdi.

“2020 yilda “Pedagog xodimlarning maqomi” to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdik, Vazirlar Mahkamasida turibdi. Bu yerda qo‘shimcha kafolatlar masalasida yana muammo bo‘lyapti, pul bilan bog‘liq.

Bilasizlar, [pedagoglarning] oyligini oshirishga juda katta e’tibor bo‘lyapti. Shuning uchun bu sohaga har bitta qo‘shimcha e’tibor mablag‘ni taqozo qiladi. 500 mingta o‘qituvchi ishlaydi, u masala pul bilan bog‘liq bo‘lgani uchun hozir Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilyapti”, – dedi adliya rahbari.

Ma’lumot uchun, “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida” qonun qabul qilish 2022 yilgi davlat dasturiga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz Andijon viloyatining Marhamat tumanida o‘qituvchilar ota-onalar qarshisida uzr so‘rashga majburlangani haqida xabar bergandi.

Top