20:21 / 21.02.2022
32944
Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov davlat manfaatlariga 1,7 mlrd so‘m zarar keltirganlikda ayblanmoqda

Yer ajratish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar oqibatida Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov davlat manfaatlariga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirganlikda ayblanmoqda. Bir vaqtning o‘zida deputat hisoblangan hokimni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Xalq deputatlari viloyat kengashiga taqdimnoma kiritilgan.

Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoiy ish doirasida shahar hokimi va deputat Bahrom Haydarovni tergovga tortish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritildi.

Ma’lum qilinishicha, dastlabki tergov davomida shahar hokimi yer ajratishga doir bir nechta qonun va qonunosti hujjatlarini buzgan holda 2019-2020 yillarda davlat manfaatlariga 1 milliard 779 million so‘m zarar keltirgan. Taqdimnomada hokimning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishiga ayblanuvchi sifatida jalb etish va ehtiyot chorasini qo‘llash lozimligi aytiladi.

Bosh prokuraturaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Andijon shahar prokuraturasining ushbu xati asosida 3 fevral kuni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashiga taqdimnoma kiritilgan.

Viloyat kengashi «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq, deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masala prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari Kengashi tomonidan o‘n kun ichida hal etilishi kerak.

Shuningdek, Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori darhol tegishli prokurorga yuborilishi aytilgan.

Lekin oradan 18 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi prokuror taqdimnomasini ko‘rib chiqishga shoshilmayapti.

Bugunga qadar Andijon shahri hokimining noqonuniy yer ajratgani, fuqarolarni haqorat qilgani va boshqa masalalarda qonunga zid xatti-harakatlari jamoatchilik tomonidan keskin qoralanib kelmoqda.

Xususan, 2021 yil may oyida Bahromjon Haydarov naqd uchta me’yoriy hujjatga zid ravishda, ta’sis etilganiga endi 1 oy bo‘lgan firmaga shahar markazidan 14 sotix yer uchastkasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berib yuborgan. Uning harakatlari yer auksion orqali sotilmagani uchun prezident qaroriga, sotilgan yer maydonida qurilish qilish Shaharsozlik kodeksi va Andijon shahar bosh rejasiga zid bo‘lgan.

2021 yil mart oyida Andijon shahar hokimi qarori bilan ajratilgan katta yer maydoni bo‘lib-bo‘lib sotilgani haqida blogerlar tomonidan turkum maqolalar e’lon qilingan.

Shuningdek, 2021 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan 19-sessiyada shahar hokimi Bahromjon Haydarovning shaharning Yangi bozor hududida «ELEVADA UT GROUP» MChJ tomonidan 5 qavatli bino qurish, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risi»dagi qarori deputatlarning faolligi natijasida bekor qilingandi.

Bundan tashqari, Bahromjon Haydarov o‘tgan yili noyabr oyida fuqaroni haqorat qilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yildan buyon Andijon shahriga hokimlik qilib kelgan Dilmurod Rahmatullayev 2019 yil avgust oyi oxirida lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Bahromjon Haydarov vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlangandi.

2019 yil 8 oktyabrdan Bahromjon Haydarov Andijon shahar hokimi lavozimiga rasman kirishgan.

Bahromjon Haydarov 1972 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tug‘ilgan, 1995 yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini (sirtqi), 1998 yil O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini (kunduzgi) tamomlagan.

1994 yilda Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasida ish boshlagan Bahromjon Haydarov 2017-2019 yillarda boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 

Top