Inglizça lend va lease sözlaridan olingan atama qarzga va ijaraga beriş, degan ma’noni anglatadi. Bu qonun odatda qurol sotişda uçraydigan byurokratik tösiqlarni çeklab ötiş imkonini beradi. Ilk lend-liz haqidagi qonun Ikkinçi jahon uruşi boşlangaç qabul qilingan. Unga köra AQŞ tomonidan nemislarga qarşi uruşayotgan davlatlarga keng miqyosda yordam körsatilgan.

Foto: publico.pt

1941 yil 11 mart kuni AQŞ prezidenti Franklin Ruzvelt Hitler Germaniyasiga qarşi kuraşayotgan davlatlarga harbiy yordam körsatiş dasturi – lend-liz haqidagi aktni imzolaydi. 1941 yil 22 iyunda Germaniya SSSRga hujum qilgaç, AQŞdan yordam oluvçi davlatlar qatoriga sovet ittifoqi ham qöşiladi. Oradan 81 yil ötib AQŞ prezidenti Jo Bayden ikkinçi marta bunday qonunni imzoladi. Bu safar Rossiya bosqinidan özini himoya qilayotgan Ukrainaga lend-liz asosida harbiy yordam körsatiladi.

Foto: AP

Lend-liz tarixi

1939 yil 1 sentabr kuni Germaniya Polşaga hujum qiladi. Bunga javoban Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyaga uruş e’lon qiladi. Şu tariqa insoniyat boşiga juda katta kulfatlar solgan Ikkinçi jahon uruşi boşlanadi.

1940 yilda Germaniya armiyasi Yevropaning katta qismini egallaydi va Londonni ham bombardimon qila boşlaydi. Bu paytda Buyuk Britaniyaning asosiy ittifoqçisi bölgan Fransiyani nemislar bosib olgan, Germaniyaga qarşi turişi mumkin bölgan davlatlardan biri SSSR Hitler bilan «döstlik va özaro hujum qilmaslik haqida» şartnoma imzolaşga ulgurgandi. Ana şunday oğir paytda Buyuk Britaniya AQŞdan yordam söraşga majbur böladi.

1941 yil 12 avgust kuni Britaniya boş vaziri Uinston Çyorçil va AQŞ prezidenti Franklin Ruzvelt özaro uçraşib, AQŞning lend-liz asosida Buyuk Britaniyaga körsatadigan yordami masalasida kelişib olişadi.

Foto: stock.adobe.com

Ungaça 1941 yil 11 mart kuni AQŞ prezidenti Franklin Ruzvelt Hitler Germaniyasiga qarşi kuraşayotgan davlatlarga harbiy yordam körsatiş dasturi — lend-liz haqidagi aktni imzolaydi. Şundan söng Germaniyaga qarşi uruşayotgan davlatlarda AQŞdan imtiyozli şartlar asosida harbiy yordam oliş imkoniyati paydo böladi.