O‘zbekiston | 12:04 / 18.05.2022
27447
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati raislari uchrashuv o‘tkazdi

Kecha, 17 may kuni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik milliy qo‘mitasi raisi, general-leytenant Qamchibek Tashiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Qirg‘iziston DXMQ

Qirg‘iziston DXMQning xabar berishicha, uchrashuv davomida maxsus xizmatlar rahbarlari Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati va O‘zbekistonning Namangan viloyatlari chegarasidagi tavsiflanmagan hududlarni vertolyotda ko‘zdan kechirgan.

«Shuningdek, uchrashuv davomida Qamchibek Tashiyev va Abdusalom Azizov turli masalalarda fikr almashdi va tegishli qaror qabul qilindi. Uchrashuv yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik ruhida o‘tdi”, – deyiladi Qirg‘iziston tomoni bayonotida.

Foto: Qirg‘iziston DXMQ
Foto: Qirg‘iziston DXMQ

Xabarda uchrashuv qaysi davlat hududida bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan. Lekin Qirg‘iziston DXMQ tarqatgan rasmlarda Abdusalom Azizov vertolyotga chiqayotgan qirg‘izistonlik hamkasbini kuzatib qolganini ko‘rish mumkin. Uchrashuvda, shuningdek Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ham qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 6 may kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati Jalolobod viloyati, Ola-Buqa tumani chegara hududida o‘zbekistonlik chegarachilar 3 nafar qirg‘izistonlikka o‘z uzgani va ular vafot etganini ma’lum qilgandi.

Foto: Qirg‘iziston DXMQ

Dastlab holat yuzasidan ikki mamlakat chegara xizmati vakillari uchrashuv o‘tkazgan.

Keyinroq O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari vaziyat xususida rasmiy bayonot bilan chiqib, qonunbuzarlikning oldini olish maqsadida Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o‘tayotgan shaxslarga belgilangan tartibda qurol qo‘llashga majbur bo‘linganini ta’kidlagan.

Foto: Qirg‘iziston DXMQ
Foto: Qirg‘iziston DXMQ

Holat yuzasidan O‘zbekistonning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan 2022 yilning 6 may kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 223-moddasi («Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangani ma’lum qilingan. 

Mavzuga oid