22:12 / 10.08.2022
21683

Milliy messenjer kerakmi? Aytichilar e’tirozi va vazirning javobi

O‘zbekiston hukumati milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Bunday urinishlar ilgari ham ko‘p marta kuzatilgan, biroq ularning hech biri muvaffaqiyatli yakun topmagan. Kun.uz tanlovni o‘tkazayotgan innovatsion rivojlanish vaziri va AKT mutaxassislarining mavzuga doir fikrlari bilan qiziqdi.

Foto: Kun.uz

O‘zi nima gap?

2022 yilgi davlat dasturiga asosan, O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yaratilishi belgilangan. Buning uchun yil oxirigacha muddat ko‘rsatilgan.

Dasturda yozilishicha, bundan ko‘zlangan maqsad – fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash. Kun.uz xabar berganidek, yaratilgan dastur, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar auditoriyasining qamrovi ortishiga qarab ularga soliq imtiyozlarini berish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.

Iyul oyi oxiriga kelib, Innovatsion rivojlanish vazirligi bu borada tanlov e’lon qildi. Arizalar 1 oktyabrgacha qabul qilinadi. Startap mualliflari o‘zlarining innovatsiyalari va texnologiyalariga asoslangan bo‘lishi kerak.

Tanlov g‘olibiga qancha pul ajratilgani hozircha ma’lum emas. Rasmiy xabarda tanlov 2020 yil 9 martdagi 133-sonli hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Startap loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq tashkil etilishi hamda vazirlik tomonidan uzog‘i bilan 1 yil davomida moliyalashtirilishi ta’kidlangan.

Nizomda startap loyihalarni moliyalashtirish buyurtmachi, talabgor hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan.

“Davlat tashabbuskor bo‘lmasin!”

Davlat organi tomonidan milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinishi o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari, soha mutaxassislarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Tanqidchilarga ko‘ra, milliy tarmoqlar mashhur global tarmoqlar soyasida ommalashmaydi, bu esa budjet pulini behuda sarflashdan boshqa narsa emas, bungacha bo‘lgan urinishlar hech qanday natija bermagani ham buni tasdiqlaydi.

Qolaversa, bu tashabbus xususiy sektordan chiqishi va davlat bu ishning boshida turmasligi kerak. Ekspertlarning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatli startaplarga pul tikadigan investorlar hamisha topiladi.

Kun.uz bir qator soha mutaxassislarining mavzuga doir fikrlari bilan qiziqdi.

“Milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlarning bo‘lgani yaxshi, lekin ular davlat aralashuvisiz tabiiy vujudga kelishi kerak”

Anvar Narzullayev, Universiti Sains Islam Malaysia oliygohining Axborot xavfsizligi kafedrasi yetakchi mutaxassisi, fan doktori:

— Umuman olganda, o‘zimizning mahalliy, ya’ni milliy ijtimoiy tarmog‘imiz bo‘lishi bu ijobiy holat deb bilaman. Odatda chet davlatlarning ijtimoiy tarmoqlari ana shu davlatning qonun-qoidalariga yoki qadriyatlariga amal qilib faoliyat yuritadi. Ba’zida bu narsalar akkauntlarning bloklanishiga olib kelishi mumkin, ya’ni G‘arbning yoki Amerikaning kun tartibiga tushmaydigan postlar yoki izohlar uchun ba’zi akkauntlar bloklab qo‘yiladi. Bu kabi nyuanslarni ko‘plab keltirish mumkin.

Bu narsalarning oldini olish uchun ham, umuman olganda IT’ni rivojlantirish uchun ham o‘zimizning mahalliy mahsulot bo‘lgani yaxshi. Lekin bu narsa davlat buyurtmasi asosida, tender asosida qilinishini juda katta xato deb bilaman. Bunday mahsulotlar, ya’ni mahalliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar tabiiy vujudga kelishi kerak. Tabiiy deganim, birinchidan, ularni xususiy kompaniyalar yaratishi maqsadga muvofiq. Ikkinchidan, bunday mahsulot bozordagi boshqa ijtimoiy tarmoqlar, masalan, u Facebook bo‘ladimi yoki Instagram, Telegram bilan raqobatlasha olishi kerak.

Raqobatlashish uchun esa o‘zimizdagi qandaydir afzalliklarni ko‘rsatib berishimiz zarur bo‘ladi. Ya’ni nima uchun aynan o‘zbek milliy mahsulotidan foydalanishimiz kerak? U ayni paytda mavjud ijtimoiy tarmoq va messenjerlardan qandaydir afzalliklarga ega bo‘lishi shart. Mana shu raqobatdan o‘ta olsagina u muvaffaqiyatli startap bo‘ladi. Bu birdan bo‘lmaydi, yillar ketadi bunga. Yillar davomida rivojlanib, takomillashib yaxshi milliy mahsulotga aylanishi mumkin.

Boshqa davlatlarni misol qiladigan bo‘lsak, masalan, Janubiy Koreyada Facebook, Instagram kabilardan foydalanishmaydi, o‘zlarining mahalliy dasturlarini ishlatishadi. Hattoki Google’ning o‘rniga milliy qidiruv tizimini yaratishgan. Bu platformalar o‘n yillar davomida rivojlanib kelgan. Bizda ham jarayon xuddi shunday tabiiy kechishi kerak, ya’ni davlat tomonidan joriy etilishi kerak emas.

Bu narsa bilan davlat shug‘ullanadigan bo‘lsa, bu yerda ikkita muammo bor. Birinchisi, bu – dasturiy mahsulot ishlab chiqarish. Bu yerda to‘g‘ridan to‘g‘ri muammo bo‘lmasligi mumkin, lekin mahsulotni tatbiq qilish, ommaga yoyish, marketing, reklama qilish kabilarda davlatning aralashuvi samarasiz, ya’ni bu ishlarni amalga oshirishda qiynaladi. Natijada har doimgidek monopoliya yoki majburlash kabi usullarga o‘tishi mumkin. Ya’ni chet el ijtimoiy tarmoqlarini bloklab, foydalanuvchilarni mahalliy mahsulotlardan foydalanishga majburlashi ehtimoli bor va bu narsa o‘z-o‘zidan salbiy oqibatlarga olib keladi.

Mahalliy mahsulotning davlat tomonidan ishlab chiqarilishi yoki moliyalanishi odamlar ishonchsizligiga ham olib keladi. Chunki milliy ijtimoiy tarmoq davlat homiyligida ishlab chiqarilgandan keyin har bir post, har bir izoh nazorat ostida bo‘ladi. Bunday vaziyatda foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi qanday ta’minlanadi? Bunga hali odamlarimizning ishonchi yuqori emas.

Yana bitta muammo davlat bu narsani keyinchalik texnik tomondan qanday qilib ta’minlab boradi? Chunki ijtimoiy tarmoqlarni serverlar va elektr energiyasi bilan doimiy ravishda ta’minlab borish kerak. Bu esa juda katta resurs talab qiladi. Ya’ni yiliga millionlab dollarlar ajratilishi talab etiladi, buning ustida minglab mutaxassislar ishlashi kerak. Bu ishlarni kim bo‘yniga oladi? Xususiy sektormi yoki davlat?

Xulosa shuki, bunday loyihalar odatda Rossiya misolida gapiradigan bo‘lsak ham, katta-katta xususiy kompaniyalar tomonidan qilinadi. Albatta, vaqt o‘tishi bilan bular ham davlat nazoratiga o‘tadi, ya’ni O‘zbekistondagi qonun hujjatlari asosida ishlay boshlaydi. Lekin shunga qaramay bu ish bilan xususiy sektor shug‘ullanishi kerak deb o‘ylayman.

“Vazirlik fundamental izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak”

Bahodir Ahmedov, Akfa universiteti dekani:

— Milliy messenjer yaratilishi uchun tender e’lon qilinganidan xabarim bor. Bu masalada mening fikrim salbiy. Mamlakatimizda Telegram messenjeri juda ham mashhur. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda Telegram’ning 18 milliondan ortiq aktiv foydalanuvchilari bor.

Telegram’ning eng katta afzalliklaridan biri bu trafikning kam ishlatilishi va xabarlarning xavfsiz saqlanishi. Bu narsalarga erishish uchun, rasm va videolar juda ilg‘or algoritmlar orqali ixchamlashtiriladi. Yoki bo‘lmasam, har qanday xabar juda murakkab texnologiyalar yordamida shifrlanadi. Men o‘zim aynan mana shu sohalarda dars o‘taman va ilmiy faoliyatimni olib boraman.

O‘ylashimcha, Innovatsion rivojlanish vazirligi fundamental izlanishlarni, ya’ni aynan shunaqa algoritmlar, texnologiyalar yaratilishini qo‘llab-quvvatlasa, sohaga ko‘proq hissa qo‘shgan bo‘lardi. Chunki xususiy sektorning fundamental izlanishlarga, uzor muddatli investitsiyalar kiritishga imkoniyati yo‘q. Lekin keyinchalik, ushbu yaratilgan texnologiyalarni ishlatgan holda, messenjerlar va boshqa servislarni samarali ravishda yarata olishadi.

“Raqobatbardosh messenjer yaratish hozirgi O‘zbekiston sharoitida amalga oshishiga ko‘zim yetmaydi”

Farhod Fayzullayev, Muloqot.uz ijtimoiy tarmog‘i va “Daryo” internet-nashri asoschisi, IT sohasi mutaxassisi:

— Nazariy jihatdan milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq ishlab chiqarish mumkin va u ommabop bo‘lishi ham mumkin. Biroq faqat nazariy jihatdan olib qaraganda. Milliy platformalar ommalashishi, odamlar tomonidan keng foydalanishi uchun ularning o‘ziga xos jihatlari bo‘lishi talab etiladi.

Masalan, Telegram’ni oladigan bo‘lsak, uning mas’ullari doimo o‘zlarining eng xavfsiz platforma ekanliklarini, hech kim foydalanuvchilarning yozishmalarini ko‘ra olmasligini, xavfsizlik xizmatlariga foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari taqdim etilmasligini ta’kidlab kelishadi. Bundan tashqari, Telegram biz tez ishlaymiz, messenjerimiz internet sifati yuqori bo‘lmagan joylarda ham ishlaydi, ko‘p traffik talab qilmaydi deya reklama qilishadi va bu bor gap.

Demoqchi bo‘lganim, milliy messenjer yoki ijtimoiy tarmoq ishlab chiqilganda, hech kimda, boshqa hech bir platformada yo‘q imkoniyatlar, o‘ziga xoslik bo‘lishi kerak. Oldin TasIX degan narsalar bo‘lardi, hozirga kelib uning umuman ahamiyati qolmagan. Endi odamlarni jalb qila olish uchun qandaydir “fishka” o‘ylab topish kerak.

Amaliy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, unaqa platformalarni o‘ylab topish va ishlab chiqish mumkin, biroq unga millionlab dollar pul sarflashga to‘g‘ri keladi. Undan ham muhimi, shu ishni amalga oshira oladigan kadrlar kerak bo‘ladi. Faqatgina dasturchilarni aytmayapman, birinchi o‘rinda dasturchilar kerak, to‘g‘ri, lekin ularga dizaynerlar, marketologlar yordam berishi talab etiladi.

Bundan tashqari, milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq risoladagidek ishlashi uchun infratuzilma, serverlar, internet va hokazolar zarur. Agar do‘ppini olib qo‘yib o‘ylanadigan bo‘lsa, buning uchun juda ko‘p narsa kerakligi ma’lum bo‘ladi.

Bunday ko‘lamdagi ishni hozirgi O‘zbekiston sharoitida amalga oshirishga mening ko‘zim yetmaydi. Chunki resurs yo‘q. Resurs bo‘lganda balki qilsa bo‘lardi. Masalan, Rossiyani olib ko‘rsak ham, IT bo‘yicha juda yaxshi yutuqlarga erishgan, lekin 90-yillardan boshlab, ya’ni raqobat kamroq paytda bozorga kirib kelishgan. Lekin hozir hamma yoq to‘lib ketgan, aqlga sig‘ar-sig‘mas segmentlar egallab bo‘lingan paytda milliy mahsulot yaratish uchun juda katta pul va resurs kerak bozorga kirish uchun. O‘zbekiston sharoitida buni amalga oshirib bo‘lmaydi va bekordan bekor pullar havoga sovuriladi.

“Innovatsion degan sousga qorishtirilgan” turli elektron kitoblar, lug‘atlar, mobil dasturlar, internet saytlar, ma’lumotlar bazasi, axborot tizimlari...

Shavkat Hamidjonov, dasturchi, IT mutaxassisi:

— Milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq ishlab chiqish – mablag‘ni havoga sovurish yoki shunchaki pul yuvish deb bilaman. Bungacha ham bunday urinishlar bo‘lgan: Sinfdosh.uz, Davra.uz nomli milliy ijtimoiy tarmoqlar, Anor, UzChat nomli messenjerlar bor edi. Qani hozir ular? Ishlayaptimi? Yo‘q!

Messenjer – bu juda resurstalab loyiha. Juda kuchli va katta serverlar kerak bo‘ladi, uning ustida kuchli dasturchilar ishlashi talab etiladi. Telegram’ni odamlar nima uchun yoqtirishadi? Avvalo, tezligi uchun. Mamlakatimizdagi internet tezligi va sifatiga havas qilib bo‘lmaydi. Lekin Telegram internet eng sekin ishlaydigan hududlarda ham yaxshi ishlab turibdi. Yaratiladigan milliy messenjer unga raqobatchi bo‘lishi kerak, bunga uncha-muncha dasturchining ham ko‘zi yetmasa kerak.

Hozir davlat organlarida ishlovchilarning o‘zlari ham Telegram’da muloqot qilishsa va xat-hujjat almashishsa kerak. Axborot xavfsizligi jihatdan buning salbiy oqibatlari bo‘lishi mumkinligini inkor etib bo‘lmaydi. Shu bois davlat xizmatchilari axborot va ma’lumot almashishida foydalanadigan tizimlarni takomillashtirish kifoya.

Bu loyiha xususiy biznesdan chiqsagina rivojlanishi mumkin. Startap sifatida boshlanishi va ma’lum rivojlanish istiqbollari bo‘lsa, loyiha va uning asosidagi jamoa ishonchga kirganda xususiy investorlar tomonidan jon-jon deb moliyalashtiriladi. Bunga davlat yoki xalq pulidan shakllantiriladigan fondlardan pul sarflash shart emas.

Agar bizda ham milliy ijtimoiy tarmoq ishlab chiqilsa va rivojlantirilsa bundan faqatgina xursand bo‘lish mumkin, lekin bu xalq puliga emas, xususiy tashabbus bo‘lishi kerak. Umuman olganda, ijtimoiy foydasi bo‘lmagan turli “innovatsion” loyihalar haqida ham fikrim – shu. Innovatsion degan sousga qorishtirilgan turli elektron kitoblar, lug‘atlar, mobil dasturlar, internet saytlar, ma’lumotlar bazasi, axborot tizimlari... Davlat cho‘ntagidan pul oladigan bu kabi loyihalar marhamat xususiy investorlar va venchurlardan pul olishsin agarda haqiqatdan foydali bo‘lishsa.

Vazir: “Bu – uzoqni ko‘zlab qilinayotgan ish”

Milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilingani jamoatchilik tomonidan salbiy kutib olingach, Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda milliy messenjer yaratish O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarda innovatsion rivojlanish strategiyasida ham borligi va bu vazifa iqtisodiyot tarmoqlarining real talabidan kelib chiqib shakllantirilgani ta’kidlanadi.

“Xalqaro tajriba, bozor talabi va mavjud messenjerlarning afzalligi va kamchiliklaridan kelib chiqib, eng kuchli loyihalar moliyalashtiriladi. O‘z navbatida, bunday messenjerni yaratish va undan keng foydalanishiga erishish uchun katta targ‘ibot ishlari olib borilishi kerakligini ham tushunamiz. Yaratilishi lozim bo‘lgan milliy messenjer hozirda aholimiz foydalanayotgan messenjerlardan afzal bo‘lsagina, u ommalashishi mumkin.

Shu o‘rinda Xitoyda foydalaniladigan WeChat nafaqat aloqa va fayllar bilan almashinuv vositasi, balki to‘laqonli ishlaydigan to‘lov tizimi, shaxsiy guvohnoma hamdir. U Facebook, WhatsApp, Skype kabi ijtimoiy tarmoqlarning o‘rnini bosuvchi imkoniyatlarga ega, u orqali hatto taksi chaqirish ham mumkin. Milliy messenjerimiz ham mavjud messenjerlardan afzalliklarga ega bo‘lsa, undan barcha foydalanishi shubhasiz”, deyiladi bayonotda.

Kun.uz mavzuga doir savollar bilan innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovga murojaat qildi. Uning aytishicha, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjer yaratishga harakat qilinayotgani milliy xavfsizlik, axborot xavfsizligi masalasi bilan bog‘liq.

“Facebook, Twitter singari xalqaro darajada shuhratga erishgan ijtimoiy tarmoqlar bo‘lgani bilan O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjer yaratishga harakat qilinayotgani milliy xavfsizlik, axborot xavfsizligi masalasi bilan bog‘liq. Ayni paytda o‘zbekistonliklar faol foydalanayotgan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar chet el kompaniyalariga tegishli.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga oid har qanday ma’lumotlar sotiladi, ya’ni Facebook ham, Twitter ham foydalanuvchilarning qanday ma’lumotlarni qidirayotgani, qanday videolarni tomosha qilayotgani, nimalarga qiziqish bildirayotgani haqidagi axborotlarni turli kompaniyalarga pullashadi. Bu bugungi kunda hech kimga sir emas. Bugun qaysidir platformada berilayotgan bitta reklamani ko‘rsak, keyinchalik lentamizda xuddi shunday mazmundagi o‘nlab reklamalar paydo bo‘lishi bizning ma’lumotlarimiz, biz haqimizdagi axborotlar tinimsiz ravishda qayta ishlanayotganini anglatadi.

Qolaversa, bu yerda shaxsga doir ma’lumotlarning daxlsizligi masalasi ham bor. O‘zimiz ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanamiz. Bizning suratlarimiz, shaxsiy ma’lumotlarimiz chet eldagi serverlarda saqlanadi. Tasavvur qilaylik, ertaga mabodo Facebook yoki Twitter birdaniga yo‘qolib qolsa, odamlarning bir necha yillik ma’lumotlari ham yo‘q bo‘lib ketishi ehtimoli bor. Shuning uchun ham har bir mamlakatda ushbu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ma’lumotlari saqlanadigan serverlar bo‘lishi kerak.

Hozirgi geosiyosiy vaziyatda ijtimoiy tarmoqlar jamoatchilik fikrini shakllantirish platformasiga aylanib qolayotgani, ayrim hollarda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni noto‘g‘ri talqin qilish, feyk xabarlarni tarqatish holatlari kuzatilayotganini ko‘rib turibmiz. Shu bois bunday vaziyatda to‘g‘ri va xolis axborot bilan tanishish imkonini beradigan o‘zimizning muqobil platformalarimiz bo‘lishi kerak.

Bizga tadbirkorlardan, ilmiy hamjamiyatdan milliy ijtimoiy tarmoq va axborot almashishni ta’minlovchi messenjerlarni yaratish bo‘yicha taklif kelib tushgan. Chetdan qaraganda bunga hozir ehtiyoj yo‘qday ko‘rinishi mumkin, lekin tashabbuskorlar va mutaxassislar buning zaruratini asoslab berishgan. Ushbu takliflardan kelib chiqib, axborot xavfsizligini ta’minlash nuqtayi nazaridan mana shu tanlovni e’lon qildik.

Bu tanlov birinchi marta qilingani yo‘q, milliy messenjerga tanlovni bir necha yil bo‘lgan, oldin boshlaganmiz. O‘z g‘oyasini yangi algoritmlar, yangi platforma, yangi interfeyslar bilan asoslab bergan loyiha mualliflari tanlovda g‘olib chiqishlari ehtimoli yuqori.

O‘ylaymanki, agar interfeysi zamonaviy va qulay bo‘lsa, hozir mavjud ijtimoiy tarmoqlarda yo‘q afzalliklarga ega bo‘lsa, o‘zbekistonliklarning milliy platformalarga o‘rganib ketishi, ko‘nikishi va foydalanishida muammo bo‘lmaydi. Qolaversa, yuqorida aytganimday, mashhur ijtimoiy tarmoq va messenjerlar kutilmaganda ishlamay qolsa, sizda ham, menda ham milliy mahsulotni ishlatishdan boshqa chora qolmaydi. Albatta, milliy mahsulotimizni ommalashtirish oson bo‘lmaydi, uning marketingi ustida puxta ishlash kerak bo‘ladi. Ammo Facebook ham, Twitter ham birdaniga paydo bo‘lib, mashhurlikka erishmagan. Ularni ommalashtirish uchun ham maxsus strategiyalardan foydalanilgan”, deydi Ibrohim Abdurahmonov.

Vazirning ishontirishicha, yangi ijtimoiy tarmoq va messenjer yaratilib, amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq qilingan taqdirda O‘zbekiston hududida Facebook, Instagram, WhatsApp, Twitter, Snapchat, Telegram kabilar bloklanmaydi.

“Xorijda yaratilgan, hozir ommabop bo‘lgan platformalar egalari hech qachon o‘z serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirishga rozi bo‘lishmaydi, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishmaydi, buni ulardan so‘rashning keragi ham yo‘q. Chunki bu pul turadi. Bekorga ular foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishmayapti. Bu judayam katta bozor. Axborot bozori. Biz millat sifatida o‘zimizning axborotimizni kimlardir foydalanib sotishiga qarab o‘tiribmiz. Shundan kelib chiqib, axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik, axborot almashinuvi masalalari va bugungi kunda faollashgan axborot savdosi muqobil platformalarni yaratishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda.

Qolaversa, bizda ham raqamlashtirilgan jamiyat shakllanib boryapti. Elektron tijorat, elektron xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni ko‘payib bormoqda. Shulardan kelib chiqib, bu borada milliy mahsulot ishlab chiqish harakati boshlandi. Har kim buni turlicha tushunishi mumkin, lekin bu – uzoqni ko‘zlab qilinayotgan ish.

Yangi ijtimoiy tarmoq va messenjer yaratilib, amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq qilingan taqdirda bu O‘zbekiston hududida Facebook, Instagram, WhatsApp, Twitter, Snapchat, Telegram kabilar bloklanadi degani emas. Bu faqatgina ular bilan bemalol raqobatga kirisha oladigan, o‘zida saqlanayotgan axborotlarni himoya qila oladigan platforma paydo bo‘lishini anglatadi, xolos. Hozir o‘zbekistonda Telegram bilan kim raqobatlasha oladi? Hech kim! Shu bois bu jarayonlarni tartibga solishga ehtiyoj bor. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshqalardan qanchalar orqada qolgan bo‘lmaylik, axborot makonida o‘z milliy mahsulotimiz bo‘lishi kerak va shu niyatda bu tanlov e’lon qilingan”, deydi u.

Ibrohim Abdurahmonovga ko‘ra, milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq yaratish uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori chegaralanmagan. Tanlovda asosan tadbirkorlar, IT korxonalar, xususiy sektor vakillari, ya’ni davlatga tegishli bo‘lmagan sub’yektlar qatnashishlari mumkin. Vazir milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerni ishlab chiqishga ketadigan pulning bir qismini davlat grant sifatida ajratishi, qolganini loyiha mualliflari o‘zlari topishlari kerakligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, shundan so‘ng davlat o‘yindan chiqadi, ya’ni yaratiladigan mahsulot davlat mulki hisoblanmaydi, aksincha loyiha mualliflari kelajakda o‘zlarini o‘zlari rivojlantirishlari kerak bo‘ladi.

Shu paytgacha 32 ta urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragan

O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjer yaratish haqidagi gap-so‘zlar endi paydo bo‘lgani yo‘q. Daryo.uz nashri hozirgacha 32 ta ana shunday urinish bo‘lgani, 2022 yilga kelib ularning barchasi yopilib ketgani haqida yozdi.

Ta’kidlanishicha, loyihalarning aksariyati muvaffaqiyatli xorijiy kompaniyalarning nusxalari bo‘lgan. Xususan, UzFace, YouFace – Facebook’ning, Drug.uz – VKontakte'ning, Bamboo.uz – Twitter'ning, Sinfdosh.uz – Odnoklassniki'ning nusxasi bo‘lgan.

Shuningdek, UzChat messenjeri, Doira.uz, Davra.uz, Muloqot.uz, Mening olamim (Olam.uz sayti tarkibida, Rossiyadagi “Moy Mir”ning nusxasi) kabi platformalar yaratilgan. Ular orasida eng uzoq ishlagani Muloqot.uz bo‘lib, 7 yil mavjud bo‘lgan ushbu loyiha 2018 yilda yopilgan edi.

2017 yilda Telegram va WhatsApp kabi messenjerlarning milliy muqobili – Uzphone'ni ishlab chiqish boshlangandi. Yuqoridagi loyihalarning deyarli barchasi davlat tomonidan moliyalashtirilgandi.

Jamshid Niyozov tayyorladi.

Top