Jahon | 09:20 / 14.09.2022
6739
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiya xorijiy siyosatchilarga pora berish uchun 300 mln dollar sarflagan

CNN, AP va WP’ning AQSh prezidenti ma’muriyatidagi suhbatdoshlariga ko‘ra, Rossiya butun dunyo bo‘ylab saylovlarga ta’sir o‘tkazish maqsadida o‘nlab mamlakatlardagi turli siyosiy kuchlarga kamida 300 million dollar sarflagan.

Foto: AFP

2014 yildan beri Rossiya xorijdagi siyosiy voqealarga ta’sir o‘tkazish maqsadida yigirmadan ortiq mamlakatlardagi xorijiy siyosiy partiyalar va nomzodlarga kamida 300 million dollar o‘tkazdi. Bu haqda 13 sentabr, seshanba kuni The Washington Post (WP) gazetasi, AP agentligi va CNN telekanali AQSh prezidenti ma’muriyati vakillari va Qo‘shma Shtatlar razvedka ma’lumotlariga tayangan holda xabar berdi.

Kremlning bunday faolligi ko‘rsatilgan davlatlar orasida CNN va AP manbalari Albaniya, Bosniya va Chernogoriyani keltirgan. WP suhbatdoshi ushbu ro‘yxatga Madagaskarni qo‘shgan hamda Ekvadordagi shunga o‘xshash faoliyatni istisno qilmagan, shuningdek, Osiyo davlatlaridan biri haqida gapirgan, biroq uning nomini aytmagan. Bu yerda, razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya elchisi prezidentlikka nomzodga millionlab dollarni naqd pul ko‘rinishida topshirgan. 

Kremlga aloqador kuchlar siyosiy voqealarga ta’sir o‘tkazish uchun ba’zan o‘ta o‘ng guruhlar manfaati uchun soxta kompaniyalar, tahlil markazlari va boshqa vositalardan foydalangan, deydi razvedka xizmatlari vakillari. Pullar naqd va kriptovaluta ko‘rinishida o‘tkazilgan, ba’zan buning uchun Rossiya elchixonalari hisoblaridan foydalanilgan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bunday yashirin moliyalashtirishning ortishi 2014 yilda sodir bo‘lgan. 

Siyosiy moliyalashtirish ba’zan Rossiya hukumati amaldorlari va qonun chiqaruvchilari yoki FXX orqali nazorat qilingan, deb yozadi WP. Moliyaviy sxemalarda tadbirkor va «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin hamda Aleksandr Babakov ham ishtirok etgan. Bu 2022 yilda AQShda Amerika siyosatiga ta’sir qilish uchun fitna uyushtirganlikda ayblangan Rossiya Davlat dumasi raisi o‘rinbosarining ismi. 

AQSh Davlat departamenti AQShning 100 dan ortiq mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarini razvedka ma’lumotlari to‘g‘risida xabardor qildi, deya qayd etadi WP. Taqdim etilgan hisobotlarda Rossiya faoliyatiga oid ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ularda AQSh va uning ittifoqchilari Kremlga qarshi turish uchun qanday choralar ko‘rishi mumkinligi aytilgan.

«Yaqin oylarda Rossiya xalqaro sanksiyalar samaradorligiga putur yetkazish va Ukrainada davom etayotgan urush fonida ushbu mintaqalar mamlakatlarida o‘z ta’sirini saqlab qolish maqsadida Markaziy va Janubiy Amerika, Afrika, Yaqin Sharq va Osiyodagi yashirin ta’sir vositalariga, jumladan, yashirin siyosiy moliyalashtirishga tobora ko‘proq tayanishi mumkin», - deya ogohlantirdi Davlat departamenti. 

«Rossiyaning siyosatchilarni yashirin moliyalashtirishi va uning demokratik jarayonlarga putur yetkazishga urinishlariga oydinlik kiritib, ushbu xorijiy partiyalar va nomzodlarning e’tiborini agar ular Rossiya pullarini yashirincha qabul qilsa, biz ularni fosh qilishimiz mumkinligiga qaratamiz», - degan AQSh razvedkasi rasmiysi. 

Razvedka tekshiruvi Rossiyaning AQShga ta’sir o‘tkazishga urinishlariga tegishli bo‘lmagan, biroq yuqori martabali amaldor WP nashriga bu masala «jiddiy muammo bo‘lib qolayotgani» va Qo‘shma Shtatlar siyosiy tizimini himoya qilish uchun keyingi ishlarni talab qilishini aytdi. «Shubhasiz, bizda ham shunday zaiflik bor», — dedi gazeta suhbatdoshi.

Mavzuga oid