16:58 / 19.09.2022
14804
O‘zbekiston banklari uchun ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolish xavfi ortmoqda

G‘arb davlatlari tomonidan joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Rossiya kompaniyalariga yordam berayotgan uchinchi davlatlar tashkilot va shaxslariga ikkilamchi sanksiyalar tahdid solmoqda. O‘zbekiston Rossiya uchun sanksiyalardan qochish yo‘laklaridan biri bo‘lishi mumkinmi?

Foto: KUN.UZ

AQSh Ukrainadagi urush tufayli G‘arb tomonidan joriy etilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradigan Rossiyadan tashqaridagi jismoniy shaxslar va kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilib kelmoqda. Xususan, AQSh Moliya vazirligi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa qator davlatlarni Rossiya va Belarusga sanksiyalar bilan cheklangan tovarlar yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgan. Xo‘sh, o‘zbek kompaniyalari uchun ikkilamchi sanksiyalar qanchalik xavf tug‘dirmoqda?

Iqtisodiy sanksiyalar va ularning mohiyati?

Iqtisodiy sanksiyalar bu – xavfsizlik yoki tashqi siyosat masalalari bilan bog‘liq ma’lum maqsadlarga erishish uchun savdo va moliyaviy operatsiyalarni cheklash yoki to‘liq to‘xtatish. Sanksiyalar ham alohida davlatlar, ham xalqaro tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga, tashkilotlarga yoki davlatlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Sanksiya joriy qilgan va sanksiya uchragan mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy bog‘liqlik qanchalik yuqori bo‘lsa, cheklovlar ham shunchalik samarador hisoblanadi.

AQSh iqtisodiy sanksiyalardan eng ko‘p va faol foydalanadigan mamlakat bo‘lib, buni asosan dollarning jahon iqtisodiyotidagi hukmron roli bilan izohlash mumkin. Xalqaro hisob-kitoblarda dollarning yuqori ulushi sanksiyalar rejimlarining buzilishini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi va Qo‘shma Shtatlar joriy qilgan cheklovlarni chetlab o‘tish ehtimolini minimallashtiradi.

Bugungi kunda Kollektiv G‘arb tomonidan joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Rossiya kompaniyalariga yordam berayotgan uchinchi mamlakat tashkilot va shaxslariga ikkilamchi sanksiyalar tahdid solmoqda.

Masalan, bir necha oy oldin AQSh Davlat departamenti Rossiya korxonalariga qarshi sanksiyalar rejimini buzgani uchun O‘zbekistonning “Promcomplektlogistic”kompaniyasiga nisbatan cheklovlar joriy qilgandi. Bunga “Promcomplektlogistic”ning 3 mart kuni sanksiyaga uchragan va Rossiya mudofaa sanoati ta’minotchisi bo‘lgan “Radioavtomatika” kompaniyasi bilan hamkorlik qilgani sabab bo‘lgan.

Banklar – eng zaif nuqta

Banklar moliyaviy xizmatlarini taqdim etish orqali butun iqtisodiyotda ko‘prik rolini o‘ynaydi. Shu jihatdan, birinchi navbatda O‘zbekistondagi tijorat banklarining sanksiyalarga uchragan Rossiya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish jarayonida ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolish ehtimoli hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning “MIR” to‘lov tizimi bilan ishlaydigan banklarga ogohlantirish bilan chiqqan. Financial Times’ning yozishicha, Rossiyaga nisbatan amalga oshirilgan iqtisodiy sanksiyalar ko‘zlangan natijasini bermagan, shu sababli G‘arb davlatlari avval joriy qilingan cheklovlarni kuchaytirmoqchi.

Hozirda “MIR” to‘lov tizimi bilan Turkiya, Vetnam, Janubiy Koreya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston banklari hamkorlik qiladi.

Ushbu to‘lov tizim operatori "Natsionalnaya sistema platejnyx kart"ga qarshi cheklovlar joriy qilinmagan bo‘lsa-da, 15 sentabr kuni e’lon qilingan yangi sanksiyalar ro‘yxatiga "Natsionalnaya sistema platejnyx kart" bosh direktori Vladimir Komlev ham kiritilgan.

“O‘zbek banklari “MIR” tizimi bilan bitimlar tuzishdan va tuzilgan bitimlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishdan o‘zlarini tiyib turganlari ma’qulroq bo‘ladi”, deya ta’kidlamoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.

Avvalroq, O‘zbekiston Markaziy banki mahalliy banklar tomonidan qat’iy sanksiyaga tushgan rus banklaridan jalb qilingan majburiyatlarni o‘z vaqtida va ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalar jalb etilganini ma’lum qilgandi.

MB raisi Mamarizo Nurmuratov ham hozirda O‘zbekiston tijorat banklari uchun naqd xorijiy valutani mustaqil ravishda olib kirish qiyin kechayotganini tasdiqlagandi.

“Bu ko‘proq ramziy ma’noga ega”

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev fikriga ko‘ra, O‘zbekistonning taqiqlangan tovarlarni Rossiya yoki Belarusga olib o‘tishda tranzit bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilishi ko‘proq ramziy ma’noga ega.

“Quyidagi bir nechta sabablar tufayli taqiqlangan tovarlarni O‘zbekistondan Rossiyaga yetkazib berilishi ehtimoli nolga yaqin.

Birinchidan, Rossiya yoki Belarusga yetkazilishi taqiqlangan tovarlarning ro‘yxati katta emas hamda ularning aksariyati kundalik iste’mol tovarlari. Bunday tovarlarni bir davlatdan boshqa davlatga yashirincha olib o‘tish judayam qiyin (masalan samolyot qismlari) hamda bunday amaliyot bilan istalgan odam shug‘ullanib ketolmaydi, ularni nazorat qilish u qadar qiyin emas. Davlat miqyosida ham sanksiyalarga tushib qolish ehtimoli yuqoriligi sababli ro‘yxatga tushgan davlatlar (xususan O‘zbekiston ham) bojxonada bu tovarlarning Rossiyaga reeksport bo‘lishini yaxshiroq nazorat qilishadi.

Ikkinchidan,O‘zbekiston shu vaqtgacha ham Rossiyaga qaysidir tovarlarni tranzit qilishda asosiy davlat emas. Chunki tovarlarni O‘zbekiston orqali ushbu davlatga olib o‘tish nisbiy qimmat va noqulay. Boshqacha aytganda, logistika nuqtai nazardan ham taqiqlangan tovarlarni mamlakatimiz orqali Rossiyaga olib o‘tish deyarli ma’noga ega emas.

Uchinchidan, to‘g‘ri biz Rossiya bilan yaqin hamkor hisoblanamiz (MDH doirasida erkin savdo hududiga ham egamiz), ammo bojxona ittifoqiga ega emasmiz, taqiqlangan tovarlarni olib o‘tish qulay, oson va arzonligi nuqtai nazaridan esa Rossiya bilan bitta bojxona ittifoqida bo‘lgan bir nechta davlatlar mavjud. Taqiqlangan tovarlarni reeksport qilish bilan qandaydir amaliyotlar kuzatilsa ham aynan o‘sha davlatlar orqali bo‘lishi ehtimoli biz bilan taqqoslaganda karrasiga yuqoriroq.

To‘rtinchidan, yuqorida aytib o‘tganimdek, taqiqlangan tovarlarni Rossiyaga reeksport qilish bilan shug‘ullanish qandaydir qo‘shimcha taqiq yoki sanksiyalarga olib kelishi mumkin. Shu nuqtai nazardan qaror qabul qiluvchilarimiz ham bunday amaliyotlarni qattiq nazorat qilishga harakat qilishi shubhasiz”, deydi iqtisodchi.

Ehtimoliy xatarlar haliyam yuqoriligicha qolmoqda

O‘zbekiston kompaniyalarining ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolish ehtimoli hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Ayniqsa, AQSh va Yevropa Ittifoqi bozorlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rossiyalik kontragentlar bilan hamkorlik qilishda cheklovlar xavfini chuqur tahlil qilishlari kerak bo‘ladi.

Sanksiya xatarlarini minimallashtirishi mumkin bo‘lgan omillardan biri dollar o‘rniga milliy valutalarda o‘zaro hisob-kitoblarga o‘tish bo‘lishi mumkin. Ammo shartli rublda savdo qilish, birinchi navbatda, rublni mustahkamlashga yordam beradi. Bundan esa O‘zbekistonga hech qanday foyda yo‘q.

Shuningdek, ba’zi kompaniyalar O‘zbekistonni sanksiyalardan qochish yo‘laklaridan biri sifatida ko‘rmoqda. Jumladan, smartfon ishlab chiqaruvchi Xitoyning Honor kompaniyasi sanksiyalarini chetlab o‘tish maqsadida O‘zbekiston orqali telefonlarini Rossiya bozoriga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida ma’lum qilgan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi distribyutorlar bilan ishlash sanksiyalarni aylanib o‘tib, Rossiyaga mahsulot olib kirmoqchi bo‘layotgan kompaniyalarga xavfni kamaytirish imkonini beradi. Bu esa yaqin va o‘rta istiqbolda bu kabi amaliyotlarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Kollektiv G‘arbda Rossiyaga iqtisodiy bosim o‘tkazishning eng muhim qurollari hali ham saqlanib qolmoqda: ikkilamchi sanksiyalar va to‘liq savdo embargosi. Shu paytgacha G‘arb Rossiyaga qarshi ikkilamchi ekstraterritorial sanksiyalarni qo‘llab, uchinchi davlatlardan ularga rioya qilishni talab qilmadi, bu borada aniq mezonlar ham ishlab chiqilganicha yo‘q. Ammo YeI energiya resurslar uchun boshqa muqobil bozorlar topishi va rasmiy Kreml bilan savdo aloqalarining to‘xtatilishi bilan, sanksiyalarni uchinchi davlatlar uchun joriy qilish kun tartibidagi muhim masalalardan biriga aylanadi. Ushbu holatda esa Rossiyaga yetkazilishi taqiqlangan tovarlarning ro‘yxati karrasiga oshishi mumkin.

O‘zbekiston esa Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bera oladigan kam sonli davlatlar qatoriga kiradi, biroq buning natijasida O‘zbekistonning o‘zi og‘riqli ikkinchi darajali sanksiyalar ostida qolishi mumkin. Shu jihatdan, bundan keyingi davrda tegishli davlat tashkilotlari tijorat banklari va tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi kompaniyalarni ikkilamchi sanksiyalar xavfi to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etishi zarur.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Top