18:56 / 28.02.2023
18317

“Tohir” bog‘i buzilmaydi. Toshkent prokurori Ortiqxo‘jayevning qarorini bekor qildirdi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alpomish mahallasi hududida joylashgan, minglab daraxtlari bo‘lgan bog‘ saqlab qolinadigan bo‘ldi. Bog‘ning 40 sotix maydoni sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan ofis binolari qurilishi uchun tadbirkorga ajratib berilgandi.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz oldinroq aholi tilida “Tohir” nomi bilan ataladigan bog‘ga “hujum” boshlangani, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan bog‘ o‘rnida ofis binolari qurilishi kutilayotgani haqida yozgandi. Mahalliy aholi qariyb 40 yillik tarixga ega, 1 500 tupga yaqin manzarali va mevali daraxtlar bo‘lgan bog‘ buzilishiga qarshi bo‘lgan.

Kun.uz surishtiruvidan keyin Toshkent shahar hokimligi hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinishini ma’lum qildi. Ammo hokimlikning bu munosabati yetarli emasligi, Toshkent shahar hokimining qarori sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi kerakligi haqida yozgandik. Sababi yer maydoniga bo‘lgan egalik huquqi hamon tadbirkorga tegishli, hokimlik ta’kidlaganidek, hududni jamoat bog‘i sifatida saqlab qolish uchun yuridik asos yo‘q edi.

Toshkent shahar prokuraturasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 2022 yilning 22 dekabr kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga poytaxt hokimining 2019 yil 12 fevraldagi 240-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish yuzasidan ariza kiritilgan.

Toshkent shahar sudi Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, prokuraturaning arizasi Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan qanoatlantirilib, hokimning qarori bekor qilingan.

Top