O‘zbekiston | 18:44 / 21.12.2022
26862
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yana bir bog‘idan ayrilish arafasida. Bunga shahar hokimining qarori sabab bo‘lmoqda

Qariyb 1 500 tup daraxti bo‘lgan so‘lim maskan o‘rnida shahar hokimi qarori bilan ofis binolari qurilishi kutilyapti. Odamlar mahallaning “o‘pkasi”ni saqlab qolish uchun hokim qarori bekor qilinishini so‘rashmoqda.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alpomish mahallasi hududida joylashgan, mahalliy aholi tilida “Tohir” nomi bilan ataladigan bog‘ga “hujum” boshlandi: bog‘ o‘rnida ofis binolari qurilishi kutilyapti.

Qariyb 40 yillik tarixga ega mazkur bog‘da 1 500 tupga yaqin manzarali va mevali daraxtlar bor. “Yashil makon” milliy harakati doirasida hudud aholisi tomonidan yuzlab nihollar o‘tqazilgan. 1,8 gektarni egallagan bog‘da bolalar va sport maydonchalari ham bor.

2019 yilda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori bilan bog‘ning 40 sotix maydoni “ABIS-AG” MChJga ofis binolari qurish uchun berilgan. Ammo hokim qaroridan na odamlarning, na tuman ekologiya bo‘limining, na mahalla raisining xabari bo‘lgan.

Bog‘da aholining homiylik mablag‘lari evaziga shu yil sug‘orish tizimi yangilandi, yo‘laklar qurildi, nihollar o‘tqazildi. Bu bog‘ aholi uchun dam oladigan go‘zal maskan. Hech kim haligacha birorta hujjat ko‘tarib kelmagandi: kecha aholi yig‘ilganidan keyin bu yer kimgadir berilgani bizga ma’lum bo‘ldi”, – deydi Alpomish mahallasi raisi Barno Qo‘ljonova.

Mirzo Ulug‘bek tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i Kamol Bekturganovning ta’kidlashicha, bog‘ hududida qurilish qilish uchun ekologiya bo‘limi tomonidan hech qanday xulosa berilmagan:

Toshkent shahar hokimining qaroridan taxminan 15-20 kun avval xabar topdik. Bu hududda qurilish qilish uchun ekologiya bo‘limi tomonidan hech qanday ekspertiza xulosasi taqdim etilmagan. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yerda 1000 tupdan ortiq manzarali daraxt hamda 300 dan ziyod butalar bor. “Yashil makon” loyihasi doirasida bu yerda 500 tupdan ortiq ko‘chat ekildi va ularning barchasi maxsus platformaga kiritildi. Mahalla raisiga quruvchi tashkilotga taqdim qilishi uchun ogohlantirish xatlari berdik”.

Odamlarning aytishicha, nuroniylar erta tongdan bog‘ga kelib, sayr qilishadi, toza havodan nafas olishadi. Bolalar va sport maydonchalari ham doim gavjum. Shu sababli, ular mahallaning “o‘pkasi” bo‘lmish bu bog‘ buzilishiga qarshi bo‘lyapti, Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori bekor qilinishini, bog‘ni saqlab qolishni so‘rashmoqda. Agar hokim qarori bekor qilinmasa, Toshkent minglab daraxtlari bo‘lgan bog‘idan ayrilishi mumkin.

Oldinroq Chilonzor tumani Ko‘tarma mahallasida ham shu kabi holat kuzatilgandi: ko‘p qavatli uylar orasidagi 15 sotix yer maydoni Toshkent shahar hokimining qarori bilan “dom” qurish uchun ajratilgan hamda fuqarolar bundan norozi bo‘lgandi. Masalaga Jahongir Ortiqxo‘jayev aralashgan va nizoli hudud bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda agar aholi norozi bo‘lsa, hech qanday qurilish bo‘lmasligini bildirgandi.

Ofis binolari qurish uchun bog‘dan yer ajratish borasidayam mahalliy aholi roziligi olinmagan. Jahongir Ortiqxo‘jayev bu safar ham aholi manfaatlarini o‘ylab, o‘z qarori bilan boshlanishi kutilayotgan qurilishni to‘xtatadimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid