O‘zbekiston | 12:17 / 22.12.2022
9722
3 daqiqa o‘qiladi

“Yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinadi” – Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimligi Mirzo Ulug‘bek tumani Alpomish mahallasidagi qariyb 1 500 ta daraxti bo‘lgan bog‘ saqlab qolinishini bildirdi. Hokimlikka ko‘ra, bog‘ o‘rnida hech qanday qurilish ishlari amalga oshirilmaydi.

Foto: KUN.UZ

Oldinroq Kun.uz’da Mirzo Ulug‘bek tumani Alpomish mahallasi hududida joylashgan, 1,8 gektar maydonni egallagan bog‘ning 40 sotix qismi Toshkent shahar hokimining qarori asosida tadbirkorga ajratilgani hamda u yerda ofis binolari qurilishi kutilayotgani haqida maqola e’lon qilingandi. Toshkent shahar hokimligi mazkur maqolaga rasmiy munosabat bildirib, yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinishini ma’lum qildi.

Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumani, Zaytun, Oltintepa va Ravon ko‘chalari oralig‘ida joylashgan yashil hudud o‘rniga ofis va boshqa binolar qurilishiga ruxsat berilmagan hamda loyiha hujjatlari tasdiqlanmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-46-son farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lib, shahar hokimligi tomonidan ko‘rsatilgan hududdagi daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasida qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil davomida foydalanilmasa, unga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi bekor qilinishi belgilangan. Ya’ni videolavhada tilga olingan Toshkent shahar hokimining 2019 yil 12 fevraldagi qarorining “yerni tadbirkorga ajratish” qismi bir yil muqaddam o‘z kuchini yo‘qotgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumani, Zaytun, Oltintepa va Ravon ko‘chalari oralig‘ida joylashgan yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinadi va uning o‘rnida qurilish ishlari olib borilmaydi”, — deyiladi hokimlikning rasmiy munosabatida.

Mavzuga oid