15:38 / 17.03.2023
22316

Qrimda bayram, Baxmutda janglar davom etmoqda. Urush suratlari

Ukrainada urushning 386-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Polsha G‘arb mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib Ukrainaga jangovar samolyotlar yetkazib berishi haqida e’lon qildi. Kiyev yil davomida o‘ndan ortiq MiG-29 samolyotlarini oladi.
  • Rossiyaning kamida 40 regioni aholisiga «ma’lumotlarni aniqlashtirish» uchun harbiy komissariatlarga chaqiruv qog‘ozlari yuborildi.
  • Yevgeniy Royzman Navalniy jamoasi ramzini namoyish etish ishi bo‘yicha 14 kun muddatga qamoqqa olindi. U shuningdek armiyani «obro‘sizlantirish»da ayblanmoqda.
  • YeXHT Rossiyaning Baxmut uchun janglardagi yo‘qotishlarini 20–30 ming kishiga (o‘lganlar va yaralanganlar) baholadi.
  • 2022 yilda Armanistonga 100 mingdan ortiq rossiyalik kelgan (ular shu yerda yashab qolgan). Bu mamlakat bir yillik YaIM o‘sishining to‘rtdan bir qismini ta’minladi.

Qrim qo‘shilishning 9 yilligi arafasida

18 mart kuni Rossiya hukumati Qrim annexiasining to‘qqiz yilligini nishonlaydi. Yarimorolda mazkur hudud Rossiya tarkibiga «qaytgan» kunni yodga soluvchi bilbordlar paydo bo‘lgan. Bu yil «Lujniki»da ushbu sana munosabati bilan har yilgi miting-konsert o‘tkazilmaydi, ammo Qrim shaharlarida aksiyalar boshlab yuborilgan.

Ukraina hukumati bir necha bor Rossiya bilan urush faqat annexia qilingan barcha hududlar, jumladan Qrim ham deokkupatsiya qilinganidan keyin tugashi mumkinligini ma’lum qilgan. 2022 yil kuzida yarimorolni Rossiyaning materik qismi bilan bog‘lovchi Qrim ko‘prigida (bu loyiha Vladimir Putin uchun juda qadrli) portlash ro‘y berdi. Tergov versiyasiga ko‘ra, portlovchi qurilma Odessadan Bolgariya, Gruziya, Armaniston va Rossiya chegaralari orqali olib kelingan qurilish materiallari yuklangan yuk mashinasiga joylashtirilgandi.

Keyingi kuni RF tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin ko‘prikni portlatish tashkilotchilari — Ukraina maxsus xizmatlari bo‘lganini ma’lum qildi, terakt haqidagi modda bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Qrim ko‘prigidagi portlash ortida Ukraina maxsus xizmatlari turgani haqidagi gaplarni inkor etgan.

Simferopol yaqinida, federal ahamiyatga ega bo‘lgan A-291 «Tavrida» yo‘lida «To‘qqiz yil birga» yozuvli transparant (lavha) yonidan o‘tayotgan avtomobil. Foto: EPA / Scanpix / LETA
Yalta markazida «maxsus amaliyot» ramzi aks etgan transparant
EPA / Scanpix / LETA
Transparant ortidagi o‘rindiqda o‘tirgan keksa yoshli ayol. Simferopol
EPA / Scanpix / LETA
Gurzufda «Artek» xalqaro bolalar markazida «Qrim bahori — to‘qqiz yil birga» nomli miting-konsertda Rossiya bayroqlarini ko‘tarayotgan o‘smirlar. Foto: EPA / Scanpix / LETA
Simferopolda bolalar Qrimning Rossiyaga «qo‘shilgani»ning to‘qqiz yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan aksiyada «muloyim odamlar» yodgorligiga gul qo‘yishmoqda. «Muloyim odamlar» deb 2014 yil bahorida Ukrainaning Qrim yarimorolidagi strategik obektlarni egallagan va bloklab qo‘ygan, tanish belgilariga ega bo‘lmagan rossiyalik harbiylarga aytiladi.
EPA / Scanpix / LETA
Simferopoldagi transparantlar
EPA / Scanpix / LETA
Yalta. Foto: EPA / Scanpix / LETA

Ukrainalik minomyotchilarning Baxmut atrofidagi pozitsiyasi

Baxmutda janglar 2022 yil yozidan buyon davom etmoqda, so‘nggi oylar mobaynida shahar Ukrainaning eng qaynoq nuqtasi bo‘lib qolmoqda. Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari hisoblashicha, Rossiyaning Baxmutga yurishi kulminatsiya pallasiga yaqinlashmoqda va RF armiyasi bu yo‘nalishga yanada ko‘proq zaxira kuchlarni tashlashiga to‘g‘ri keladi.

Ukraina qurolli kuchlari sharqiy guruhi spikeri Sergey Cherevatiy 16 mart kuni bir kun ichida Baxmut hududida rossiyalik 225 harbiy o‘ldirilgani, yana 306 nafari yaralanganini aytdi. Rossiya tomoni bu ma’lumotga izoh bermadi. YeXHT ham shu kuni Rossiyaning Baxmutdagi yo‘qotishlarini baholadi: tashkilotdagilarning tasdiqlashicha, 2022 yil mayidan buyon bu yerda 20–30 ming kishi halok bo‘lgan.  YeXHTdagi Britaniya delegatsiyasining katta harbiy maslahatchisi Yan Stabbsga ko‘ra, har bir bosib o‘tilgan kilometr uchun rossiyalik 800 nafar askaridan ayrilmoqda (yaralanganlar bilan qo‘shib hisoblanganda), ularning aksari — «Vagner» XHK a’zolaridir. NATOning mart oyi boshidagi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Baxmut atrofidagi yo‘qotishlari soni Ukrainanikidan besh barobar ko‘proq.

Ukraina hukumati baholariga ko‘ra, Baxmutda evakuatsiyadan bosh tortgan yoki keta olmaydigan yana bir necha ming kishi qolgan: keksa yoshli kishilar va ularning qarindoshlari. Quyida ukrain harbiy xizmatchilari vayron bo‘lgan shaharni qanday himoya qilayotgani aks etgan suratlar.

Baxmut yaqinidagi yerto‘lada 80-brigada desantchisining shaxsiy buyumlari
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainaning 80-brigadasi desantchisi Baxmut atrofida oldingi chiziq artilleriyadan o‘qqa tutilishi chog‘ida
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Minomyotdan raqibning oldingi chiziqdagi pozitsiyalari o‘qqa tutilishi
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA

Frontdagi ukrain shifokorlari 

Ukrainalik yarador askarni ko‘ngilli shifokorlarning qayta jihozlangan avtobusiga olib chiqishmoqda. Uni Baxmut atrofidagi sharqiy front chizig‘idan Dnipropetrovsk oblastidagi hospitalga olib o‘tishadi
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Yaqinda o‘ng qo‘lining bir qismi amputatsiya qilingan (kesilgan) 45 yoshli ukrain harbiysi ko‘ngilli shifokorlardan so‘rab olgan shokoladini tanovul qilmoqda.
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Yarador ukrain harbiylari hospitalerlar avtobusida
Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrain vrachlari front yaqinidagi hududdan askar jasadini olib ketishmoqda. Evakuatorlar kun-u tun halok bo‘lganlarning jasadini tashishadi va yaradorlarga yordam ko‘rsatishadi.
Madeleine / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Xarkiv oblasti hududini minalardan tozalash jarayoni

2022 yil aprelida, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan ikki oy o‘tgan davrdayoq Ukraina dunyoning eng ko‘p minalangan mamlakatlaridan biri sifatida tan olingandi. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga (FVDX) ko‘ra, mina va o‘q-dorilar mamlakat hududining qariyb yarmini ifloslantirgan bo‘lishi mumkin. Ukrainaning o‘tgan yil avgusti o‘rtalariga qadar minalar aniqlangan hududlarini tozalash uchun, Ukraina IIV prognozlariga ko‘ra, besh yildan o‘n yilgacha vaqt talab etilishi mumkin

Ukraina FVDX xodimlari guruhi Xarkiv oblastining Ukraina-Rossiya chegarasidagi hududini minalardan tozalamoqda
Jose Colon / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Xarkivdagi Sanoat rayonini minalardan tozalash jarayoni
Jose Colon / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Xarkiv oblastida daraxt tanasiga o‘rnatilgan cho‘zmadagi mina
Jose Colon / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Xarkiv oblasti hududini minalardan tozalayotgan FVDX xodimlari
Jose Colon / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
FVDX xodimi o‘q-dori qoldig‘ini olib ketmoqda
Jose Colon / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Kiyevda rus-ukrain do‘stligi yodgorligining hozirgi ko‘rinishi

Kiyevda Rossiya va Ukraina xalqlar do‘stligi arkasi ostidagi yodgorlik o‘rab qo‘yilgan. Arkaga yangi nom berish rejalashtirilmoqda — Ukrain xalqi ozodligi yodgorligi. Uning yonida joylashgan ikkinchi haykaltaroshlik namunasi — ukrain va rus ishchilarining bronzadan yasalgan figuralari — 2022 yil yozida buzib tashlangandi.
Sergei Supinsky / AFP / Scanpix / LETA

 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top