16:55 / 22.05.2023
25611

Baxmut atrofida qolayotgan ukrain artilleriyasi va Kiyevga zarba oqibatlari. Urush suratlari

Ukrainada urushning 452-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar: 

  • RF mudofaa vazirligi Baxmut egallangani haqida xabar bergan. Vladimir Putin shahar uchun janglarda o‘zini ko‘rsatganlarni mukofotga taqdim etishni va’da qilgan.
  • Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar esa ukrain qo‘shini «Baxmutni yarim qurshov holatiga tushirgani»ni haqida gapirdi. Volodimir Zelenskiy G7 sammitida «Baxmut faqat qalblarda qolgani»ni aytdi, ammo keyinroq aniqlik kiritib, shahar Rossiya tomonidan bosib olinmaganini ma’lum qildi.
  • Jo Baydenning tasdiqlashicha, Rossiya Baxmut atrofida yuz mingga yaqin kishidan ayrilgan.
  • Bayden ukrain uchuvchilarini Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlarida o‘qitishga rozilik berdi. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Zelenskiyning Kiyev F-16 samolyotlaridan Rossiya hududida foydalanmaslik bo‘yicha va’dasini olgan.
  • AQSh Ukrainaga 375 million dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi.

Zelenskiy va «Katta yettilik» yetakchilari Hiroshimadagi sammitda

19 maydan 21 mayga qadar Yaponiyaning Hiroshima shahrida «Katta yettilik» sammiti bo‘lib o‘tdi. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon unda ilk marta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shaxsan ishtirok etdi. Tadbirdagi asosiy mavzulardan biri Ukrainadagi urush mavzusi bo‘ldi. Sammitning asosiy yakunlari haqida bu havola orqali o‘qish mumkin.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yaponiyaning Hiroshima shahridagi G7 yig‘ilishida boshqa siyosatchilar bilan. Stol atrofida Zelenskiy (chapdan o‘ngga qarab) — Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida, AQSh prezidenti Jo Bayden, Germaniya kansleri Olaf Shols, Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak,  Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel, Italiyaning Yaponiyadagi elchisi Janluidji Benedetti, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron joylashgan.
Stefan Rousseau / AP / Scanpix / LETA

Dronlar vayron qilgan uy tomini tuzatayotgan kiyevliklar

19 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab navbatdagi havo zarbalari yo‘lladi. Kiyev shahar ma’muriyati rahbari Sergey Popkoga ko‘ra, poytaxtda «bir necha to‘lqin kuzatilgan, bir necha bor ma’lum vaqt oralig‘ida Shahed dronlari bilan hujum qilingan». Bir kun o‘tib, 20 mayga o‘tar kechasi havo hujumidan mudofaa kuchlari rossiyaliklarning 18 ta dronini urib tushirgan.

Kiyevda rossiyaliklar droni hujumidan keyin shikastlangan uy tomi
Oleksii Chumachenko / Anadolu Agency/ABACAPRESS/ddp images
Kiyevdagi shikastlangan kvartira egalari cherdakni tozalashmoqda
Oleksii Chumachenko / Anadolu Agency/ABACAPRESS/ddp images

Donetsk o‘qqa tutilishi oqibatlari

Ukraina qo‘shini 21 may kuni Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Donetsk shahrini o‘qqa tutdi, shuningdek, Olenivka, Makiyivka, Aleksandrovka, Yasinovataya va Horlivkaga ham zarbalar berilgan. RIA Novosti «DXR» rasmiylariga tayanib xabar berishicha, hududlardan «„NATO“ kalibri»dagi snaryadlar topilgan.

Kreml ta’siridagi yana bir nashr - «Izvestiya» muxbiri xabar berishicha, zarba oqibatida xususiy turar joy binosi va issiqxona vayron bo‘lgan. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, snaryadlardan biri binoga kelib urilgach, yong‘in chiqqan, olovni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishgan. 12 yoshli bola jarohat olib, shifoxonaga murojaat qilgan.

Donetsklik ayol o‘zining vayron bo‘lgan uyi oldida

Baxmut atrofidagi ukrain artilleriyachilari

20 may kuni kunduzi «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin Baxmut yollanma jangchilar tomonidan egallangani haqida xabar berdi. Ukraina tomoni bu bayonotni rad etgan. Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Cherevatiy harbiylar «Baxmut uchun jangni davom ettirayotgani» haqida ma’lum qilgan. Keyinroq Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar vaziyat «kritik» ekanini tan oldi va ukrain harbiylari shahardagi so‘nggi uchastkada himoyalanayotganini qo‘shimcha qildi. Volodimir Zelenskiy ham Baxmut boy berilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etgan.

Ukraina QKning knyaz Daniil Galitskiy nomidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi harbiy xizmatchilari «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimini zarba berishga tayyorlamoqda.
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

Ukrainaning turli hududlaridan suratlar

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top