Jahon | 13:22 / 22.05.2023
9441
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden AQShning Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi

AQShning Ukrainaga 375 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi turli o‘q-dorilar va zirhli texnikalarni o‘z ichiga oladi.

Foto: Susan Walsh/POOL/AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden 21 may, yakshanba kuni Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Ukrainaga 375 million dollarlik yangi qurol-yarog‘ yetkazib berilishini e’lon qildi. To‘plamga “o‘q-dorilar, artilleriya va zirhli texnikalar” kiradi, dedi Bayden Xiroshimadagi G7 sammiti chog‘ida.

Pentagon veb-saytida xabar qilinishicha, yangi yetkazib berishga HIMARS (High Mobility Artillery Rocket System) yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, 155 mm va 105 mm artilleriya snaryadlari, TOW tankka qarshi raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar, Javelin va AT-4 ko‘chma raketa komplekslari, zirhli tibbiy mashinalar, ko‘prik tizimlari, og‘ir texnikani olib o‘tish yuk mashinalari, teplovizorlar, ehtiyot qismlari va dala uskunalari kiradi.

Qurol-yarog‘ Ukrainaga AQSh Mudofaa vazirligining o‘z zaxiralaridan o‘tkaziladi. "Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilari va hamkorlari bilan Ukrainaga jang maydonidagi ehtiyojlarini hamda xavfsizlik bo‘yicha uzoq muddatli ehtiyojlarini qondirish uchun ishlashda davom etadi", deya ta’kidlab o‘tdi AQSh mudofaa idorasi.

Ikki kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy G7 ("Katta yettilik") yetakchilari sammiti o‘tayotgan Xiroshimaga yetib keldi. U Yaponiyaga kelgan kuni AQSh ittifoqchilarning ukrainalik uchuvchilarni Amerikada ishlab chiqarilgan F-16 qiruvchi samolyotlarida o‘qitish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid