19-21 may kunlari Yaponiyaning Hiroshima shahrida «Katta yettilik» sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshidan buyon ilk bor Volodimir Zelenskiy shaxsan ishtirok etdi. Aynan Rossiya tajovuzi (va u bilan kurashish usullari) tadbirning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. «Meduza» sammitning asosiy yakunlarini keltirdi.
Volodimir Zelenskiy G7 sammitida shaxsan ishtirok etdi. Yaponiyaga Zelenskiy Saudiya Arabistonidan fransuz hukumati samolyotida uchib keldi, u oldinroq Arab davlatlari ligasi yig‘ilishida chiqish qilgandi. U Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon «Katta yettilik»ning olti uchrashuvida, faqat onlayn rejimda qatnashgandi. Bu tashrif — Zelenskiyning urush boshidan buyon Osiyoga amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ldi.
Sammitdagi chiqishida Ukraina prezidenti mamlakatga zamonaviy qiruvchi samolyotlar yetkazib berishga chaqirdi.
«Urush davrida Ukraina «Katta yettilik» yig‘ilishlarida olti bor ishtirok etdi, ammo faqat onlayn rejimda. Hozir — shaxsan minnatdorchilik bildirish uchun qulay vaqt. Biz demokratiya va xalqaro huquq bilan hisoblashishlariga erishdik. Dunyoda biz qadrlaydigan narsalarni e’tiborsiz qoldirishga urinishlar bo‘ldi. Hozir esa bu imkonsiz. Hozir bizning kuchimiz o‘smoqda. Biz siz bilan qancha ko‘p hamkorlik qilsak, boshqa kimdir Rossiyaning telbavor yo‘lidan borishi ehtimoli shunchalik kamayadi.
Ko‘p yillar mobaynida biz Rossiya istalgan mamlakatga go‘yoki qaytarib bo‘lmaydigan gipertovushli raketalar bilan, hech qanday jazodan qo‘rqmagan holda hujum qilishi mumkinligi haqida eshitib keldik. Endi bu gaplarga yakun yasaldi. Buni ukrainlar qo‘lidagi Patriot tizimlari ko‘rsatib berdi. Biz siz bilan birgalikda isbotladik: gap dushmanda qancha raketa borligida emas, balki bizda qancha havo hujumidan mudofaa tizimi mavjud bo‘lishida ekan. Ammo yerdagi tizimlarga havodagi zamonaviy samolyotlarni qo‘shish kerak. Bizning uchuvchilarimiz F-16 bilan tanishganda va bu mashinalar osmonimizda paydo bo‘lganida — bu Yevropa va dunyo xavfsizligi uchun tarixiy lahza bo‘ladi», — dedi Zelenskiy.
Shuningdek, u «yettilik» yetakchilari va G7 tarkibiga kirmaydigan sakkiz mamlakat rahbarlari bilan uchrashdi, ular orasida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol bor.
AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvdan so‘ng Ukrainaga harbiy yordamning yangi paketi e’lon qilindi — jami 375 million dollarlik. Bundan tashqari, CNN va Associated Press (AP) agentliklari manbalari xabar berishicha, sammitning birinchi kunida Bayden G7 yetakchilariga Vashington ittifoqchilarning ukrain uchuvchilarini Amerikaning F-16 samolyotlarida o‘qitish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Ukrainaga qachon va qancha samolyot taqdim etilishi bo‘yicha qaror yaqin oylar ichida e’lon qilinishi kutilmoqda. AQSh «qiruvchilar koalitsiyasi»ni qo‘llashi haqidagi ma’lumotni keyinroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham jurnalistlarga tasdiqladi. «Zelenskiy meni qat’iyan ishontirdiki, ular undan [F-16 qiruvchisidan] Rossiyaning geografik hududlariga kirish va ichkarilash uchun foydalanmaydi, ammo, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududida bo‘lganida ular bu ishni qilishi mumkin», — degan Baydenning o‘zi jurnalistlarga.















