“Dekret” pulini olgan xususiy sektordagi ayollar soni rejadagidan 7 barobar kam bo‘lmoqda. Nega?
Hukumat 2023 yilda xususiy sektorda ishlovchi 130 ming nafar ayolga “dekret” puli to‘lashni rejalashtirgan edi, lekin amalda yil oxirigacha bu raqam bor-yo‘g‘i 19 mingdan oshishi ma’lum bo‘lmoqda. Aksariyat xususiy ish beruvchilar ayollar mehnatidan shartnomasiz foydalanayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images
2022 yil 1 sentabrdan xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat tomonidan homiladorlik va tug‘uruq nafaqalari to‘lanishi boshlangandi. Nafaqa miqdori minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravarini (bugungi kunda 2 mln 272 ming so‘m) tashkil etadi.
2023 yilgi davlat budjetida bu xarajatlarni moliyalashtirish uchun 300,7 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
2024 yilgi budjet loyihasida esa bu ko‘rsatkichni 100 mlrd so‘mgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bunga sabab nima?
“O‘zlashtirish kam, lekin nega?”
Xususiy sektordagi ayollarga “dekret” puli bo‘yicha davlat xarajatlarini 3 barobarga qisqartirish rejalashtirilganiga iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi. Shundan keyin masalaga Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev aniqlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu holatni mablag‘larning past darajada o‘zlashtirilishi bilan izohlagan.
“Joriy yil ajratilgan 300 mlrd so‘mdan atigi 50 mlrd so‘mga yaqin pul o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib, prognozni 100 mlrdga tushirishgan. Menimcha, bu yerda nega pul o‘zlashtirish kamligini o‘rganish kerak. Taxminimcha, xususiy sektorda ishlaydigan ayollarning katta qismi mehnat shartnomasiz ishlaydi”, deya yozdi deputat X (Twitter) sahifasida.
Doniyor G‘aniyevning xususiy sektordagi ayollarga “dekret” pulini berishda byurokratiya bor degan taxmini noo‘rin bo‘lib chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, homiladorlik nafaqasi “xuddi suyunchi puli kabi tibbiy ma’lumotnoma asosida avtomatik ajratilar ekan”.
“Asosiy muammo, taxmin qilganimdek, xususiy sektorda ayollar ish o‘rinlarining rasmiy emasligida, ya’ni ularga ijtimoiy va daromad soliqlar to‘lanmasligida ekan”, – dedi u.
2024 yilgi budjet loyihasini tayyorlashda 2023 yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingan
Iqtisodiyot va moliya vazirligining izoh berishicha, davlat budjetida 2023 yilda xususiy sektorda ishlovchi 130 ming nafar ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 300 mlrd so‘m mablag‘ berilishi rejalashtirilgan. Ammo, joriy yilning 9 oyida xususiy sektorda ishlovchi, belgilangan mezonlarga mos bo‘lgan 12 ming nafar ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlangan va 24,6 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
“Joriy yil 9 oylik tendensiyadan kelib chiqqan holda, 2023 yil yakuniga qadar xususiy sektorda ishlovchi 19 mingdan ortiq ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 40 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.
2024 yilgi budjet loyihasini tayyorlashda 2023 yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingan bo‘lib, keyingi yilda xususiy sektorda ishlovchi 40 mingdan ortiq (2023 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p) ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 100 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda”, deyiladi vazirlik izohida.
Xususiy ish beruvchilar ayollar mehnatidan shartnomasiz foydalanishmoqdami?
Iqtisodchi Otabek Bakirovning hisob-kitoblariga ko‘ra, jami tug‘ilishlar hisobida xususiy sektordagi ayollarning ulushi 2 foizga ham yetmaydi.
“Haqiqatdan ham shundaymi? Yoki yuz minglar ayollar xususiy sektorda rasmiylashtirilmagan holda ishlab kelmoqdami? Balki muammoga keng jamoatchilik, xususan ayollarning o‘zini e’tiborini qaratish vaqti kelgandir?
Rasmiy mehnat shartnomasi qonun bilan kafolatlangan ijtimoiy himoyaning va barqaror pensiya tizimining negizi ham. Balki xuddi 2009 yilgacha bo‘lgani singari davlat “dekret” puli to‘lashni xususiy va budjetga ajratmasdan, barcha ayollarga umumiy asosda kafolatlashga o‘tishi kerakdir? Shunda xususiy biznes ayollarni shartnomasiz ishlatishdan tiyiladi, qolaversa, ayollarning o‘zi ish beruvchilardan rasmiy shartnoma talab qilishni boshlaydi. Budjet xarajatlari ko‘payadi, ha, lekin legallashuvdan budjet daromadlari ham ortadi”, deya yozdi iqtisodchi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda 716 ming 885 nafar tug‘ilish qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizga ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda xususiy sektorda band bo‘lgan ayollar quyidagi mezonlarga to‘g‘ri kelsagina, ularga davlat tomonidan “dekret” puli to‘lab beriladi:
- nafaqaga talabgor ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida xususiy sektorda ishlagan bo‘lishi kerak;
- yagona milliy mehnat tizimida rasman band bo‘lgani, korxona tomonidan mehnat daftarchasi ochilgani hamda uning buyruqlari korxona tomonidan kiritilgani hisobga olinadi;
- 6 oy davomida ayolning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
Tavsiya etamiz
Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv
O‘zbekiston | 22:40 / 08.04.2025
YeChLda chorakfinal. «Real» va «Arsenal» o‘yinida kim favorit?
Sport | 19:34 / 08.04.2025
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi
O‘zbekiston | 23:03 / 07.04.2025
Xitoylik tadqiqotchilar Osiyoda yangi zilzilalar kuzatilishidan ogohlantirdi
Jahon | 21:46 / 06.04.2025
So‘nggi yangiliklar
Mavzuga oid

14:13 / 06.04.2025
Dunyo parlamentlarida ayol siyosatchilarning soni va nufuzi ortmoqda - Martin Chungong

06:22 / 21.02.2025
Homilador ayollar necha marta skrining tekshiruvlaridan o‘tishi zarur?

11:10 / 14.02.2025
Homiladorligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etildi

14:04 / 30.01.2025