O‘zbekiston | 22:18 / 06.02.2026
13304
21 daqiqa o‘qiladi

Korrupsioner tashkilotlar, Samarqanddagi nepotizm va kechikayotgan qonunlar – Antikor agentligidan reportaj

O‘tgan yilning eng korrupsiyaviy tashkilotlari deb Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda mahalliy hokimliklar topildi. Uzoq vaqtdan beri kutilayotgan amaldorlar mol-mulkini deklaratsiyalash va korrupsionerlar reyestrini tuzishga oid qonun loyihalari hali qabul qilinmaydigan ko‘rinadi. Samarqandda tanish-bilishchilik qilgan MMTB mansabdorlari ishdan bo‘shatilishi bo‘yicha taqdimnoma kiritildi. Antikorrupsiya agentligida o‘tgan yig‘ilishda shu kabi muhim masalalar yuzasidan OAV bilan savol-javob bo‘ldi.

6 fevralda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi binosida agentlik vakillari hamda jamoatchilik kengashining o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar hisoboti hamda bu yil nimalar kutilayotgani yuzasidan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Shu yig‘ilishdan so‘ng, tashkilot direktori Akmal Burhonov va OAV vakillari bilan savol-javob ko‘rinishida muloqot o‘tkazildi. Unda shu kunlarda dolzarb bo‘lib turgan ayrim masalalar muhokama qilindi.

Xususan, korrupsiya haqida xabar bergan fuqarolar nega rag‘batlantirilmayotgani, Samarqandda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida yuzaga kelgan nepotizm holati, mansabdorlarning mol-mulkini deklaratsiyalashga oid qonun loyihasi qabul qilinishi nega kechikayotganiga izoh berildi.

Qolaversa, 2025 yilning eng korrupsiyaviy deb topilgan davlat tashkilotlarining nomi ham e’lon qilindi. Quyida yig‘ilishdagi shundan sharh keltiriladi.

Korrupsiya haqida xabar berganlarning rag‘batlantirilishi va himoyasi yo‘q

2020 yilda hukumat qabul qilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, korrupsiya holatlari haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish va himoya qilish tartibi belgilangan.

Shunga muvofiq hozirgacha qancha odam pul bilan mukofotlandi? Burhonovning ma’lum qilishicha, 2024 yilda 40 ta shunday xabar kelgan va uning atigi bittasigina rag‘batlantirilgan. Agentlik direktori bu muammoni muvofiqlashtiruvchi yagona idora yo‘qligi bilan bog‘ladi.

Qonunchilikda bor edi, qanchadir summasi unga berilishi kerak. Lekin bu ishlamagan, ya’ni muvofiqlashtiradigan idora bo‘lmagan. Biz taklif berganimizda, davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 270-son farmonga muvofiq agentlikka qo‘shimcha vakolat berildi, ya’ni [agentlik] O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar berganlarni rag‘batlantirish masalasini muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi. Endi bizda muvofiqlashtiriladi. Bizda jamg‘arma bor, shu jamg‘arma orqali to‘lanadi, ya’ni senga-menga pulini qayerdan olaman, budjetda puli yo‘q emas, aniq jamg‘arma shakllantirilishi belgilandi va jamg‘arma tomonidan beriladi”, – dedi u.

2024 yil aprelida “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Yig‘ilishlarda shunday jinoyatlar haqida xabar beruvchilarning qonuniy himoyasi ham dolzarb muammo bo‘lib turgani, shu sabab hujjat yaqin kunlarda parlamentga kiritilishi kutilayotgani aytildi.

O‘tgan yili koll-markazimizga 500 dan ortiq murojaat kelib tushgan, lekin ko‘pchiligi himoya choralari qonunchilikda belgilanmagani uchun oxirigacha bormayapti. “Meni aytmang” yo “bo‘ldi, kerak emas, ertaga men tazyiqqa uchrayman”, boshqa-boshqa degan narsa. Shuni inobatga olgan holda, o‘tgan yili sizlar bilan birgalikda “Korrupsiya holatlari haqida xabar berganlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdik. Prezidentning farmonida ham qisqa muddatlarda bu qonunni qabul qilish topshirig‘i ketdi. Unda anonim xabar berganlarning shaxsi sir saqlanishini kafolatlash, ularga himoya orderi berish masalasi, kafolatli himoya qilinishi masalasi bo‘lyapti.

Agar bu qonun qabul qilinsa, rag‘batlantirish tizimi aniq mexanizmi bo‘lsa, ya’ni pulni kim beradi, kim muvofiqlashtiradi degan narsa bo‘lsa, [bo‘ldi]. Menimcha, shu yaqin kunlarda [hujjat] palataga kiritiladi. Hozir Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi qaroriga ham o‘zgartirish kiritilyapti. Shunda o‘zgarish bo‘ladi”, – deydi Burhonov.

Uning fikricha, agar yuqoridagi shaffof rag‘batlantirish va himoyalash tizimi ishga tushsa, korrupsiyaviy jinoyatlar haqida xabar berishda fuqarolar faollashadi.

Tenderlardagi qonunbuzilishlar uchun jazo juda ham yengil

Agentlik tahlillariga ko‘ra, 2025 yilda Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida joylashgan davlat bog‘chalarida autsorsing asosida ovqatlantirishni tashkil etish uchun o‘tkazilgan 441 mlrd so‘mlik tenderlarda qonunbuzilish holatlari aniqlangan va tegishli tashkilotlarga taqdimnoma kiritilgan.

Burhonov bu masala ham og‘riqli bo‘lib turganini tan olarkan, o‘tgan yilda davlat xaridlarida 600 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilishlari topilganini va uning sabablarini ma’lum qildi.

Buning ikkita sababi bor. Birinchi sabab – jazo muqarrarligi masalasi, ya’ni jazo juda ham yengil. Ma’muriy va uning ham o‘sha anaqalari, nima deydi, ma’muriy jazo miqdorlari juda ham yengilligi. Bu bo‘yicha biz taklif kiritdik va taklifimiz inobatga olinib, hozir “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jazo choralarini keskin kuchaytirish bo‘yicha” qonun loyihasini tayyorlaganmiz. Shu kunlarda parlamentga kiritiladi. Hukumatda ko‘rib chiqildi. Bu – birinchi masala.

Ikkinchisi — raqamlashtirish. Biz ko‘p davlatlarning tajribasini o‘rgandik, Sloveniya tajribasini ko‘rganimizda, “e-auksion” tizimi, ya’ni ruscha aytganda “nechitayemiy, chitayemiy” deydi, o‘sha PDF fayl. 270-son farmonda davlat xaridlari jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha, platforma yaratish bo‘yicha topshiriq ketdi. Ya’ni, endi bitta-bitta qidirilmaydi. Hozir hattoki bugungi kunda ham agentlik xodimlari vaqtini ketkazib, bitta-bitta qidiryapti. Bu tizim joriy qilinganidan keyin hammasi chiqib keladi. Kim qanchaga, necha pulga sotib oldi. Ya’ni PDF’ni o‘qiydigan katta tizimni ishga tushirish ustida ishlayapmiz. Bu tizim ishga tushsa, har qanday fuqaro, siz aytganday, o‘sha jamoatchilik faoli ham, jurnalist ham, bloger ham o‘zi kirib, monitoring qilish imkoniyatiga ega bo‘ladigan tizim ustida ishlanyapti. O‘ylaymanki, agar ishga tushsa, keskin bu sohadagi korrupsiyaviy holatlar kamayishiga erishiladi”, – deydi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, yangi tizim bo‘yicha bosh prokuror birinchi o‘rinbosari boshchiligida komissiya tuzilgan, uning realizatsiyasi qat’iy nazoratga olingan.

Yig‘ilishda Kun.uz muxbiri Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi ayrim bog‘chalarda keytring, Samarqanddagilari va umuman butun respublika MMTda bo‘lishi mumkin bo‘lgan autsorsingdagi korrupsiyaviy holatlar yuzasidan o‘rganishlarini so‘radi. Burhonov aynan Kun.uz'da chiqqan materiallar yuzasidan surishtiruv qilingani, batafsil ma’lumot keyinroq taqdim qilinishini aytdi.

Samarqandda nepotizmga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar ishdan ketishi bo‘yicha taqdimnoma kiritildi

Shu kunlarda Rossiyaning Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan “Alvon yelkanlar” bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatidan yuborilgan maktab o‘quvchilari ro‘yxati jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Viloyat MMTB mansabdorlari iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi, jiyani va yaqinlarini xorijga yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Akmal Burhonov Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganini ta’kidladi.

Dastlabki o‘rganishlar natijasida bu voqea o‘z tasdig‘ini topdi. Rossiya tomonidan viloyat hokimligiga taklifnoma berilgan, hokimlik viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga yo‘naltirgan.

Sakkiz o‘quvchi va ikki o‘qituvchi yuborilgan. Shundan ikki nafari – boshqarma boshlig‘ining yaqin qarindoshi, ya’ni farzandi va jiyani, yana ikki nafari boshqarma hisobchisi va metodistining farzandlari bo‘lib chiqdi, yana bir nafari boshqarma boshlig‘ining yaqin tanishining o‘g‘li bo‘lib chiqdi.

Ularning borib kelishi uchun mahalliy budjetdan 95 million so‘m ajratilgan ekan. Uch bolaning ota-onasidan 28 million so‘m mahalliy budjetga qaytarildi”, – dedi Burhonov.

Bundan tashqari, o‘rganishlarda holat davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid ekani haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyatiga taqdimnoma kiritilgan, unda aybdorlarga qat’iy choralar ko‘rish so‘ralgan.

O‘rganishlar natijasida 28 millionni qaytardik. Yana bir bor o‘rganib, yana budjetga zarar yetkazilgan bo‘lsa uni ham qaytarish, shuningdek, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun mutasaddilarga, birinchi navbatda, boshqarma rahbariga hamda boshqa aybdorlarga keskin chora ko‘rish, ya’ni lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taqdimnoma kiritdik. Bu bo‘yicha o‘n kun ichida javob berilishi kerak”, degan Burhonov.

Kun.uz saytida e’lon qilingan materialda sayohatga borganlar orasida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘g‘li va jiyani, shuningdek boshqa mas’ullarning farzandlari ham borligi aniqlangani bo‘yicha xabar berilgandi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan bildirgan munosabatida dastlab mazkur tadbir uchun 14 nafar iqtidorli o‘quvchi va 1 nafar mas’uldan iborat delegatsiya shakllantirilgani, ammo ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasportlari o‘z vaqtida tayyor bo‘lmagani va ayrimlarining ota-onalari safarga ruxsat bermagani sababli ro‘yxat o‘zgartirilganini ma’lum qilgandi.

Amaldorlar jinoyati nega yashiriladi?

Yanvarda davlat rahbari boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ko‘plab yuqori lavozimli mansabdorlar, xususan, II vaziri o‘rinbosari, O‘zbekneftgaz raisi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari qamoqqa olingani, ularning qilmishi yuzasidan taftish ketayotgani e’lon qilingandi.

2021 yilda qabul qilingan prezidentning 34-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, agentlik korrupsiyaviy jinoyatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga so‘rov yuborib, batafsil ma’lumot olish vakolatiga ega.

Xo‘sh, nima sabab tashkilot bu vakolatidan foydalanib shu vaqtgacha yuqorida tilga olingan amaldorlar jinoyati yuzasidan tafsilotlarni e’lon qilmaydi? Burhonov buni aybsizlik prezumpsiyasi bilan bog‘ladi.

Ko‘p muhokamalar ham bo‘ldi, kimdirniki e’lon qilinyapti, kimdirniki e’lon qilinmayapti. Vaholanki, ularning ham tartibi bor, aybsizlik prezumpsiyasi bor. Hozir tergov harakatlari olib borilyapti. Hattoki bizning ham buni chiqarishga haqqimiz yo‘q, ayrim emas, o‘zi barcha keyslarda. Lekin biz mana shu media portalni ishga tushirish orqali barcha korrupsion ishlarni, bu Ichki ishlar vazirligida bo‘ladimi yoki Xavfsizlik qo‘mitasida yoki Bosh prokuratura va uning idoralari tomonidan olib borilayotgan korrupsion jinoyatlari bo‘ladimi – o‘sha aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilgan holda e’lon qilib borish tizimini yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Bu yo‘lga qo‘yiladi va bunda o‘sha tizimli olib boriladi. Lekin aynan bu ishlar bo‘yicha yana aytib o‘tganimdek, aybsizlik prezumpsiyasi va tergov harakatlari olib borilayotganligi bois, buni hozir biz oshkor qila olmaymiz, lekin asosiysi, uchala holatda ham qo‘yilayotgan ayblov – davlat budjeti mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq, demak, huquqbuzarliklar sodir etilgan”, – dedi u.

Ma’lumot uchun, Kun.uz manbalari 50 nafardan ziyod mansabdorlar bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqilyotganini aytgandi. Tahririyat bunday rotatsiyalar nimani anglatishi va keyingi kartinani mutaxassislar qanday tasavvur qilayotgani yuzasidan studiyada o‘tgan suhbatida muhokama qilgandi.

Mansabdorlar mol-mulkini deklaratsiyalash va korrupsionerlar reyestrini yuritishga oid qonun loyihalari qayerda?

2017 yildan beri “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi kutiladi. 2025 yil 5 mart kuni prezident boshchiligida korrupsiya masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilib, hujjat may oyida tayyor qilinishi yuzasidan topshiriq berilgandi. Bu davlat rahbarining tegishli farmoni bilan ham mustahkamlandi.

Ammo 2026 yilning fevrali ham keldiki, qonundan darak yo‘q. Hujjat qabul qilinishi nega kechikyapti? Akmal Burhonov Aksilkorrupsiya agentligida qonun loyihasi bilan bog‘liq ish qolmaganiga ishora qildi.

Bu qonun loyihasi takomiliga yetkazilib, parlamentga kiritishdan, qabul qilishdan oldin keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish masalasi [turibdi]. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish vakolati Adliya vazirligida, lekin ishlab chiquvchi, ya’ni bu qonun loyihasining tashabbuskori, yuridik tilda aytganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hisoblanadi. Shu topshiriqdan kelib chiqqan holda, biz qonun loyihasini takomiliga yetkazishni tugatdik va o‘sha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish bo‘yicha hozir o‘zining jarayonidan o‘tmoqda”, – dedi u.

Burhonovning aytishicha, qonun 2021–2022 yillarda ishlab chiqilgan. Lekin “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingach, hujjatda o‘zgartirishlar qilishga majbur bo‘lishgan.

Kimlar deklaratsiya topshirishi kerak, degan masala. Va unda ketdiki, davlat fuqarolik xizmatchilarining reyestri yuritiladi, deyildi. U reyestr ham 2025 yilning deyarli oxirida e’lon qilindi. Hozir reyestrdan kelib chiqib, lavozimlar qo‘yib chiqilyapti. U yerda daraja, toifalar belgilanishi belgilanyapti. Vazirlik-idoralarda o‘sha davlat xizmatchilariga toifa, malaka darajalari berilyapti. Lekin hali ham oxiriga yetgani yo‘q, ya’ni rahbar darajasidagilarga hali toifalar yo‘q. Shu narsalar, ya’ni qonunchilikdagi o‘zgarishlar hisobiga biz qonunni takomillashtirishga majbur bo‘ldik. Kimlar tushadi, degan sub’yektni belgilab olish kerak.

Men o‘sha oldingi matbuot anjumanlarida ham aytganman, umumiy bizda konsepsiya bor, bosqichlari bor. Eng yuqori rahbarlardan tortib, parlament, hukumat a’zolarigacha deklaratsiya topshiradigan tizim bo‘ladi. Ma’muriy islohotlar ikki marta bo‘ldi, agar rasmiy aytadigan bo‘lsak. Biz orada, hatto platformalar ham yaratdik. Ya’ni, qanaqa ishlashi bo‘yicha integratsiya masalalari. Biz sinov tariqasida Davlat bojxona qo‘mitasida ishga ham tushirdik. Agar bu haligi to‘xtab qoladigan jarayon bo‘lganda, platformalar ishlab chiqilmasdi. Ya’ni aytganimdek, yuridik jarayonlar, qonunchilik texnikasi jarayonlaridan o‘tyapti”, – dedi u.

Shuningdek, yig‘ilishda jurnalistlar 2021 yildan beri muhokamalarda qolib ketayotgan yana bir muhim hujjat: “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” qonun loyihasining taqdiri haqida ham so‘rashdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha 2024 yilda Prezident Administratsiyasiga kiritilgan va u yerda e’tirozga sabab bo‘lib, yana bir bor takomillashtirish uchun qaytarilgan.

Reyestr ham kun tartibida turgan qonun loyihasi. U ham xuddi shunaqa ma’muriy islohotlar bilan bog‘liq. Chunki o‘sha reyestr qilgandan keyin ularning darajasi, davlat xizmatchilarining kimlar kiritilishi va boshqa [masalalar bor]. Lekin qonun loyihasi hech qanaqa qayerdadir to‘xtab qolgani yo‘q, muammo yo‘q. Bu ham qonunchilik texnikasi nuqtai nazaridan. Bilasiz, agentlikda qonunchilik tashabbusi yo‘q. Tashabbuskor orqali [hujjatni] kiritish rejalashtirilgan. Ya’ni, bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi orqali bu qonun loyihasi[ning takomillashtirilishi] hali ham davom etyapti. Bu yakuniga yetgandan keyin Vazirlar Mahkamasi orqali parlamentga kiritiladi”, – dedi Burhonov.

Ta’kidlanishicha, hujjatda kamchiliklar mavjud. “Bu qonun qabul qilinmasligiga to‘siq yo‘q, boshqa siyosiy masala yoki boshqa qanaqadir topshiriq, unaqa narsa yo‘q”, – dedi direktor.

Pulli “parkovka”larni tashkil etishda korrupsion omillar aniqlangan

Antikor agentligi Prezident Administratsiyasiga kiritgan 25 ta tahliliy ma’lumotdan biriga ko‘ra, Toshkent shahrida pulli parkovkalar tashkil etish bilan bog‘liq jarayonlarda korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Burhonov bunda qonunchilikda mavjud bo‘lmagan amaliyotlar joriy qilinganini aytdi.

Amaldagi qonunchilikda to‘xtash joyini qayerga qilish bor, yo‘lning qatnov qismida degan joy yo‘q. Lekin ko‘ryapmizki, amalda yo‘lning qatnov qismiga ham “parkovka” qilingan joylar yoki bo‘lmasa, oldin to‘xtash mumkin bo‘lmagan joylarga “parkovka” sifatida qilingan. Shunday juda ko‘p holatlar, bizning til bilan aytganda korrupsiyaviy omillar yoki qonunchilikdagi bo‘shliqlarni aniqladik.

Bu bo‘yicha tahliliy ma’lumot tayyorladik. Prezident administratsiyasiga agentlik nomidan kiritdik. Bundan tashqari, boya aytganimdek, jamoatchilik kengashi bizga savolnoma qilib berishdi, 10dan ortiq savollari bor, nimaga, qaysi qonunchilikka ko‘ra va boshqa-boshqa. Ularni biz mutasaddi idoralarga yubordik va jamoatchilik kengashimiz tomonidan jamoatchilik eshituvini o‘tkazaylik, shu savollarga javobni o‘zlaridan eshitmoqchimiz, degan talab qo‘yilgan. Yaqin kunlarda ularning javobini umumlashtirgandan keyin, bu bo‘yicha mas’ullar bilan birga jamoatchilik eshituvini o‘tkazish ham rejalashtirilgan”, – dedi Akmal Burhonov.

2025 yilning eng korrupsiyaviy tashkilotlarining nomi e’lon qilindi

Agentlikka ko‘ra, 2025 yilda 6 373 nafar shaxs tomonidan 5 222 ta jinoyat sodir etilgan. 2024 yilda bu raqam 5 716 tani tashkil etgan. Hududlar kesimida Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida ko‘payish, Xorazm, Qashqadaryo, Toshkent hamda Samarqand viloyatlarida kamayish kuzatilgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning eng ko‘p korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan tashkilotlari deb Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda mahalliy hokimliklar topilgan.

Tuman-shahar darajasida korrupsion jinoyatlar bo‘yicha 12 nafar hokim javobgarlikka tortilgan. [Jinoyatlar] 300 dan ko‘p mahalliy hokimliklarga to‘g‘ri keladi va ularning ham aksariyat, 80-90% dan ko‘pi hokim yordamchilari bilan bog‘liq. Va biz buni tahlil qildik, o‘rgandik. Bu yerda juda ham ko‘p korrupsiyaviy omillar bo‘lgani uchun ularda mana shu jinoyatlar ko‘p bo‘lgan. Va biz hozir o‘sha subsidiya berish, imtiyozli kreditlar ajratishni inson omilisiz, ya’ni hokim yordamchisiga bog‘liq bo‘lmagan holda, mahalla yettiligi, kollegial qaror qabul qilish va inson omilisiz raqamlashtirish choralari ko‘rildi. O‘ylaymanki, xuddi autsorsingni aytganimdek, 2026 yilda hokim yordamchilari tomonidan sodir etiladigan korrupsiyaviy jinoyatlar salmog‘i keskin kamayishiga erishiladi”, – dedi Burhonov.

Qo‘shimcha qilinishicha, hokimliklar kesimida eng ko‘p korrupsiyaviy jinoyatlarni Toshkent shahri – 612 ta, Toshkent viloyati – 584 ta, Farg‘ona viloyati – 455 ta sodir etgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 10 fevral sanasida korrupsiyaga qarshi kurashda yetakchi global fuqarolik jamiyati tashkiloti – Transparency International tomonidan 2025 yilga oid mamlakatlarning korrupsiyaga oid reytingi e’lon qilinishi kutilmoqda. 

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева

Mavzuga oid