O‘zbekiston | 11:25 / 26.04.2022
51139
3 daqiqa o‘qiladi

Pora orqalagan «Shum bola» – Aksilkorrupsiya agentligi binosi devoriga hajviy rasm chizib ketildi

Toshkentda korrupsiyaga atalgan strit-art paydo bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonov o‘zi rahbarligidagi tashkilot devoriga chizib ketilgan ushbu graffitiga munosabat bildirdi.

Devorlarga monopoliya, benzin narxiga doir hajviy-tanqidiy suratlar chizib ketishi bilan tanilgan, asosan tunda ijod qiladigan Inkuzart taxallusli ko‘cha rassomi, bugun, 26 aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi binosining devoriga chizgan yangi rasmini e’lon qildi. 

Tunda chizilgan suratda «Corruption» (ingliz tilida «korrupsiya», «poraxo‘rlik» ma’nolarida) so‘zi yozilgan qop ko‘tarib olgan Shum bola obrazi tasvirlangan.

Agentlik direktori Akmal Burhonov o‘zining Telegram-kanalida ushbu suratga munosabatini e’lon qildi.

«Bu yukdan qancha tez qutulsak, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga shuncha tez erishamiz. Buning uchun nafaqat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, balki aholining barcha qatlamlari faol ishtirok etishlari, ko‘maklashishlari kerak.

Agentlik mazkur graffiti muallifi @inkuzart'ning ijodiy g‘oyasini va shu kabi korrupsiyaga nisbatan murosasizlikka qaratilgan kreativ yondashuvlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi», – deb yozgan Akmal Burhonov.

 

Mazkur surat jamoatchilik orasida muhokamalarga ham sabab bo‘ldi.

Xususan, iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi qo‘yilayotgan haykallar sovet davridagi Lenin haykallaridan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«Inkuzart’ga rahmat, albatta. Balki bu devor korrupsiya bilan kurashda har kuni yutqazayotgan va kambag‘allashayotgan o‘zbekistonliklar uchun yig‘i devori bo‘lib qolar.

Lekin har kuni, masalan, g‘orat qilingan Milliy bog‘ o‘rnida qo‘qqayib turgan Magic City’ga ko‘zim tushganda, Texnopark schyotchigi ko‘rsatkichlarini tekshirganda, qurilguncha uch barobar narxi shishgan ko‘prik ustidan o‘tayotganda, buzib yuborilgan tramvay yo‘li o‘rnidagi yerusti metrosiga chiqqanda, Navoiy ko‘chasida probkada turganda, yevro remont qilingan Mohi Xossani ko‘rganda – misollarni cheksiz sanash mumkin, o‘zimga o‘zim aytaman: O‘zbekistonda korrupsiyaga haykallar qurib bo‘lingan va qurilmoqda. Balki ular sovet davridagi Lenin haykallaridan ham ko‘proqdir», – deydi bloger.

Bunga qadar muallifning bir qancha ko‘cha suratlari o‘chirib tashlangan edi. Xususan, 2021 yil sentabrida avtosanoat monopoliyasi va uzun navbatlarga bag‘ishlangan strit-art o‘chirib yuborilgan.

2021 yil noyabrda oyida benzin narxi oshishi tanqid qilingan ko‘cha surati yo‘q qilingandi.

2022 yil fevral oyida esa Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimining buyrug‘i bilan Eynshteyn portreti va uning formulalari aks etgan devor bo‘yab tashlangandi.

Mavzuga oid