O‘zbekiston | 12:17 / 20.02.2022
34676
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda maktab ro‘parasidagi devorda Eynshteyn tasvirlangan graffiti o‘chirib tashlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida ko‘p qavatli uyning devoriga chizilgan devoriy suratni maqtagandi. Oradan bir kun o‘tib Chilonzor tumani hokimi topshirig‘i bilan Eynshteyn tasvirlangan graffiti bo‘yab tashlandi.

Davlat rahbari 17 fevral kuni poytaxtning Yangihayot tumanidagi Do‘stlik mahallasiga tashrifi chog‘ida ko‘p qavatli uyning devoriga chizilgan devoriy surat – muralni ko‘rib, mas’ullarga nega hamma joyda shunday tasvirlar yo‘qligi haqida savol bergandi.

“Do‘stlik ramzi” deb nomlangan mural. Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident mas’ullardan bu kabi murallar qachondan boshlanganini so‘ragan. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bunga javoban bu turdagi devoriy suratlar 2021 yilning bahoridan chizila boshlanganini ta’kidlagan.

Prezidentning e’tibori tushgan mural “Do‘stlik ramzi” deb nomlanadi. Uning muallifi – Hasan Maycheyev.

Graffiti, posterlar, murallar, teglar, asfaltdagi rasmlar — bularning barchasi strit-art, shahar ko‘chalaridagi san’at hisoblanadi. Tasvirlar asosan biror muammoli mavzuni keng omma oldida targ‘ib qilish uchun yashirin tarzda chiziladi.

G‘arbda strit-art, ya’ni ko‘cha san’ati ommalashgan. Uning yo‘nalishlari ham, mashhur «ko‘cha rassomlari» ham talaygina. O‘zbekistonda esa ushbu yo‘nalish endi-endi rivojlanmoqda. UzAuto Motors monopoliyasi, benzin narxining ko‘tarilishiga bag‘ishlangan devoriy suratlari bilan jamoatchilikka tanilgan, asosan tunda ijod qiladigan Inkuzart taxallusli ko‘cha rassomi shulardan biridir.

Eynshteynga bag‘ishlangan graffiti. Foto: Telegram / Mikrofon ko‘targan ayol

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Eynshteyn portreti va uning formulalari aks etgan devor bo‘yab tashlandi. Bu tuman hokimining topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan. Chilonzor tumani hokimiyati matbuot xizmati Gazeta.uz muxbiriga Eynshteyn portreti va uning formulalari aks ettirilgan devor noqonuniy qurilma bo‘lgani bois bo‘yab ketilganini ma’lum qilgan. Tuman hokimining arxitektura, qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abror Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, surat muallifiga «boshqa bir qulay joy» taklif etiladi.

Bo‘yab tashlangan devoriy surat. Foto: Telegram / inkuzart

Asar muallifi, taniqli ko‘cha rassomi Inkuzart Telegramdagi kanalida san’atga ko‘rsatgan “hurmati” uchun Chilonzor tumani hokimiga “minnatdorchilik” bildirdi. Kanalda e’lon qilingan videoda Eynshteyn graffitining chizilish tarixi, keyin esa devor bo‘yab tashlanayotgani ko‘rsatilgan.

Bu “O‘zbek Benksi” deb ataladigan rassomning asarlari birinchi marta o‘chirib tashlanishi emas. 2021 yil sentabrida avtosanoat monopoliyasi va uzun navbatlarga bag‘ishlangan strit-art o‘chirib yuborilgan, noyabrda esa benzin narxi oshishi tanqid qilingan ko‘cha surati yo‘q qilingandi.

Mavzuga oid