Iqtisodiyot | 21:33 / 31.12.2019
57656
5 daqiqa o‘qiladi

Tashqi qarz, imtiyozlar va proteksionizm haqida Sardor Umurzoqov bilan suhbat

Yakunlanayotgan 2019 yil O‘zbekiston uchun o‘z nomi bilan faol investitsiyalar yili bo‘ldi deyish mumkin. Oktabr oyiga kelib, mamlakatning tashqi qarzi miqdori 21 milliard dollardan oshdi, jalb etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 2018 yilga nisbatan deyarli uch barobarga ko‘proqni tashkil etdi.

Kun.uz yil yakunida ushbu soha uchun bevosita mas'ul – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan intervyu tashkil qildi. Suhbat davomida vazir qator mavzular sirasida chetdan qarz olish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida: «Tashqi qarzimiz juda ko‘payib ketdi, ertaga farzandlarimiz to‘lashi kerak bo‘ladi», degan fikrlar juda ko‘payib ketdi. Bir narsani aniq o‘zimiz uchun tushunib olishimiz kerak. Birinchidan, O‘zbekistonning hozirgi kundagi tashqi qarz miqdori juda ham past darajada deb hisoblanadi. Buni o‘lchashning o‘ziga yarasha metodikasi bor, masalan YaIMga nisbatan ulushini olish mumkin.

To‘g‘ri, tashqi qarzimiz 2019 yilda oldingi yillarga nisbatan keskin oshgan. Bunda oldingi yillarda chetdan qarz juda kam olinganini inobatga olish kerak. Iqtisodiyotimizga, yalpi ichki mahsulotimizga nisbatan oladigan bo‘lsak, darajasi yuqori emas. Hozir hatto o‘rtamiyona sanaladigan darajadan ham past.

Ikkinchidan, tashqi qarz olish xavotirli narsa emas. Agar bu qarz noto‘g‘ri sarflansa yoki shaffof bo‘lmagan jarayonlar orqali o‘zlashtirilsa, ana shunda bu xavotirli bo‘ladi. Mana shu ikkita narsa juda muhim. Agar tashqi qarzni birinchi navbatda infratuzilmaga: yo‘llar, suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimlari, gaz va elektr bilan ta'minlash yo‘nalishlariga yo‘naltiradigan bo‘lsak, bu albatta kelgusidagi investitsiyaviy jozibadorligimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijobiy ta'sir qiladi. Va albatta, birlamchi vazifamiz – mana shu tashqi qarzga olingan mablag‘larni shaffof yo‘l bilan ishlatish. Ya'ni pudratchilarni aniqlash, ishni bajarib beradigan xoh xorijiy, xoh ichki shirkatlarni aniqlash jarayonlarining shaffofligini va narxlarning to‘g‘riligini nazorat qila olsak, qolaversa to‘g‘ri yo‘nalishlarga ishlatilsa, bu mablag‘lar – iqtisodiyotning kelgusida o‘sishi uchun eng ijobiy, eng katta omil bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun bizda xavotirli joyi yo‘q.

Kelgusidagi investitsiyalarning barqaror jalb etilishini xohlasak, infratuzilmani rivojlantirishimiz kerak. Bu – bir. Tashqi qarz ishlatiladigan ikkinchi yo‘nalish – ijtimoiy soha. Maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi, oliy ta'lim, sog‘liqni saqlash kabilarning hammasi – aslida davlat hisobidan moliyalashtiriladigan sohalar. Lekin bugungi kunda davlat budjetining imkoniyatidan kelib chiqib, bu masalalarning hammasini to‘laqonli yecha olmaymiz. Chunki xalqimiz aytganidek, ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak. Bunday holatda tez suratlar bilan soni oshib borayotgan aholimizga teng sharoitlarni yaratish uchun eng to‘g‘ri yo‘l – uzoq muddatli, imtiyozli, ya'ni foizi past tashqi qarzni jalb etish. Shu orqali bugun shu masalalarni yechish. Muhtaram yurtboshimiz ham aytadilar: xalq bugun yaxshi yashashni xohlaydi, ertaga emas.

Bugun mana shunday sharoitni yaratish uchun qarz olib, uni aql bilan, ilmga asoslanib, aniq hisob-kitoblar bilan sarflab, keyinchalik 20-35 yil davomida qarzni qaytarish – juda ham to‘g‘ri va aqlli siyosat hisoblanadi», – deydi u.

Sardor Umurzoqov, shuningdek, alohida kompaniyalar va sohaviy uyushmalarga berilgan imtiyozlarga munosabati, import bojlari, proteksionizm, avtosanoat, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zolik ehtimoli, investitsiyalar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlarining ishidan qoniqmayotgani kabi masalalarda ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Mavzuga oid