Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat xizmatchilari har qanday turdagi mukofot va sovg‘a olishiga taqiq o‘rnatiladi
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonovning xabar berishicha, qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchilari maqomi, ularning huquq va majburiyatlari, davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari, davlat fuqarolik xizmatiga kirish ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi, davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi, xizmat safarlari, ijtimoiy himoyasi, davlat fuqarolik xizmatchisi hayoti va sog‘lig‘i davlat budjeti hisobidan majburiy sug‘urta qilinishi kabi masalalar belgilanmoqda.
Loyihada davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritilishi, davlat fuqarolik lavozimlari guruhlar, toifalarga bo‘linishi va malaka darajalari hamda davlat fuqarolik xizmati lavozimi turkumlari tartibga solinishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq quyidagi bir qator taqiqlar nazarda tutilgan:
- o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda bo‘lgan shaxslar bevosita bo‘ysunuv va nazorati ostidagi davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash;
- pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari boshqa haq to‘lanadigan faoliyat turi bilan shug‘ullanish;
- tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish;
- mavqeidan foydalanib yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishi evaziga har qanday turdagi mukofot yoxud sovg‘a olish;
- chet el fuqaroligiga ega bo‘lish, respublika hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochish va egalik qilish, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish.
Bundan tashqari, loyihada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida bob ajratilgan bo‘lib, unda davlat fuqarolik xizmatchisining manfaatlar to‘qnashuvini hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslari belgilanishi va rioya qilish yuzasidan monitoring va nazorat o‘tkazilishini ta'minlash, davlat fuqarolik xizmatchisining sovg‘a olish va berish tartibini belgilash, davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalari, xususan davlat fuqarolik xizmatchisining xizmatda va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorining asosiy qoidalarini belgilash kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ma'lumot uchun, “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi ilk qonun loyihasi 2017 yil yozida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilgandi. 2020 yilda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” qonun loyihasini Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ishlab chiqib, muhokamaga qo‘ygandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida 2021 yil 1 sentyabrgacha «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini takomillashtirib, Hukumatga kiritish vazifasi qo‘yilgandi.
Mavzuga oid
14:43 / 23.12.2025
Davlat fuqarolik xizmatchilari yilda kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tadi
16:53 / 08.03.2025
“Korrupsiya baribir yo‘qolmaydi degan ko‘nikish paydo bo‘lib qoldi” - ekspertlar bilan suhbat
15:59 / 13.11.2023
Majburiy mehnatning ommaviy shakllaridan kechildi, davlat idoralaridagisi-chi? – ekspertlar bilan suhbat
15:50 / 26.12.2022