O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2021 yil 1 sentabrgacha “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish;
- xodimlarning kasbga oid fazilatlari va alohida xizmatlari (meritokratiya tamoyili) asosida xizmat pog‘onalarida ko‘tarilishining shaffof mexanizmlarini joriy etish.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish tartibi 2021 yil 1 sentabrdan boshlab joriy etilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar bilan ishlash, xo‘jalik ishlari, moliya-iqtisod bo‘linmalari va nazorat funksiyasiga ega tuzilmalar rahbarlarini muayyan muddatda rotatsiya qilish hamda suiiste’molchiliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar yaratiladi. Tegishli takliflar 2 oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
1 sentabrgacha Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi ishlab chiqilib, parlament palatalarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi.
Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarga davlat xizmatiga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilik va boshqa suiiste’molchiliklarning oldini olishga qaratilgan normalarni kiritish reja qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda davlat xizmati islohoti 2019 yilda boshlangan, ammo keyinroq bu boradagi vazifalar kun tartibidan tushib qolgandi.









