O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ilk davrida (mart-aprel oylarida) kuniga 7-8 ming kishi test qilindi. Bu davrda kunlik o‘sish ko‘rsatkichi o‘rtacha 100ta holat edi. Iyun oyi oxiriga kelib kunlik testlar soni o‘rtacha 17 mingga yetdi va jami testlar soni 1 milliondan oshdi.
2020 yil 24 iyundan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ixtiyoriy murojaat qilgan davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari hamda fuqarolarni ushbu infeksiyaga pullik asosda tekshirishga ruxsat berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida «Tibbiyot dunyosi», Swiss Lab, Vitros Diagnostics, «Genotexnologiya» va Akfa Medline singari nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘z laboratoriyalarida koronavirus infeksiyasini pullik asosda tekshirish xizmatini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida xabar berdi.
10 iyul kuni Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov O‘zbekistonda 9 iyul kuni 17785ta test o‘tkazilgani, 10 iyul holatiga ko‘ra, mavjud virusologik laboratoriyalarda jami 1 mln 377 ming 915 kishidan koronavirusni aniqlash bo‘yicha namunalar olingani haqida ma'lumot berdi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda SES markazlarida navbatlar kattaligi tufayli test topshirish imkonsiz ishga aylangani, «Toshkentdagi test olishi mumkin bo‘lgan aksariyat xususiy klinikalar 10 iyul, juma kunidan boshlab test olishni ham to‘xtatgani» haqida xabarlar tarqaldi.
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan testlar soni yetarli darajadami? Quyida qo‘shni mamlakatlar va boshqa xorijiy mamlakatlar bilan qiyos keltiriladi.
Ayni paytda O‘zbekiston o‘tkazilgan testlar soni bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘istondan keyingi o‘rinda bormoqda. Qozog‘istonda 10 iyul holatiga ko‘ra, 1 659 543ta test o‘tkazilgan bo‘lib, testlar soni umumiy aholi soni nisbatiga ko‘ra har 11-kishiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich har har 24-kishiga, Qirg‘izistonda har 27-kishiga, Afg‘onistonda har 493-kishiga to‘g‘ri kelmoqda.













