O‘zbekiston | 13:04 / 23.06.2020
12752
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalariga koronavirus testi o‘tkazishga ruxsat berildi

24 iyundan boshlab davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari hamda fuqarolar uchun ushbu infeksiyaga tahlil topshirishda ixtiyoriy, pullik asosda nodavlat tibbiyot tashkilotlari xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyati yaratildi. Laborator tahlil uchun namunalar tibbiyot tashkiloti, ish va yashash joyi yoki maxsus avtotransportda olinishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda endilikda koronavirusni aniqlash uchun test tahlilini nodavlat tibbiyot muassasalarida ham topshirish mumkinligi haqida xabar berdi.

«Hozirgi kunda shifoxonalardagi bemorlar, uy va statsionar karantinda tibbiy kuzatuvda bo‘lgan barcha fuqarolar tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq, muntazam laborator tekshiruvlardan o‘tkazib kelinmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizda boshqa fuqarolar uchun ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi virusologik laboratoriyalarda Covid-19 infeksiyasiga bepul tahlildan o‘tish imkoniyati yaratilgan. Kechaning o‘zida 16897ta, epidemiya mavsumi davomida esa jami 1 055472ta test sinovi bepul o‘tkazildi.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini erta aniqlash ko‘lamini kengaytirish va tarqalishining oldini olish maqsadida, shuningdek, qator tashkilot va fuqarolarning bu haqdagi murojaatlarini e'tiborga olib, joriy yil 24 iyundan boshlab davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari hamda fuqarolar uchun ushbu infeksiyaga tahlil topshirishda ixtiyoriy, pullik asosda nodavlat tibbiyot tashkilotlari xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyati yaratildi», deyiladi vazirlik xabarida.

Endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlari bilan tegishli tartibdagi shartnomani imzolagan hamda laboratoriyasi talabga javob berishi to‘g‘risidagi xulosani olgan barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari koronavirus infeksiyasini faqat polimer zanjirli reaksiya (PZR) usulida tekshirishlari mumkin.

«O‘z laboratoriyasida koronavirus infeksiyasini zanjirli polimer reaksiya usulida, pullik asosda tekshirishni tashkil etmoqchi bo‘lgan nodavlat tibbiyot tashkiloti, avvalo, bu borada belgilangan barcha sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilishi lozim. Tekshiruvda qo‘llaniladigan test-sinamalar (diagnostikum) hududiy sanitariya osoyishtaligi markazlari bilan kelishiladi. Koronavirus infeksiyasini laborator sharoitida aniqlash narxini nodavlat tibbiyot tashkiloti mustaqil belgilaydi», deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Lisenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulov.

Laborator tahlil uchun namuna (surtmalar) nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘zida, shu bilan birgalikda, so‘rovga ko‘ra, murojaat qiluvchining tashkilotida, fuqarolarning yashash manzilida hamda maxsus avtotransportlarda olinishiga ruxsat berildi.

Shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkiloti hududiy sanitariya osoyishtaligi markazlariga kunlik umumiy ma'lumotlarni hamda koronavirus infeksiyasiga ijobiy natija bergan surtmalarni yetkazib beradi.

Koronavirus infeksiyasini polimer zanjirli reaksiya usulida pullik tekshirishlarni tashkil etishni xohlovchi nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlariga shartnoma tuzish uchun murojaat qilishlari mumkin.

O‘z navbatida vazirlik Covid-19’ga tahlilni o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolagan nodavlat tibbiyot tashkilotlari to‘g‘risida qo‘shimcha ma'lumot beradi.

Mavzuga oid