— Turkiyada yashovchi hamyurtlarimiz ushbu mamlakatda energoresurslar qimmat, lekin barqarorligini ta’kidlaydi. Ya’ni odamlar qor yoki yomg‘ir ko‘p yog‘gan paytlarda svet o‘chib qolishi, gaz bosimi tushib kelishini o‘ylashmaydi. Aksariyat ekspertlar O‘zbekistonda ham xuddi shu narsa joriy etilishi mumkinligi, buning uchun soha xususiylashtirilishi kerakligini ta’kidlab keladi. O‘zbekiston hukumati ham shuning harakatida.

O‘tgan yili 1 iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tilishi e’lon qilingan, biroq jamoatchilik noroziligidan cho‘chigan hukumat oxirigacha turib berolmay bu islohotni noma’lum muddatga kechiktirgandi.

Nima deb o‘ylaysiz, energoresurslar tarifi ikki baravar oshirilsa va iste’molchilar uchun ijtimoiy norma belgilab berilgandi, normadan ko‘proq ishlatganlar qimmatroq to‘lasa, tizimdagi muammolar hal bo‘ladimi? Yoki sohadagi korrupsiya, o‘g‘rilik, hisob-kitoblarda shaffoflikning yo‘qligi fonida bu islohot ham natija bermaydimi?

Umid Mamadaminov, Stantop Energy MChJ rahbari:

— Tarif masalasini Moliya vazirligi qo‘yadi. Davlatga elektr tannarxni aslidan kamaytirgan holatda xalqqa sotadi. Lekin bu narsani doimiy ushlab turib bo‘lmaydi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tib borganimiz sari, narx ham ko‘tarilib boshlaydi. Bu sohada xususiy kompaniyalar ham ko‘paymoqda, o‘z-o‘zidan bozor muhiti paydo bo‘ladi.

Bozor muhitida esa biz xohlasak-xohlamasak o‘sha tizimga o‘tamiz. Bu narsa masalaning ko‘p qismini hal qiladi. Ishlab chiqaruvchi korxona o‘z xarajatlarini qoplab, foyda qilgach, albatta, ishlab chiqarishni oshiradi, sifatni yaxshilaydi. Bu holatda hududiy tarmoqlarda ham infratuzilma yangilanib boradi.