Qish uchun tezak g‘amlashga chaqirgan hokim: u aytgandek “gazning tagi yo‘q” bo‘lsa, gaz eksporti nega to‘xtamayapti? Milliy pochta marketpleyslar nishonida: yangi mulkdor allaqachon aniqmi? Yo‘qotilgan tramvay izidan: poytaxtning o‘nta ko‘chasida BRT liniyasi paydo bo‘ladi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari Kun.uz dayjestida.

Qish yaqin...

Oktyabr oyi o‘rtalariga kelib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetgan bo‘lishi kerak. Mahalliy mas’ullar qilingan ishlar haqida deputatlar qarshisida hisobotlar bera boshlagan. Shunday hisobotlarning birida chekka bir tuman hokimi dilidagini tiliga chiqarib yuborib, butun respublika e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Gap Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov haqida ketyapti. U gaz idorasi boshlig‘ining tuman kengashidagi hisobotidan keyin, gapning dangalini aytib qo‘ya qoldi: gazsiz yashayotgan qumqo‘rg‘onliklar qachondir gaz kelishidan umidvor bo‘lmay, qish uchun tappi g‘amlab qo‘yaverishi kerak.

“Mana, oddiy bir tezak, hech kim tezak qilmaydi. Tezak qilib, uylarga chalmalarni yig‘ib, bosib qo‘yib, qishda qor yog‘ganda ikkita taylab qo‘ysa bo‘ladi-ku. Nimaga endi biz gaz-gaz deb qoldik? To‘g‘ri tushuninglar: gazning tagi bo‘lsa qani, tagi yo‘q-da shuning!”dedi hokim Normamatov.

Gaz bo‘lmasligi haqida ro‘y-rost gapirilgani yaxshi albatta, lekin insoniyat Marsga uchish rejalarini tuzayotgan paytda, hayvon go‘ngini yoqib uy isitishdek ibtidoiy turmush tarzini xalqqa ravo ko‘rish va odamlarni shunga chaqirish – hokim darajasidagi siyosatchining malakasini savol ostiga qo‘yadi.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan hafta O‘zbekistondagi eng katta ko‘mir konlaridan biri Surxondaryoda joylashgani va aynan surxondaryoliklar ko‘mir olish uchun talato‘pda qolishga majbur bo‘layotganini aytgandik. Bu hafta esa, O‘zbekistondagi eng katta gaz koni ustida o‘tirgan surxon xalqi “gaz-gaz deyavermasdan, tezak yoqinglar” degandek tanbeh eshitdi.