Iqtisodiyot | 21:08 / 26.05.2021
28135
4 daqiqa o‘qiladi

«Trest 12»ga qariyb 5 trillion so‘mlik loyihalar tendersiz berilgan - Akmal Burhonov

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, qurilish vaziri Botir Zokirovning qarindoshlariga doxil «Trest 12» kompaniyasi 5 trillion so‘mga yaqin to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida qurilish ishlarini amalga oshirgan. Afsuski, ularning aksariyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan, deya ma'lum qildi Aksilkorrupsiya agentligi direktori.

Toshkentda, Mustaqillik maydonidagi ma'muriy binoni ta'mirlash va uning yonidagi favvora ostiga avtoturargoh qurish uchun 431 mlrd so‘m ajratilgan, tender o‘tkazilmasdan pudratchi sifatida «Trest-12» AJ  tanlangan edi.

Bu kompaniya hissadorlari orasida qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va rafiqasi ham borligi jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgandi. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi bu borada o‘rganish boshlaganini ma'lum qilgandi.

Kun.uz muxbiri 26 may kungi matbuot anjumanida ushbu o‘rganishlar natijasi haqida agentlik direktori Akmal Burhonovga savol berdi.

«Albatta, «Trest 12» bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilyapti. Dastlabki o‘rganishlarimiz bo‘yicha ko‘rdikki, [ushbu kompaniya tomonidan] adashmasam 5 trillion so‘mga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida qurilish ishlari amalga oshirilgan. Bu yerda ham, afsuski, aksariyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan va buning uchun javobgarlikning yo‘qligi masalasi turibdi.

Umuman, o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, nafaqat qurilish, balki 2020 yildagi barcha davlat xaridlarining 48 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilgan. Ya'ni u yoki bu farmoyish yoki qaror asosida.

Shuning uchun biz bu bo‘yicha ham taklif tayyorlayapmiz. Birinchi o‘rinda, davlat xaridlaridagi manfaatlar to‘qnashuvi. Ikkinchisi, turli farmoyishlar va bayonnomalar asosida qurilishlarni tendersiz berish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishni taqiqlash borasida qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz.

«Trest 12»ga qaytadigan bo‘lsak, o‘rganish natijasi bo‘yicha qonun buzilish holatlari aniqlansa, buni taqdim qilamiz.

[Qurilish vaziri bilan bog‘liq holat] o‘rganish jarayonida, chunki bu katta summa. Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlangan, buni yashirib bo‘lmaydi. Chunki Qurilish vazirligining ishga aloqasi bor», – dedi Akmal Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri sanaluvchi «Trest 12» AJning 27 foizlik hissasi qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va rafiqasiga tegishli.

2019 yilda qurilish vaziri etib tayinlangan Botir Zokirovning o‘zi ham ikki yil oldin «Trest-12»ning aksioneri bo‘lgan.

Vazirning o‘zi Mustaqillik maydonidagi davlat buyurtmasi bu korxonaga tendersiz berilganiga uning yoki oilasining aloqasi borligini rad etgan.

«Obektlar tendersiz faqat Prezident qarori va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan beriladi. Chunki bunga vakolati bor», – degandi Botir Zokirov 17 aprel kungi matbuot anjumanida.

Ma'lumot uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosini shu yil yozgacha 16,5 mlrd so‘mga ta'mirlash ham «Trest 12»ga tendersiz berilgan. Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini qurish bilan ham shu kompaniya shug‘ullanmoqda.

«Trest-12» 10 yil ichida 800 mln dollar qiymatdagi qurilish-ta'mirlash ishlarini bajargani haqida ma'lumotlar bor. Ular orasida davlat buyurtmalari ham anchagina: Vazirlar Mahkamasi, Senat va Moliya vazirligi binolarini ta'mirlash, «Bunyodkor» stadionini qurish shular jumlasidan.

  • Avvalroq, mart oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuviga oid qonun qabul qilinishini aytgandi.
  • Ta'kidlash joiz, manfaatlar to‘qnashuviga oid qonun 2021 yilgi davlat dasturiga kiritilmagan, hozircha uning loyihasi ishlab chiqilgan-chiqilmaganiga oid ma'lumotlar yo‘q.

Mavzuga oid