O‘zbekiston | 16:28 / 20.10.2025
3300
5 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Tsementni birja orqali majburiy sotish hajmi qisqartirildi. Bu narxlarni yanada oshirishi mumkin

Korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birjaga chiqarish talabi 25 foizga pasaytirildi. Bu yilning talab yuqori bo‘lgan paytlarida narxlarni yanada qimmatlashtirishi mumkin. O‘tgan yil narxlarni tushirish vaji bilan sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasi 4 barobarga kamaytirilgandi. Bu amalda o‘z samarasini bermadi. Xususan, yil boshidan beri sementning birja narxlari 30 foizga qimmatlashdi.

Foto: Getty Images

Tsement ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birjaga chiqarish talabini 25 foizga pasaytirish ko‘zda tutilyapti.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu yilning talab yuqori bo‘lgan paytlarida narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.

“Bu qaror sementga talab keskin oshadigan, taklif ulgurmaydigan mart-oktyabr oylarida narxlarni yanada oshiradi. Shuningdek, yil davomida yirik ishlab chiqaruvchilarga qiziq bo‘lmagan chakana xaridorlar va mayda iste’molchilar yana jabr chekishadi”, deya yozdi Bakirov.

O‘tgan yil ham sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasini 2 barobarga pasaytirish reja qilinib, amalda birato‘la salkam 4 barobarga kamaytirilgandi. Bu qaror “sement mahsulotlari narxining keskin oshishi hamda narxlarning ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik”, “mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy sement yetkazib beruvchilar oldida raqobatbardoshligini oshirish” maqsadlari bilan izohlangandi.

Tsement narxi arzonlashdimi?

Soliq imtiyozlari ma’lum muddat sement bahosining pasayishini ta’minlagan bo‘lsa-da, joriy yilga kelib narxlar yana osha boshlagan.

Tsement bo‘yicha o‘rtacha birja narxlari (1 tonna uchun):

2025 yilning boshidan beri sement narxi 30 foizga qimmatlashgan. Ya’ni soliq stavkalarini pasaytirish amaliyoti amalda narxlarni arzonlashtirmagan, balki davlat budjetiga tushumlar miqdorining kamayishiga sabab bo‘lgan xolos.

Bu kabi amaliyot oldin ham bo‘lgan, lekin samara bermagan. Xususan, 2022 yil O‘zbekistonda yerosti boyliklari bo‘yicha soliqlar anchagina pasaytirilgan edi. Xususiy kompaniyalar uchun tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkasi 3 baravarga, neft va gaz kondensati bo‘yicha 2 baravarga kamaygandi. Bundan maqsad – xususiy kompaniyalarni investitsiya kiritishga rag‘batlantirish ekani aytilgandi. Amalda esa 2022 yilda yer qa’ridan foydalanuvchilar bir yil oldingiga qaraganda salkam 2 trln so‘m yoki 12 foiz kam soliq to‘ladi, gaz qazib chiqarish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish 3 foizga kamaydi.

Yirik sement zavodlari kimlarga tegishli?

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 40 ta sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar mavjud bo‘lib, ularning yillik quvvati 39,7 mln tonnani tashkil etadi.

Qizilqumsement” AJ

Yiliga 5,7 mln tonna sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Zavodning 68,2 foiz ulushi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor kompaniya United Cement Group'ga, 31,8 foizi esa “Qizilqumsement”ning o‘ziga tegishli.

China Energy International Group Samarkand Sement” MChJ

Yillik quvvati – 3 mln tonna. 100 foiz ulushi Xitoy kompaniyalariga tegishli.

Toshkent Konch sement” MChJ

Yillik quvvati – 2,5 mln tonna. 65 foiz ulushi Conch International Holdings’ga, 35 foiz ulushi esa “Xin Lei” MChJga tegishli.

Shuningdek, quyidagilar ham yirik sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi:

  • Ohangaronsement” AJ, yillik quvvati – 2,4 mln tonna. Zavodning 99,9 foiz ulushi “Akhangaron Cement CA”ga tegishli;
  • Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari” MChJ, yillik quvvati – 2 mln tonna. Zavodning 90 foiz ulushi Shanxi Xiangsheng’ ga, 10 foiz ulushi Great Amirxan Oil’ga tegishli;
  • "Huaxin cement Jizzakh" MChJ, yillik quvvati – 1,66 mln tonna. Yagona ta’sischisi – Huaxin Central Asia Investment;
  • Bekobodsement”, yillik quvvati – 1,6 mln tonna. Aksiyadorlar tarkibi yopiq. Shuningdek, “Quvasoysement” AJning (quvvati – 1,08 mln tonna)  qariyb 90 foiz ulushiga Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan “Raybird limited”, “Rayblock limited” hamda “Rayeross limited” kompaniyalari egalik qiladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga sement import qilish uchun 30 foizlik boj joriy qilingan.

Mavzuga oid