O‘zbekiston | 18:06 / 29.09.2021
11362
1 daqiqa o‘qiladi

Bahrom Abduhalimov administratsiya va hukumat binolarini Toshkentdan tashqariga chiqarishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov o‘zining saylovoldi dasturida Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va davlat idoralari shahardan tashqariga chiqarishni taklif qilmoqda.

Foto: KUN.UZ

“Adolat” partiyasi nomzodi, shuningdek, mansabdorlarning o‘z mavqeyidan foydalangan holda yer maydonlari va barcha tabiiy resurslarni taqsimlashiga mutlaqo chek qo‘yilishi hamda mamlakat boyligi bo‘lgan barcha resurslar mansabdorlarga emas, so‘zsiz, xalqqa tegishli bo‘lishi kerakligini ta'kidlagan.

“Mamlakat poytaxtini kengaytirish va rivojlantirish tarafdorimiz. Ammo biz, mavjud xonadonlarni buzish evaziga emas, poytaxtning ma'muriy markazini, ya'ni Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va davlat idoralarini shahardan tashqariga chiqarib, poytaxtni xalqimizning dam olish, sayohat qilish va hordiq chiqarish maskaniga aylantiramiz. Poytaxtni tom ma'noda xalqqa beramiz!” – deyiladi Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturida.

O‘zbekiston prezidentligiga saylov 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda saylovda ishtirok etadigan beshta siyosiy partiya yetakchilari aholi orasida o‘z targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.

 

Mavzuga oid