Aydarkoʻldan Maldiv orollarigacha: kuzda qayerga borish mumkin?
|19:0086510 min
Reklama
Kuzda Oʻrta yer dengizida jazirama pasayadi, Janubi-Sharqiy Osiyoda yomgʻirlar toʻxtaydi, mehmonxonalarda esa narxlar arzonlashadi. Yoʻlovchi trevel-mediasi ushbu kuzda borish mumkin boʻlgan mamlakatlar toʻplamini tayyorladi: xoh qoʻshnilarnikiga qisqa safar boʻlsin, xoh dengizga yoki Oʻzbekiston boʻylab tabiat qoʻyniga. Narxlar Aviasales.uz qidiruvining 2026-yil sentabr oyi maʼlumotlariga koʻra bir tomonga koʻrsatilgan.
Qoʻshnilar: dam olish kunlari uchun qisqa safar
Qozogʻiston
Oʻzbekistonliklar uchun viza talab qilinmaydi, mamlakatda 90 kungacha boʻlish mumkin. Kunduzi Olmaotada 15–20 °C, Ostonada esa salqinroq - 10–15 °C.
Ikki-uch kunga borib kelish uchun bu eng yaqin variant. Kuzda Olmaota xazonlarga burkanadi: dor yoʻlida Shimbuloqqa koʻtarilish, Kolsay koʻllarigacha yoki Chorin kanyonigacha borish mumkin. Ostonadan esa Burabayga - qaragʻayzorlar, qoyalar va koʻllar tomon yoʻl olishadi. Aviachiptalar narxi 1,6 mln soʻmdan boshlanadi. Yana unutmang: endi safardan kamida 72 soat oldin mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnoma rasmiylashtirish kerak.
Qirgʻiziston
Viza kerak emas - mamlakatda vizasiz 60 kungacha qolish mumkin. Kunduzi Bishkekda 15 °C atrofida boʻladi.
Bu yoʻnalish togʻlar, treking va sokinlikni xohlovchilar uchun. Bishkekda ajoyib qahva madaniyati mavjud, ammo shaharda uzoq qolib ketishga arzimaydi. Yaxshisi, Ala-Archa darasiga borgan maʼqul - u poytaxtdan bor-yoʻgʻi 40 km uzoqlikda joylashgan boʻlib, u yerga taksida yetib olish oson. Yana bir variant - uzoq sayrlardan soʻng isinib olish yoqimli boʻlgan Issiq-Ota issiq buloqlari. Kuzda sayyohlar kamayadi, turar joylar arzonlashadi, yozgi issiq esa otda sayr qilishga va oʻtovlarda tunashga ortiq xalaqit bermaydi. Bishkekka aviachiptalar 900 ming soʻmdan boshlanadi.
Gruziya
Viza rasmiylashtirish shart emas, mamlakatda usiz 365 kungacha boʻlish mumkin. Ammo safarning butun davri uchun
rasmiylashtirish kerak. Kunduzi Tbilisida harorat 20–25 °C atrofida boʻladi.
Bu yerda kuz uzum terimi va rtveli bayramiga toʻgʻri keladi. Oktabr oyida Tbilisida hosil bayrami - Tbilisoba oʻtkaziladi, Kavkaz oʻrmonlari sargʻayadi, parvoz narxlari esa yozgiga nisbatan pasayadi. Aviasales.uz saytida Tbilisiga chiptalar 2,2 mln soʻmdan boshlanadi.
Armaniston
Oʻzbekistonliklar uchun 180 kungacha viza talab qilinmaydi. Kunduzi Yerevanda - 18–20 °C.
Oktabr - Dilijan oʻrmonlari yashildan sariq, toʻq qizil va alvon tusga kiradi, bozorlarda anor va xurmo paydo boʻladi, kechqurunlari esa terassalarda konditsionersiz ham bemalol oʻtirish mumkin. Yerevanga chiptalar 2,5 million soʻmdan boshlanadi.,
Ozarbayjon
90 kungacha viza talab qilinmaydi. Kunduzi Bokuda - 18–20 °C.
Noyabr oyida Goʻychayda anor festivali boʻlib oʻtadi: toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchalarda noyob navlar, yangi siqilgan sharbat va narsharabni tatib koʻrish mumkin. U yerdan Bokuga borish ancha qulay - Kaspiy qirgʻogʻi boʻylab sayr qilish, kabob tanovul qilish hamda Icheri-sheherning qadimiy devorlari yonidagi shisha minoralarni tomosha qilish mumkin. Parvoz narxi 2,4 million soʻmdan boshlanadi.
Dengizga qayerga borish mumkin?
Turkiya
Viza kerak emas - mamlakatda usiz 90 kungacha boʻlish mumkin. Kunduzi 28 °C, suv harorati 25 °C atrofida.
Oktabrda bu yerda anorlar pishadi, bozorlarda mevalar mavsumi boshlanadi, Side xarobalari boʻylab esa jaziramada qolib ketish xavfisiz sayr qilish mumkin. Bu vaqtda Istanbul xarid qilish uchun juda mos keladi. Aviachiptalar 2,4 mln soʻmdan boshlanadi.
BAA
Oʻzbekistonliklar uchun viza talab qilinmaydi - mamlakatda 30 kungacha boʻlish mumkin. Kunduzi Dubayda 32 °C, dengiz suvi harorati 28 °C atrofida.
Kuzda Dubayda yozgi tanaffusdan soʻng Global Village yarmarkasi va safari-parki ochiladi, kechqurunlari esa savdo markazlariga yashirinmasdan qirgʻoq boʻylab sayr qilish maroqli. Bu katta oilalar uchun qulay variant: koʻngilochar mashgʻulotlar bolalarga ham, kattalarga ham topiladi. Parvozlar har kuni amalga oshiriladi, chiptalar narxi esa 1,6 mln soʻmdan boshlanadi.
Misr
Sharm-ash-Shayxda oʻzbekistonliklar 15 kunga bepul “Sinay shtampi”ni olishlari mumkin - u Taba, Nuvayba va Dahabda ham amal qiladi. Qohira, Luqsor va mamlakatning boshqa hududlariga borish uchun viza oldindan Toshkentdagi elchixonada rasmiylashtiriladi. Kunduzi 30 °C, suv 27 °C.
Kuzda Qizil dengizda issiq havo pasayadi va Giza ehromlariga yoki Luksorga borish mumkin boʻladi - yozda u yerda jismonan juda ogʻir. Shuningdek, bu paytda mahalliy mango mavsumi boshlanadi. Toshkentdan Sharm ash-Shayx va Xurgadaga toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam hamda charter reyslar mavjud. Aviachiptalar 3,6 mln soʻmdan boshlanadi.
Vyetnam
Elektron viza kerak, biroq toʻgʻridan-toʻgʻri yoki charter reys bilan uchsangiz, Fukuokka kerak emas. Kunduzi taxminan 30 °C, suv harorati 28 °C.
Vyetnam - bu faqat nonushta uchun qaynoq fo-bo shoʻrvasi emas, balki qarsildoq ban-mi bagetlari, quyultirilgan sutli achchiq drip-qahva va uzun qumli plyajlar demakdir. Dengiz uchun odatda Nyachangga yoki Fukuok oroliga yoʻl olishadi. Nyachangda bayk ijaraga olib, yovvoyi plyajlarni kashf qilish qulay, Fukuokda esa - dengiz yulduzlarini qidirish va toʻgʻridan-toʻgʻri dengiz ustidan oʻtgan eng uzun osma yoʻlda uchish mumkin. Agar koʻproq madaniyat istasangiz, oqshomlari mingtadan ziyod qogʻoz chiroqlar bilan yorishib turadigan koʻchalarda sayr qilish uchun Danang orqali Xoyanga borish marshrutini rejalashtiring. Chipta narxlari 4,2 mln soʻmdan boshlanadi.
Maldiv orollari
Oʻzbekistonliklarga yetib borganda 30 kunga viza qoʻyiladi. Kunduzi havo harorati - 30 °C, okeanniki - 29 °C.
Kuzda ayrim atollarda bioluminessent planktonning porlashini koʻrish mumkin: tunda qirgʻoq xuddi unga yulduzlar tushib qolgandek koʻrinadi. Sayohat byudjeti toʻgʻridan-toʻgʻri rejalaringizga bogʻliq: arzon mehmon uylari (gesthauslar) joylashgan mahalliy oroldagi hordiq suv ustidagi villalarga ega xususiy rezortdan bir necha baravar arzonroqqa tushadi. Parvoz kamida 4,2 million soʻm turadi.
Shri-Lanka
Uchishdan oldin oʻzbekistonliklar 30 kunga elektron ruxsatnoma (ETA) olishlari kerak. Kunduzi sohil boʻyida harorat 29 °C, suv esa - 28 °C.
Bu shunchaki shezlongda yotishdan zerikadiganlar uchun orol. Bu yerda Veligamada syorfingda toʻlqinni zabt etish, Elladagi choy plantatsiyalari orqali mashhur koʻk poyezdda sayr qilish va milliy bogʻda yovvoyi fillarni tomosha qilish mumkin. Manzillar orasidagi masofa unchalik katta emas, shuning uchun hatto bir haftalik taʼtilda ham koʻplab qiziqarli joylarni koʻrishga ulgursa boʻladi. Kolombogacha parvoz narxi 4 mln soʻmdan boshlanadi.
Tailand
Turistik vizani oldindan olish kerak. Yangi qoidalarni inobatga oling: raqamli kelish kartasini (TDAS) parvozdan kamida uch kun oldin toʻldirish lozim. Kunduzi bu yerda harorat 30 °C atrofida, suv esa - 29 °C.
Tailanda noyabr - daryolarga shamlar qoʻyilgan yuzlab savatchalar oqiziladigan Loy Kratong bayrami vaqti. Chiangmayda esa aynan shu kunlarda minglab osmon chiroqlari uchiriladigan Yi Peng festivali boʻlib oʻtadi. Koʻcha taomlari, tay massaji va budda ibodatxonalari ham oʻz oʻrnida. Chiptalar 3 million soʻmdan boshlanadi.
Oʻzbekiston boʻylab qayerga borish mumkin?
Chilla tugadi, endi esa tabiat qoʻynida bemalol sayr qilish mumkin.
Zomin. Ignabargli oʻrmonlar, archazor havosi, ilonizi yoʻllar. Dor yoʻli, Chortanga darasi uzra osilgan shisha koʻprik, Suffa platosi, «Boboyongʻoq» qadimiy archasi. Taomlardan bu yerda tandir goʻsht va qozon patirni tatib koʻrishga arziydi. Dam olish kunlari mehmonxonadan joy band qilish yoki sanatoriyga davolanishga borish mumkin.
Chorvoq. Kuzga borib suv toʻq koʻk rangga kiradi, plyajlar boʻshab qoladi. Biroq kuzda ham bu yerda mashgʻulotlar yetarlicha: instruktor bilan paraplanda uchish, suv ombori manzarasi qarshisida piknik uyushtirish yoki shunchaki kurortlarda hordiq chiqarish mumkin. Ovqatlanish uchun nafaqat Chorvoq hududida, balki kiraverishdagi «Bochka»ga ham borish mumkin. Bu yerda mastava, kabob, tandirda pishirilgan baliqni tatib koʻring.
Aydarkoʻl. Qizilqum qoʻynidagi koʻl. Bu vaqtda choʻmilib boʻlmaydi, ammo zogʻora, oqsoxta, laqqa va qilichbaliq ovlash bilan shugʻullanish; tuyalarda sayr qilish; oʻtovlar lagerida tunab qolish mumkin. Sayohatni minglab qoyatosh suratlari saqlanib qolgan Sarmishsoy darasi bilan birgalikda rejalashtirish qulay.
Sentob. Navoiy viloyatida, Nurota togʻlari etagidagi togʻ qishlogʻi. Bu yerda uylar tosh va loydan qurilgan, shuning uchun ham oʻzingizni xuddi eski oʻzbek filmlariga tushib qolgandek his qilasiz. Oilaviy mehmon uylarida tunab qolish, togʻ asali xarid qilish va Fozilmon koʻliga tomon piyoda sayr (treking) uyushtirish mumkin.
Urungach. Ugom-Chotqol milliy bogʻidagi nefrit koʻllar, Toshkentdan taxminan 160 km masofada joylashgan. Yuqori koʻlga yetib borish uchun togʻ boʻylab ikki-uch kilometr piyoda yurish kerak, undagi suv 8 °C dan yuqori ilimaydi, shu sababli choʻmilish haqida oʻylamasa ham boʻladi - bu yerga ajoyib manzara va piknik uchun kelishadi. Quyi koʻl esa kech kuzga borib sayozlashadi.
Material Aviasales.uz loyihasi boʻlgan Yoʻlovchi travel-mediasi tahririyati tomonidan tayyorlangan.