21:55 / 04.07.2020
22532

«24 uyning hamma hujjatlarini mahalla raisi qalbakilashtirgan» – Oliy sud raisi o‘rinbosari Bo‘stonliqda buzilishi kutilayotgan dala-hovlilar masalasiga to‘xtaldi

Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovning ta'kidlashicha, Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi 24 uy o‘zboshimchalik bilan qurilgan, ularning hujjatlarini mahalla raisi soxtalashtirgan. U bu haqda 2 iyul kuni jurnalistlar uchun Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur doirasidagi brifingda ma'lum qildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan masalaga to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Bo‘stonliqning tepasida bolalar sil kasalliklari sihatgohi [Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani] bor, butun respublikadan bemor bolalar kelib shu yerda davolanadi. Shu sihatgohga tegishli yer talon-toroj qilingan. Kimdir uy qurib olgan, kimdir endi quryapti.

Ana shu yerda bir qizning uyi buzildi. O‘zi suvning yo‘liga qurib olgan. Ertaga kuchliroq yog‘in bo‘lsa, sel kelib hammasini oqizib ketadi. U ijtimoiy tarmoqqa chiqib nima dedi? Voy-dod, ogohlantirishsiz uyimni buzyapti, mana buni qaranglar degan gapni gapirdi.

Ogohlantirish bir marta bo‘lgan emas. Ikki oydan beri: «Hov, baraka topkur, qurmagin, to‘xta, bu noqonuniy», deb ogohlantiramiz. Hujjatim bor deb chiqdi. Bugun [press-tur 2 iyul kuni tashkillashtirilgan] shu joyga borganlaringizda hujjatini so‘ranglar.

Qo‘lidagi hujjat qanaqa hujjat?! 2019 yilda 1998 yildagi hujjatni qalbakilashtirgan. Sababi qaynotasi mahalla raisi bo‘lgan. O‘zining vafot etib ketgan ayoliga hujjat qilgan, ikkita farzandiga hujjat qilgan-da, mana shuni keyin yer ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarorini chiqartirib olgan. So‘ngra davlat xizmatlari markaziga borib mulkka nisbatan egalik huquqini rasmiylashtirgan. Hammasi qalbaki hujjatlar. Mahalla raisi qolgan uylarning hujjatlarni ham qalbakilashtirgan», deya Xolmo‘min Yodgorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy sud raisi o‘rinbosarining qayd etishicha, Bo‘stonliqda o‘z uyida yashab kelayotgan birorta odamning uyi buzilmagan. Butun respublika bo‘yicha buzilishi kerak bo‘lgan, noqonuniy qurilgan uylarni buzishni karantin paytida to‘xtatib qo‘yilgan.

«Karantin davrida birorta sud tomonidan noqonuniy qurilgan deb topilgan birorta uyni buzayotganimiz yo‘q. Ijtimoiy tarmoqda chiqqanlar nima deyapti: «Mana, uyimni buzyapti, men qayerda yashayman». Ikkinchisi aytyapti: «Buning chaqalog‘i bor». Borib ko‘ringlar, Bo‘stonliqqa dam olishga kelgan odamlarni ijaraga ravishda qo‘yish uchun qurilgan "dacha" bu, odam doimiy yashayotgan joymas. Ular esa uyim buzilyapti deb chiqayapti. Ijtimoiy tarmoqda ularning chiqishini ko‘rib, haqiqatan ham uyi buzilibdi deb o‘ylaganlar yozyapti: «Bular shunaqa-da, kambag‘alni qo‘ymaydi, uyini buzadi». Aslida unaqa emas-ku.

To‘g‘ri, uylar qurilishiga katta mablag‘ sarflangan. Ammo noqonuniy sarflashgan. Bu borada prokuratura organi ham ma'lumot beradi. Bugungi kunda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

24 ta uyning hammasi noqonuniy. Prokuratura tomonidan sudga da'vo arizasi kiritilgandan keyin bitta uyning egasi bola-chaqasi bilan kelib oldi. Shu paytgacha bularning birortasida odam yashamagan, hammasi "dacha" bo‘lgan.

Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi "dacha"larning hujjatlarni ko‘tardik. Yer – sihatgohniki. Shu yerni odamlarga odamlarga bo‘lib-bo‘lib sotib yuborishgan. Buning uchun jinoiy javobgarlikka tortish masalasi qo‘yilgan», deydi u.

Yodgorovning ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan 24 uy bo‘yicha hali sudning yakuni qarori chiqmagan, shu sababli ularning imoratlarini buzib tashlagani yo‘q.

«Bu "dacha"larning egalari aldov qurboni bo‘lgan deb o‘ylayapsizlarmi? Ular aldangani yo‘q. Bilib turib qalbaki hujjat qilishgan. Agar aldanib qolsa ekan boshqa gap. Agar hujjatlari qonuniy bo‘lganida ular baholanib, bozor bahosida egalariga kompensatsiya berilardi. Daraxtigacha pulini beramiz. Yer ham beriladi. Ijarada yashab turgan davriga ijara puli ham to‘lanadi. Noqonuniy qurilgan uylarni nima uchun baholatishimiz, kompensatsiya berishimiz kerak?

Noqonuniy ravishda qurilgan 24 "dacha"ning 6-7tasi bo‘yicha bugungi kunda qaror chiqqan. Qolganlarining ishi navbati bilan endi sudda ko‘riladi. Ularning orasida imoratlarini ixtiyoriy buzib olganlar ham bor. Bu joylarning hammasi Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskaniga qaytariladi», deb aytgan Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, Kun.uz bungacha mazkur mavzuni o‘rgangan edi. Muxbirimiz Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgani aytilayotgan 24ta uy egalari bilan uchrashdi.

Fuqarolarning aytishicha, buzilishi rejalashtirilgan imoratlar joylashgan yer sihatgohga tegishli emas. Buni ushbu muassasa direktori Norinboy Niyozmetov ham tasdiqladi.

Shunga ko‘ra, yuqori turuvchi idoralar mazkur holat bo‘yicha adolatli qaror qabul qilishi, chigal vaziyatga qonunda belgilangan tartibda yechim topilishi, fuqarolarning qonuniy haq-huquqlari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak, nazarimizda.

Mavzuga oid
Top