Bu orqali esa kasallikdan keyin koronavirusga immuniteti borligi tasdiqlangan kishilar ish joylariga qaytishlari mumkin, deb yozadi The New York Times.
Nashrga ko‘ra, antitanachalar testi orqali qaysi tibbiyot xodimlari koronavirusdan himoyalanganini aniqlab, shu yo‘l bilan bemorlarni qo‘rqmay davolashda davom etishi mumkin bo‘lgan shifokorlarni ajratib olsa bo‘ladi.
Yuqumli kasalliklar bo‘yicha AQShning yetakchi eksperti Entoni Fauchining aytishicha, Oq uydagi ishchi guruh bu testdan ijobiy o‘tgan fuqarolarga «immunitet sertifikati»ni berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu sertifikat kishida koronavirusga immunitet shakllanganini tasdiqlaydi.
«Mamlakatni ochish haqida o‘ylashimiz uchun, avvalo, virusning omma orasida qanchalik tarqalganini bilishimiz zarur», – dedi doktor Fauchi CNN’ga bergan intervyusida.
Xodimlar immunitetini tekshirib, shu asosda ularni o‘z ish joylariga qaytarish ko‘p mamlakatlarda, jumladan Italiya va Britaniyada ham o‘rganib chiqilmoqda.
Yaqinda AQSh Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi aholining qancha qismi virusdan zararlanganini bilish uchun antitanachalar testlari o‘tkazilishi boshlanishini e'lon qildi. Ko‘p o‘tmay, Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab 10 ming nafar ko‘ngilli o‘rtasida antitanacha testlari o‘tkazilishi ma'lum qilindi.
Biroq har qanaqa testning ham mukammal emasligi va ularning aniqligi borasida muammolar borligini ham nazardan qochirmaslik zarur.
Testlar haqida nimalarni bilamiz va bilmaganlarimiz nimalar?
Antitanachalar tahlili serologik test deb ataladi. Serologik testda yangi infeksiya (hozirgi holatda bu – koronavirus)ga immun tizimi qanday reaksiya ko‘rsatishi o‘rganiladi.
Xo‘sh, bu nima uchun kerak?
Tanaga virus kirsa, tana bu dushmanni ilg‘ab olishi va unga qarshi immun tizimini safarbar qilishi uchun ma'lum vaqt ketadi. Antitanachalar deb ataluvchi immun molekulalari esa mana shu safarbarlikda katta rol o‘ynaydi.
Antitananing birinchi turi – M (yoki IgM) immunoglobulin deb atalib, uning qondagi miqdori virus paydo bo‘lgandan keyin bir necha kun ichidayoq oshadi.
Biroq IgM – umumiy kurashchi. Aniq bitta virusni mo‘ljalga olish va uni yo‘q qilish uchun tanada ikkinchi turdagi antitana – G (yoki IgG) immunoglobulin ishga tushishi kerak. Ayni mana shu turdagi antitanacha virusni taniy oladi, uni boshqa infeksiyalardan farqlay oladi.








