Jamiyat | 19:24 / 31.01.2026
18218
8 daqiqa o‘qiladi

Ehson ortidagi qopqon – O‘zbekistonda navbatdagi moliyaviy piramida avj ola boshladi

Ml Share nomi ostidagi moliyaviy piramida avvalroq ko‘plab o‘zbekistonliklarni chuv tushirib ketgan PGM kabi “tuxum tarqatish” orqali a’zo ko‘paytirishga intilmoqda. Ushbu platformaning reklama bannerlari hatto o‘quv va tarbiya muassasalarigacha kirib boryapti. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tanqidiga qaramay kiberxavfsizlik xodimlari hozircha “ariza yo‘q, muammo ham yo‘q” pozitsiyasida turibdi.

Biri yopilsa boshqasi...

2025 yil may oyida O‘zbekistonda “kitob o‘qish orqali pul topish” bahonasida ko‘plab insonlarni chuv tushirgan OMD moliyaviy piramidasi yopilgach, ko‘p o‘tmay PGM moliyaviy piramida targ‘ibotiga kirishildi. Yaqinda ushbu platforma ham “hosilini” yig‘ishtirib oldi va faoliyatini to‘xtatdi. Oqibatda minglab odamlar unga mehnat depoziti sifatida kiritgan pulidan ayrilib qoldi. Hatto jabrlanuvchilar orasida 146 mln so‘midan ayrilganlar ham bor. Bundaylarning aniq soni ma’lum emas. Kun.uz o‘z surishtiruvida PGM va OMD moliyaviy piramidalari o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikni keltirib o‘tgandi.

IIB xodimlari targ‘ib qilgan XCM moliyaviy piramidasi 2025 yil dekabr oyi o‘rtalarida yopildi. Bu safar ham minglab odam ushbu yolg‘onga aldanib, pulidan ayrildi. XCM yopilgan ayni o‘sha kunlarda esa uning o‘rniga Ml Share nomi ostidagi moliyaviy piramida paydo bo‘ldi.

Oson daromad aldovi

Ml Share moliyaviy piramidasining oldingilaridan hech qanday farqli tomoni yo‘q: uslub ham, targ‘ibot shakli ham bir xil. Platformada pul tikish hamda kunlik vazifani bajargan holda daromad olish taklif qilingan. Kunlik vazifalar esa o‘sha-o‘sha, reklama ko‘rish va layk bosish.

Platformaga pul tikish J1ʼdan J9ʼgacha bo‘lgan bosqichlarga bo‘lingan. Masalan, eng quyi J1 bosqichida 285 600 so‘m tikib, kunlik 5 ta vazifani bajargan holda 9 520 so‘m, yiliga 3 427 200 so‘m daromad ko‘rish taklif etilgan. Eng yuqori J9 darajasida esa 680 mln so‘m tikib, kuniga 600 ta vazifani bajargan holda 24 mln 480 ming so‘m, yiliga esa 8 mlrd 812 mln so‘m (!) daromad olish mumkinligi ko‘rsatilgan. Odam qo‘shganlarga esa alohida sovg‘a va bonuslar va’da qilingan.  

Ehson ortidagi qopqon

Ml Share ham avvalgi moliyaviy piramidalar kabi targ‘ibotni ehson tarqatish orqali kuchaytirib bormoqda. Keyingi kunlarda respublikaning turli hududlarida ayni shu moliyaviy piramidaning reklama banneri ilib qo‘yilgan turli tadbirlar ko‘payyapti.

Ularning ayrimlari ehtiyojmand oilaga ehson tarqatish bilan bog‘liq. Bitta gugurt, 20 ta tuxum va 1 litr yog‘ni qabul qilib olib, o‘zlari bilib-bilmagan holda Ml Share sha’niga rahmatlar yog‘dirayotganlar talaygina.

Shuningdek, jamoa bo‘lib, bir dasturxon atrofida o‘tkazilayotgan tadbirlar soni ham ortib bormoqda. Odatda bu kabi “choyli” tadbirlarning xarajati moliyaviy piramida ortida turganlar tomonidan qoplab beriladi.

Ijtimoy tarmoqlardagi guruhlarida Ml Share targ‘iboti hatto ta’lim va tarbiya maskanlariga ham kirib borayotganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston uchun maxsus ishlab chiqilgan

Kun.uz avvalgi surishtiruvida O‘zbekistonda biri yo‘qolsa, boshqasi paydo bo‘layotgan moliyaviy piramidalar ortida bir guruh turgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surgandi. Negaki, ushbu platformalar dasturlari va targ‘ibot materiallari to‘liq o‘zbek tilida tayyorlangan. Jumladan, Ml Share’niki ham.

Shuningdek, Ml Share ilovasida rus va ingliz tilidan tashqari faqatgina o‘zbek tili mavjud.

Ml Share moliyaviy piramidasining Telegram’dagi asosiy kanalida 2025 yil 4 dekabr kuni e’lonlar joylashtira boshlangan. Kanal qisqa vaqt ichida 30 mingdan ortiq a’zo to‘plagan.

Bu ham ushbu platforma avvalroq yopilgan XCM o‘rniga faoliyat boshlaganini, asosan O‘zbekistonda targ‘ib qilinayotganini anglatadi.

“Qancha muddat ishlaydi?”

O‘zbekistonda moliyaviy piramidalar ortidan daromad ko‘rishni, oson pul topishni xayol qiladigan qatlam shakllanib ulgurdi: XCM, PGM, Ml Share kabi platformalarga aldanib qolayotganlarning aksariyati navbatdagi moliyaviy piramida ochilganida unga ham ikkilanmasdan pul tikmoqda. 

Hatto ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi moliyaviy piramidalar tahliliga ixtisoslashgan maxsus guruhlar paydo bo‘lyapti. Ularda odamlar “bu moliyaviy piramidami?” deb emas, “bunisi ko‘proq muddat ishlaydimi?” degan savollar o‘rtaga tashlanmoqda.      

Bu O‘zbekistonda ma’lum bir qatlam orasida moliyaviy piramidalarga qaramlik paydo bo‘layotganini ko‘rsatadi. Agar tezroq oldi olinmasa, bu qaramlik to‘ri kengayib, odamlar cho‘ntagidan o‘marilayotgan millionlar davlat iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan darajaga kelishi mumkin. Bu ancha xavfli prognoz.

Kiberxavfsizlik qachon “uyg‘onadi?”

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida 3 yil oldin Ichki ishlar vazirligida tashkil qilingan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ishi hali ko‘rinmayotganini tanqid ostiga olgandi. Davlat rahbari o‘tgan yili poytaxtda kiberjinoyatlar soni 16 mingdan ortib, fuqarolar qariyb 2 trillion so‘m moddiy zarar ko‘rganini, ularni fosh etish 8 foizga ham bormaganini aytib o‘tgan edi.

Yig‘ilishda prezident o‘z so‘zida moliyaviy piramidalar haqida ham to‘xtaldi.

“Ilgari faqat “ko‘cha” deb bilgan uyushgan jinoyatchilik bugun biznes niqobi ostida ancha daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar, avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, Umra va Haj ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygan”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Biroq prezident tanqidiga qaramay, moliyaviy piramidalar ildiz otishda, biri yo‘qolsa, o‘rniga boshqasi paydo bo‘lishda davom etmoqda. Kiberxavfsizlik mas’ul idoralar hozircha “ariza yo‘q, muammo ham yo‘q” pozitsiyasida turibdi.

Vaholanki, Jinoyat kodeksining 188-1 moddasida (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) moliyaviy piramidalar tashkil qilganlik uchun og‘irlik darajasiga qarab 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Jinoyat protsessual kodeksining 325-moddasiga ko‘ra, bunday jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish uchun jabrlanuvchilarning shikoyati talab etilmaydi. 

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid