Ermak qilinayotgan tadbirkor. Rasmiylarning mushuk-sichqon o‘yinidan maqsad nima?
Bekobod tuman prokurori va tuman ma'muriy sudi sabab yosh tadbirkor ko‘p miqdorda zarar ko‘rayotgani haqida yozgan edik. Unda ko‘tarilgan muammo hal etilish o‘rniga Toshkent viloyatidagi rasmiy idoralarning ermagiga aylantirilyapti.
Fuqaro G‘.Xudoyberdiyevning 2018 yil dekabr oyida onlayn auksionda sotib olgan yer uchastkasi oradan bir yil o‘tib (2019 yil dekabr) Bekobod tuman prokurori kiritgan ariza sabab ma'muriy sudning hal qiluv qarori bilan davlat zaxirasiga qaytariladi.
Yer uchastkasi ustiga qariyb 200 mln so‘m sarflanib qurilgan, ikki qavatli (qurilishi tugallanmagan) bino esa sud qaroriga asosan buzib tashlanadi.
Qarangki, ma'muriy ishlar bo‘yicha Oliy sud sudlov hay'atining shu yil 3 sentyabrdagi qarori bilan quyi instansiya sudlari qarorlari bekor qilinib, Bekobod tuman prokurorining shikoyat arizasini rad qilish to‘g‘risida yangi hal qiluv qarori qabul qilinadi.
Shu qaror sabab bo‘lib, joriy yil 5 oktyabr kuni saytimiz orqali «Oliy sud Bekobod prokurorini dog‘da qoldirdi. Tadbirkor ko‘rgan zararni endi kim qoplaydi?» nomli maqola e'lon qilgan edik.
Toshkent viloyat prokuraturasi va boshqa mas'ul idoralar maqolada ko‘tarilgan muammoga ijobiy yechim topish harakatida bo‘ladi, deb umid qilgan edik. Ammo, adashganmiz shekilli.
Fuqaro G‘aybulla Xudoyberdiyevning tahririyatga xabar qilishicha, voqealar biroz boshqacharoq yo‘sinda rivoj olgan.
Dastlab, tuman hokimi va viloyat prokuraturasidan masalani o‘rganish uchun tumanga kelgan mas'ul xodim G‘.Xudoyberdiyevdan bu muammolarni yoritish uchun sayt muxbirlariga qancha pul bergani bilan qiziqishgan (bundan ranjiganimiz yo‘q, sababi har kim dunyoni o‘z qarichi bilan o‘lchaydi).
Bu hali hammasi emas. Voqealar rivoji 6 oktyabrga kelib bundan-da qiziqarli tus oldi. Yana hokimlikka chaqirilgan Xudoyberdiyevni qo‘liga yana o‘sha rasmiylar bir varaq qog‘oz tutqazishadi. Uni o‘qib kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan kishi...
O‘sha bir parcha qog‘ozda G.Xudoyberdiyevning Kun.uz tahririyatiga minnatdorchilik xati (mavjud vaziyatdan kelib chiqilsa, ko‘proq pushaymonlik xatiga o‘xshaydi)bitiladi. Nima emish, «aslida prokuratura xodimlari ushbu videolavhada izohlanganidek, menga nisbatan adolatsizlik qilishmaganini tushunib yetdim va men ham bularning barchasini jon achchig‘ida bo‘rttirib gapirganim uchun Prokuratura va Kun.uz tahririyati oldida uzr so‘rayman» ekan.
200 mln puli va ikki yil umri kuygan fuqaro buning uchun yana uzr ham so‘rayapti.
Barcha ishni qog‘ozda bitirishga o‘rgangan rasmiylar shu bir parcha qog‘ozni tayyorlab, Xudoyberdiyevga imzolatib olsak, marra bizniki, deb o‘ylaganlari kishini taajjubga soladi.
Eh, baraka topgurlar! Qog‘ozbozlik va byurokratiyani bir chetga surib, ikki daqiqaga o‘zingizni shu tadbirkor o‘rniga qo‘yib ko‘ring, deging keladi beixtiyor...
Ey, orzulari osmon qadar do‘stim G‘aybulla!
Haqiqatni izlab, hali uzoq umring ketadi, sen tasavvur etayotgan adolatni tushingda ko‘rsang xursand bo‘l. Sen mansabdorlardan o‘pkalama, ular sen va bizdan ancha aqlli, har qanday vaziyatdan chiqib ketishning a, b, v, g, d, y, j, z va hokazo variantlarini o‘ylab qo‘yishgan. Oliy sudda yutgan bo‘lsang, nima bo‘libdi, shu bilan sudlar tugabdimi?! Jazosi juda oddiy-ku – Oliy sud Rayosatiga bitta ariza! Va qarabsanki, qalinligi bir quloch keladigan papkangdagi qaddingdan tutib turgan ikki varaqli qaror pechkadagi o‘tiningni olov oldirishga ham yaramay qoladi.
Hurmatli Toshkent viloyati prokurori Salom Ismatovich!
Qo‘l ostingizdagi xodimlarga aytsangiz, bunchalar tashvishga berilib, o‘zlarini turli yolg‘on-yashiqlarga urmasinlar. Biz shunchaki viloyatingizdagi bir fuqaroning dardini olib chiqdik, xolos. Uni hal etasizlarmi yoki yo‘q, bu sizlarning ishingiz, albatta.
Darvoqe, Kun.uz sayti murojaatlarni o‘rganish uchun biror kimsadan moddiy manfaat ko‘zlamaydi. Bunga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, internetdagi Kun.uz saytiga kiring, duch kelgan jurnalistik surishtiruvni tanlang (6 yil ichida ularning soni anchagina bo‘lib qolgan, sanasangiz mingdan oshadi), uning qahramonlari bilan suhbatlashib ko‘ring, istalgan savolingizni bering. Ortiqcha deb bilmasangiz, natijasini bizga ham aytib qo‘yarsiz.
Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri
Tahririyat shu yil 1 oktabr kuni Toshkent viloyat prokurori nomiga yo‘llangan 113-sonli xatga javob kutib qoladi.
Mavzuga oid
19:16 / 31.10.2024
Bekobodda ota va o‘g‘il is gazidan zaharlanib vafot etdi
17:18 / 08.07.2024
Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri sudlanadi
15:42 / 29.06.2024
“Elektroset” ogohlantirmasdan svetni o‘chirsa, javobgarlikka tortish taklif etilmoqda - biznes ombudsman
08:08 / 10.06.2024