Bekobod tumanida yashovchi G‘aybulla Xudoyberdiyevning davlat belgilagan shartlar asosida, onlayn auksionda qatnashib, savdo do‘koni qurish uchun 2 sotix yer sotib olgani atrofdagilarga yoqmadi. Mulk huquqi shubhali bo‘lgan «mulkdor»lar darrov tuman prokuroriga chopib borishdi.
Prokuror esa masalaning mohiyatini chuqurroq o‘rganib ham o‘tirmasdan, andishaning otini qo‘rqoq qo‘ydi chog‘i, tadbirkor qonuniy yo‘l bilan sotib olgan yer uchastkasini davlat zaxirasiga qaytarishga kirishdi. Bu ishda unga Bekobod tuman ma'muriy sudi «ko‘maklashib» yubordi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek, oson bitdi. Hokimning yerni auksionga chiqarish to‘g‘risidagi qarori bekor bo‘ldi, yer esa zaxiraga qaytarildi. Bu safar voqeaning tafsilotlariga batafsil to‘xtalmaymiz, zero bu haqda har tomonlama to‘la bayon etilgan maqolamizni o‘qigan bo‘lsangiz kerak.
Baxsizlikni qarangki, davlatdan aldanib qolmasligiga ishongan sodda tadbirkor bu vaqtga kelib bor-budini sarflab, yer uchastkasi ustida bino qurib qo‘ygan edi. Oliy sudda ishi ko‘rilayotganini aytib, buzishni biroz kechiktirib turishni iltimos qilishiga qaramay, bino bir zumda yer bilan yakson qilindi.
Darhaqiqat, G‘aybullaning adolat yo‘lidagi kurashlari Oliy sudda hali davom etib turgan bir vaqtda u bunyod etgan (qurilishi tugallanmagan) savdo do‘koni binosi MIB tomonidan ayovsiz tarzda buzib tashlandi. Bu buzishning ortida tanqiddan o‘zini haqoratlangandek his qilgan tuman prokurori turgan bo‘lsa ne ajab...


Kun.uz’da maqola e'lon qilingach, ushbu holat Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilib, rasmiy munosabat bildirilgandi. Eng qizig‘i, viloyat prokurori S.I.Samadovning imzosi bilan yo‘llangan bu munosabatda Kun.uz tahririyati noxolislikda ayblandi.






















