Jamiyat | 14:35 / 27.11.2018
173829
3 daqiqa o‘qiladi

Murod Xonto‘rayevning ofisiga niqoblilar bostirib kirgan. Uning pichoqlanishi bo‘yicha tafsilotlar paydo bo‘ldi

26 noyabr kuni Toshkent shahridagi «Toshkent savdo markazi» (sobiq Turkuaz) hududida yakkakurash sport turining aralash turi bo‘yicha jahon chempioni Murod Xonto‘rayev pichoqlab ketilgani xabar berilgandi.

Kun.uz manbasi ushbu hodisa bo‘yicha ba'zi tafsilotlarni ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2018 yilning 26 noyabr kuni Murod Xonto‘rayev taxminan soat 14:30larda «Toshkent savdo markazi»da joylashgan ofisida o‘zining tanishlari - 1984 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.R. va 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan I.S.lar bilan o‘tirgan vaqtida 6-8 nafar noma'lum shaxs qora rangli maxsus kiyimda yuzlariga niqob taqqan holda kirib kelib, ularga yerga yotish haqida buyruq berishgan. Shundan so‘ng, noma'lum shaxslar o‘zlari bilan olib kelgan o‘tkir tig‘li jismlar, temir bo‘laklari, rezina tayoqlar va pnevmatik o‘q otar qurollardan foydalanib Murod Xonto‘rayev va I.S.ni urib tan jarohati yetkazishgan.

Ushbu hodisadan so‘ng, Murod Xonto‘rayev Ibn-Sino nomidagi 1-son shahar klinik shifoxonasiga murojaat etgan. Unga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh o‘ng tepa sohasi ezilib yorilgan jarohati, o‘ng son, dumba sohasi ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari (9ta), ikkala ko‘krak usti sohasi sidirilgan jarohati, chap tirsak sohasi kesilgan jarohati tashxisi qo‘yilgan.

Ayni vaqtda bu holat bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat ishi ochilgan, tergov ustidan prokuratura nazorati o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Murod Xonto‘rayev shu yilning 21 iyun kuni Yunusobod tumanidagi tungi klubda ko‘krak qismiga pichoq bilan berilgan zarbadan jarohat olgandi. Keyinchalik u sud hukmi bilan qamoqqa ham olindi.

12 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida M.Xonto‘rayevga jarima tarzidagi jazo qo‘llandi. Sportchi EKIHning 94 baravari miqdorida jarima to‘ladi.

Mavzuga oid