«Xalqimiz bunga mushtoq edi» - Besh yillikda diniy sohada amalga oshirilgan islohotlar
2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyatga kelgan prezident Shavkat Mirziyoyev fuqarolarning diniy erkinliklarini ta'minlash borasida qator ijobiy o‘zgarishlarning tashabbuskori bo‘ldi. Biz sohadagi islohotlar borasida O‘zbekiston musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligi axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Sahobiddin domla Satimov bilan suhbatlashdik.
«2 mingdan ortiq masjidlarimizda aytilayotgan azonlar – bunga mushtoq bo‘lgan insonlarning qalblariga malham, ularning dillarini quvnatuvchi nur bo‘lib kirmoqda. Bu ham Alloh taoloning mo‘minlarga ulkan bir ne'matidir. Go‘zal masjidlarimiz insonlarning tafakkuriga yaxshi ta'sir qiladi, odamlar u yerdan ibrat va namuna oladi. Bundan tashqari, masjidlar shaharlarning ko‘rkidir», – deydi Sahobiddin domla.
Shavkat Mirziyoyev marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining mehnatlarini e'tirof etib, Toshkent shahrida uning nomida katta masjid qurilishiga tashabbuskor bo‘ldi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad asos solgan «Hilol nashr» nashriyotida esa O‘zbekistonda tarixida ilk bor Mushafi sharif – Qur'oni Karim chop qilish boshlandi.
2018 yilda prezident tashabbusi bilan tuman, viloyat va respublika bosqichlarida Qur'on musobaqasi o‘tkazildi.
«Alloh taolo Qur'oni Karimda «Agar sizlar Allohning bergan ne'matlariga shukr qilsangiz, uni men ziyoda qilaman» (Ibrohim surasi, 7-oyat) – deya marhamat qiladi. Xalqimiz shukr va duoda bo‘ldi, natijada 2018 yil juda yuqori saviyada respublika miqyosida «Qur'oni Karim - 2018» musobaqasi hamda «Hadis ilmi», «Arab tili bilimdoni» musobaqalari tashkil qilindi. Respublika miqyosida oliy o‘rin olgan Qur'on hofizlari «Prezident sovg‘asi» bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda 17 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz «Qur'on va tajvid» kurslarida o‘qimoqda», deydi domla.
Shuningdek, Toshkentda prezident tashabbusi bilan Islom ilmlarining rivojlanishi va boy tarixiy merosimizni o‘rganishga mo‘ljallangan Islom sivilizatsiya markazi qurilmoqda.
2017-2018 yillar davomida radikal diniy oqimlarning tarafdorlari deb hisoblangan yoki ta'siriga tushib qolgan 20 ming nafardan ortiq o‘zbekistonliklar huquqni muhofaza qilish idoralarining «qora ro‘yxati»dan chiqarildi. Shuningdek, so‘nggi yillarda ekstremizm va terrorizmga aloqadorligi sababli ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan, qilmishidan pushaymon bo‘lgan 2 mingdan ortiq shaxslar afv etildi va 1,5 mingdan ziyodi jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi.
2018 yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor «Vaqf» fondi tashkil qilindi. Zakot va xayriyalardan tushadigan mablag‘lar shu fond orqali muhtojlar, ta'lim muassasalari, bemorlar va boshqa xayrli maqsadlarda ishlatiladigan bo‘ldi.
«Bizning xalqimiz yaxshilik yo‘lida Allohning arqonini mahkam tutuvchi va yaxshilik qilish bilan zavqlanadigan xalq. Fond COVID-19 pandemiyasi tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan aholi qatlamlariga, bemorlarga, diniy bilim yurtlari talabalariga, tarixiy obidalarimizni tiklash uchun juda katta yordamlar bermoqda», – deydi domla.
2019 yildan boshlab prezident tashabbusi va nazorati ostida 5 marta «Mehr» operatsiyasi o‘tkazildi va Yaqin Sharqdagi mojaro hududlaridan yuzlab yurtdoshlarimiz qaytarib olib kelindi. Olib kelinganlarga kerakli moddiy va tibbiy yordamlar ko‘rsatildi, shuningdek, reabilitatsiya qilinib shaxsiy hujjatlari tiklab berildi.
«Haj musulmonlar qalbining to‘rida turgan muqaddas amal. Xalqimiz asta sekin farovonlikka erishmoqda. Natijada 2019 yilda Umra ziyoratiga boruvchilar soniga qo‘yilgan kvota olib tashlandi. Haj ziyoratiga boruvchilar soni ham 7200 nafarga oshirildi. Inshaalloh buning soni yanada ko‘payishidan umidvormiz. Shuningdek, Toshkent-Madina yo‘nalishida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, muqaddas ziyoratgohlarga boruvchilarning uzundan uzun navbatlari yo‘qolib, xalq uchun yengilliklar yaratildi», – deydi Sahobiddin domla Satimov.
2019 yilda prezidentning siyosiy irodasi va qarori bilan Qoraqalpog‘istonda joylashgan xalq uchun «ichkaridagi» qiynoqlarning ramzi va borsa kelmas deya ta'riflanadigan Jasliq qamoqxonasi yopildi.
Albatta bunday ijobiy o‘zgarishlar mamlakatning xalqaro imijiga ham ta'sir qilmay qolmayapti. O‘zbekiston 2020 yil AQShning diniy erkinlik bo‘yicha «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati»dan chiqarildi.
Bundan tashqari, rasmiy doiralar tomonidan marhumlar yod etilayotgani, ularning haqiga Qur'on tilovatlar qilinib, ehson dasturxonlari yozilayotgani ham alohida e'tirofga loyiqdir.
Ushbu material Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida tayyorlangan.
Mavzuga oid
20:17 / 27.12.2024
Uchta viloyatda «bulutli» ma’lumotlar markazi ishga tushiriladi
07:50 / 27.12.2024
O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga amaliy tashrifi yakunlandi
20:15 / 26.12.2024
Mirziyoyev: YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlari bilan O‘zbekistonga kirish imkonini berishga tayyormiz
21:19 / 21.12.2024