Qayd etilishicha, u yerda jamoatchilik vatan fidoyilari, milliy istiqlol yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlar xotirasini yod etish uchun yig‘ildi. Qur'on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.

Ma'lum qilinishicha, mustabid tuzum davrida yurt ozodligi uchun kurashgan 100 mingdan ortiq vatandoshlar qatag‘onga uchragan. Ularning qanchasi “xalq dushmani” degan tuhmat bilan shafqatsiz otib tashlangan. Yana qanchasi surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda bo‘lib, mol-mulklari tortib olingan. Bu mudhish jinoyatdan mushtipar momolar, onalar ham omon qolmagan. Minglab ayollar beva, bolalar yetim qolgan.

“Bu nafaqat ularning avlodlari, balki butun xalqimiz yuragidagi og‘riqdir. Shu bois oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, barchamiz o‘sha mudhish davrni iztirob bilan eslaymiz”, deyiladi ma'lumotda.

2001 yildan buyon 31 avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Vatan fidoyilarining hayoti va merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ta'kidlanishicha, bu yil Shahidlar xotirasi xiyobonida bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi.

Davlat rahbari ushbu muzeyni kirib ko‘rdi. U yerda yaratilgan sharoitlar, tarixiy hujjatlar bilan tanishdi.

- Ko‘rinib turibdiki, katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar qatag‘on qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi - buyuk bo‘lgani, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Afsuski, shu paytgacha qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati shakllantirilmagan edi. 2020 yil 8 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Tarixchi olimlar jalb etilib, zulm qurboni bo‘lgan barcha insonlarni aniqlash va nomlarini tiklash bo‘yicha katta ishlar boshlandi. Chet ellardagi arxiv va muzeylar, kutubxona va fondlar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlarning arxivlaridan yangi-yangi ma'lumotlar topilmoqda.