Dala qo‘mondoni, qo‘rboshi Ibrohimbek sovet tarixiga «bosmachilar harakati»ning eng mashhur yetakchisi sifatida kirgan. U o‘tgan asrning 30-yillarida sovet hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borgan.

Ko‘p yillar davomida u sovet kinosining eng asosiy «zolim»laridan va sovet adabiyotining antiqahramonlaridan biri - «bosmachi» sifatida gavdalangan. Ba'zilar uchun u murosasiz dushman bo‘lsa, boshqalar uchun istiqlol kurashchisi timsoli edi.

Ibrohimbek yillar davomida sovet hukumatiga qarshi kurashdi. So‘ngra, qarshilik ko‘rsatish va urushni davom ettirish befoyda ekanini tushunib, taslim bo‘ldi. Hibsga olindi va otib tashlandi. Oradan 90 yil o‘tgach sud tomonidan oqlandi.

Ibrohimbek lashkarlari (foto RIA-Novosti)

Kurashning boshlanishi

Ibrohimbek 1889 yilda Buxoro amirligi tarkibiga kiruvchi Dushanbe shahri yaqinidagi Ko‘ktosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi Chaqaboy o‘zbeklarning laqay urug‘iga mansub, o‘z qishlog‘ining oqsoqoli, ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, Buxoro armiyasida to‘qsabo (polkovnik) yoki amirlik amaldorlaridan edi.

Ibrohimbek 1,5 yil davomida madrasada o‘qiydi. O‘zining tan olishicha, o‘qishni biroz biladi, ammo yozishni o‘rgana olmaydi.

1920 yili Turkistonda sovet hukumati o‘rnatiladi. Buxoro amiri Said Olimxon taxtni tashlab, Afg‘onistonga qochadi.

Yangi hukumat ma'muriy binolar yo‘qligi tufayli madrasalar, masjidlar va boshqa jamoat joylarini egallay boshlaydi. Aholining g‘amlab qo‘ygan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechagi armiya ehtiyojlari bahonasida tortib olinadi. Uy-joylar va boshqa bostirmalarning yog‘och qismlari buzib olinib, o‘tin sifatida ishlatiladi. Qarshilik qilishga uringanlar surgun yoki qatl etiladi.

Oqibatda, 1921 yil bahorida Sharqiy Buxoroda (Hisor, Qo‘rg‘ontepa, Ko‘lob, Qorategin, hozirgi markaziy va janubiy Tojikiston) mahalliy qabila boshliqlari va diniy ulamolar rahnamoligida qizil armiya va sovet hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon boshlanadi. Isyon yetakchilari barcha qabila va qavmlarni dushmanga qarshi kurashib, vatanni ozod qilishga, istiqlol bayrog‘i ostida birlashishga, Said Olimxonni taxtga qaytarib, amirlikni tiklashga chaqirishadi.

Laqay urug‘i vakillari ham Ibrohimbekning qaynotasi Abduqayum Parvonachi boshchiligida qo‘zg‘olonchilarga qo‘shilib, inqilobchilar va sovet hukumatiga qarshi kurashni boshlaydi. Ammo tez orada qo‘mondon betob bo‘lib qoladi. Qaynotasining o‘rnini esa yosh Ibrohimbek egallaydi.