Avgust oyi oxirida Qozogʻistonga kirish uchun pulli ruxsatnoma joriy etilishi va bu oʻzbekistonliklarga ham taalluqli boʻlishi haqida xabarlar paydo boʻldi. Xorijliklar uchun elektron ruxsatnomani joriy etish masalasi ishlab chiqilayotgani davlat rahbari imzolagan qonun hamda respublika IIV loyihasidan maʼlum edi, ammo bu loyiha hozircha korrupsiyaga qarshi ekspertiza bosqichida turibdi. Ruxsatnomaning pulli boʻlish-boʻlmasligi ham hali hal etilmagan. Elektron ruxsatnoma berish tizimining oʻzi yanvar oyidan beri sinov rejimida ishlamoqda, lekin undan foydalanish majburiy emas.
Serbiya Tashqi ishlar vazirligi xabari muhokamalarga sabab boʻldi
Serbiya Tashqi ishlar vazirligi (TIV) ushbu tizim toʻgʻrisida rasmiy xabar berdi va u bahs va munozaralarga sabab boʻldi. Xabarga koʻra, pulli elektron ruxsatnoma tizimi Qozogʻistonda 25-avgustdan 1-noyabrgacha sinov rejimida ishga tushiriladi. Shu davrda xorijliklar Qozogʻistonga elektron ruxsatnomasiz (QazETA) ham kiritiladi, biroq ular yangi qoidalar haqida ogohlantirilishi lozim.
Serbiya TIV xabariga koʻra, 1-noyabrdan boshlab samolyotda keluvchilar uchun ruxsatnoma olish majburiy boʻladi. 15-noyabrdan YEOII aʼzosi boʻlmagan davlatlar (jumladan, Oʻzbekiston) bilan chegaradagi avtomobil nazorat-oʻtkazish punktlari orqali kirishda QazETA talab etiladi. 30-noyabrdan esa bu qoidalar YEOII aʼzolari, jumladan, Rossiya tomonidan kirish uchun ham qoʻllanadi. 15-dekabrdan eʼtiboran Qozogʻistonga poyezd va dengiz orqali keluvchilardan ham QazETA talab qilinadi.
Serbiya TIV xabarida taʼkidlanishicha, ruxsatnomani mamlakatga kirishdan kamida 72 soat oldin onlayn tarzda olish mumkin va u 180 kunga beriladi. QazETA oldindan rasmiylashtirilganda uning narxi taxminan 3900 tenge (7,3 yevro), chegarada rasmiylashtirilganda esa 7800 tenge (14,6 yevro) boʻlishi kutilmoqda.
Qozogʻiston hukumati mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnoma haqida nima degan edi?
24-iyun kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev migratsiya toʻgʻrisidagi qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Unda, jumladan, mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnoma haqida soʻz borib, buning uchun toʻlov undirilishi ham qayd etilgan. «Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Qozogʻiston Respublikasiga kirishi mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi», - deyilgan qonunda. Toʻlov tartibi va miqdorini Qozogʻiston hukumati belgilashi kerak.







