Germaniya hukumati Leypsig aeroportida Ukrainaning An-124 yuk samolyotiga qarshi qoʻporuvchilik harakatiga urinish uchun masʼuliyatni rasman Rossiya zimmasiga yukladi. Matbuot anjumanida Berlinning pozitsiyasini Ichki ishlar vazirligi rahbari Aleksandr Dobrindt va Tashqi ishlar vazirligi rahbari Yohann Vadeful tanishtirdi.
Dobrindt soʻzlariga koʻra, politsiya tergovi natijalari, voqeaning “oʻziga xos jihatlari”, shuningdek, razvedka maʼlumotlari “Rossiyaning rejalashtirilgan, amalga oshirilgan va oldi olingan gibrid harakatlarga aloqadorligini yaqqol koʻrsatib turibdi”.
Vadeful javob choralari haqida maʼlum qildi: Germaniya Rossiyaning Bonndagi Bosh konsulligini va Berlindagi “Russkiy dom”ni yopadi. Rossiya elchisi mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtiriladi. Bundan tashqari, Germaniya hukumati Rossiya fuqarolarining mamlakatga kirishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. Buning aynan qanday amalga oshirilishi hozircha aniqlashtirilmagan.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen oʻz navbatida Yevropa Ittifoqi “Rossiya tomonidan uyushtirilgan ushbu hujum qarshisida Germaniya bilan toʻliq birdam” ekanini taʼkidladi. U bu masalani NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan muhokama qilishga vaʼda berdi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari qoʻshimcha sanksiyalar tayyorlash bilan shugʻullanishini maʼlum qildi.
Ryuttening oʻzi “[Rossiya Federatsiyasining qoʻporuvchilikka aloqadorligi] dalillari shubhasiz” ekanini aytdi. “Men Germaniyaning javob choralarini olqishlayman”, - deb taʼkidladi u. Shuningdek, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Polsha bosh vaziri Donald Tusk, Latviya TIV va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlari vakillari ham Berlinning harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini hamda Ukrainaga Rossiya bilan urushda yordam berishda davom etishga tayyor ekanini bildirdi.
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Germaniya hukumatining harakatlarini tanqid qildi. “Bahona oʻylab topishibdi. Vaholanki, Berlinning oʻzi Ukraina mojarosini avj oldirishda ham, tinch aholiga qarshi teraktlarda qatnashishda ham toʻliq bulgʻangan”, - dedi u. Zaxarova, shuningdek, “Russkiy dom” ancha vaqtdan beri Germaniya hukumatiga “tinchlik bermay kelayotgani” haqidagi fikrini bildirib, Rossiya uni yopish toʻgʻrisidagi qarorga “albatta javob qaytarishini” vaʼda qildi.
5-avgustga oʻtar kechasi Leypsig aeroportida portlovchi modda biriktirilgan dron topildi. Dron bortida oʻq-dorilar boʻlgan Ukrainaning An-124 transport samolyoti yaqinida turgan edi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, dronlar bir nechta boʻlgan: yana biri 10 kundan soʻng aeroportning gʻarbida topilgan, OAV yozishicha, yana biri esa yuk samolyoti bilan toʻqnashgan boʻlishi mumkin, biroq bu dronning hech qanday izi topilmagan.




