O‘zbekiston | 12:30 / 22.12.2021
12279
4 daqiqa o‘qiladi

Urganchda noqonuniy qurilish aniqlangan, hokimlik 6 oydan beri chora ko‘rmayapti

Urganch shahrida fuqaro salkam yuz metrlik devor ko‘tarib, noqonuniy ravishda yer uchastkasini o‘rab olmoqda. Shahar hokimligi esa holatni sudga oshirishni yarim yildan beri cho‘zib kelyapti. Kecha prezident yer maydonlarini ajratishdagi korrupsiyani tanqid qilgandi.

Foto: KUN.UZ

Xorazm viloyati Urganch shahri “Navro‘z” mahallasida fuqaro hech qanday hujjatlarsiz 98 metr uzunlikda poydevor quyib, devor tiklagan. Shahar hokimligi bu noqonuniy qurilma masalasini qariyb 6 oydan beri paysalga solyapti.

Yer maydoni Shifokorlar ko‘chasida joylashgan Pulmonologiya markazi oldida joylashgan. Xorazm viloyati Qurilish bosh boshqarmasining Urganch shahar qurilish bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu hudud o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va qurilish ishlari ham noqonuniy.

Aniqlanishicha, Urganch tumani Chakkasholikor qishlog‘ida yashovchi fuqaro Z.R. bu hududning 98 metr yer maydonini hech qanday hujjatlarsiz, ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan egallab olib, poydevor qilgan va devor tiklagan.

Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

Qurilish bo‘limi 2021 yil 30 iyun kuni fuqaroga qurilishni to‘xtatish haqida ogohlantirish xati bergan.

Shuningdek, Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan bu qurilmani buzib tashlashda Urganch tumanlararo sudiga ishni qonun doirasida ko‘rib chiqish uchun da’vo arizasi bilan murojaat qilishda amaliy yordam so‘ralib, Urganch shahar hokimligiga 2021 yil 30 iyun kuni xabarnoma yuborilgan.

Google Earth dasturi orqali joyning avvalgi holati tekshirilganda yashil hudud ekanini, daraxtlar borligini ko‘rish mumkin. Bu daraxtlarni kim kesib tashlagani, ruxsat olingan yoki yo‘qligi ham noma’lum.

Qizil chiziq bilan noqonuniy qurilma hududi ajratib ko‘rsatilgan
Hududning 2021 yil aprel oyidagi holati

Urganch shahar hokimligi bergan izohga ko‘ra, noqonuniy qurilma bo‘yicha to‘plangan hujjatlar asosida sudga da’vo arizasi kiritish choralari ko‘rilmoqda. Biroq, bu ish qariyb 6 oy davomida qilinmagani va paysalga solingani ajablanarli.

Afsuski, “Navro‘z” mahallasida yuz bergan voqea o‘zboshimchalik bilan yerlarni egallab olish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarning kichik bir qismi xolos.

Kadastr agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilning 1 dekabr holatiga Xorazm viloyatida 958 ta holatda 32 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati aniqlangan. 3 gektar yer bilan bog‘liq 156 ta holatda qonunbuzilishi bartaraf etilgan.

Yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi bo‘yicha hokimliklarga 750 ta taqdimnoma, prokuratura organlariga 324 ta ma’lumotnoma kiritilgan. 270 ta holat bo‘yicha hokimliklar sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Kecha, 21 dekabr kuni prezident kadastr sohasi bo‘yicha yig‘ilishda sohadagi muammolarning ortida pora va korrupsiya turganini aytgan edi.

“Yer balansini to‘g‘ri yuritish, yerni asrab-avaylash hokimlarning konstitutsiyaviy majburiyati va asosiy vazifasidir. Buni uddalay olmaydigan hokim menga kerak emas”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunday ekan, Urganch shahar hokimligi noqonuniy qurilma ishini sudga oshirishni oylardan beri paysalga solayotgani, boz ustiga fuqaro kimga ishonib o‘ziga tegishli bo‘lmagan joyga pul sarflab qurilish qilgani boshqa gumonlarni ham o‘rtaga chiqaradi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid