Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Daraxtlar banki”, Chorvoq bo‘yicha va’dalar va IMEI mashmashalari - hafta dayjesti
Toshkentning yaqindagina tasdiqlangan bosh rejasini o‘zgartirishni so‘ragan quruvchilar istagi bajo keltirilmoqda: navbatdagi o‘zgartirish nishoni – daraxt kesishga moratoriymi? Korrupsiya, navbatlar va katta boj: IMEI mashmashalari davom etyapti. Yana bir gaz-zapravka portladi: 4 kishi halok bo‘lib, 15 kishi jarohatlandi. Ortda qolgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.
Murod Nazarovdan daraxt kesishni qonuniylashtirish taklifi
O‘zbekistonda daraxt kesishni taqiqlash bo‘yicha amal qilayotgan moratoriyning oltinchi yiliga kelib, uni bekor qilish haqida takliflar yangray boshladi. Taklifni qurilish sohasidagi taniqli tadbirkor Murod Nazarov ilgari surdi. U Savdo-sanoat palatasida qurilish biznesi vakillari bilan o‘tgan ochiq muloqotda, moratoriyga qaramay daraxtlar baribir kesilayotgani vaji bilan, taqiqdan voz kechib, boshqa yechimlar izlashga chaqirdi.
“Kelinglar, quruvchi kompaniyalar yoki hatto uchinchi shaxslar “daraxtlar banki” ustida ishlasin. O‘sha tuman chegarasida daraxtlarni oldindan ekib qo‘yaylik. Bitta katta diametrli daraxt o‘rniga nechta kichkina diametrli daraxt to‘g‘ri keladi – ko‘rsatkichlari bo‘lsin. Ertaga nechta daraxt kesish kerak bo‘lsa, hokimiyat balansiga o‘tkazib ketilaveradi. Kerak bo‘lsa, bu bilan uchinchi shaxslar shug‘ullanadi. Daraxt ekmagan kompaniya bo‘lsa, uchinchi shaxsdan o‘sha “limit”ni sotib olsin. Natijada daraxt ekishga investitsiyadek qarash boshlanadi”, – dedi tadbirkor.
Yig‘ilishda qatnashayotgan rasmiylar bu g‘oyani qiziqish bilan tingladi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov taklifni “mantiqli va juda to‘g‘ri” degan bo‘lsa, Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev ham tadbirkorning fikrlariga xayrixohlik bildirdi. Yig‘ilishdan tashqarida esa, aksariyat jamoatchilik bu tashabbusni o‘ta salbiy qarshi oldi. Ko‘plab faollar hozirgidek ekologik sharoitda daraxt kesish bo‘yicha moratoriyni bekor qilish emas, aksincha, unga qat’iy amal qilinishini ta’minlash va bu moratoriyning yoniga yana bitta moratoriy qo‘shib, Toshkent shahrida katta qurilishlarni taqiqlashga chaqirdi.
“Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7-10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?” – degan savolni o‘rtaga tashladi deputat Bobur Bekmurodov. Boshqa bir deputat Javlon Abdullayev esa Murod Nazarovning “baribir kesilyapti-ku” degan fikriga javob berdi. Ekopartiya vakiliga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida daraxt kesish bo‘yicha 3200 ta ariza rad etilgani natijasida, 453 mingta daraxt saqlab qolingan. Ya’ni agar moratoriy bekor qilinsa, quruvchilar yiliga kamida 1 millionta daraxtni kesib tashlashi mumkin. Javlon Abdullayev O‘zbekistonda ham rivojlangan davlatlardagi kabi qat’iy choralar ko‘rish, masalan, noqonuniy daraxt kesgan developerdan yerni olib qo‘yishgacha boradigan mexanizm joriy qilishga chaqirdi.
Keyinroq Ekologiya vazirligi ham dadil bayonot bilan chiqdi. Vazirlikka ko‘ra, hech qanaqa ko‘chat voyaga yetgan katta daraxtning o‘rnini bosolmaydi, qolaversa, “daraxtlar banki” amaliyoti korrupsiya va spekulyatsiyani yuzaga keltirilishi mumkin. Vazirlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarni “janob Nazarovning daraxt kesishda qo‘llayotgan yondashuvlari”ni to‘liq tekshirishga chaqirdi. “Ushbu o‘rganish natijalari uning oldingi faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi”, deyiladi bayonotda.
Tanqidlar yomg‘iri ostida qolgan Murod Nazarov Kun.uz'ga intervyu berib, jamiyat daraxtlarga befarq emasligidan xursandligi, lekin moratoriyni bekor qilish masalasi ertami-kechmi baribir ko‘tarilishini aytdi.
“Sizga bitta achchiq haqiqatni aytaman: baribir bu narsa bir kuni ko‘tariladi. Hozir meni qoralashadi, yomonlashadi, lekin shu videoni ertaga 5-10 yildan keyin ko‘targandan keyin, baribir qarashsa, shu narsa ishlab chiqilgan bo‘ladi. Bu narsa shunchaki taqiq bilan davom etolmaydi. Taqiq ba’zi narsalarga yechim emas. Shahar baribir jonli narsa”, – dedi u.
Poytaxt bosh rejasi o‘zgarmoqda
Qurilish sohasidagi katta bir tadbirkorning daraxt kesishga moratoriyni bekor qilishni so‘rashi faollarda xavotir uyg‘otgani bejiz emas. Chunki qurilish lobbisining kuchini shu kecha-kunduzda boshqa bir misol yaqqol ko‘rsatib turibdi: Toshkent shahrining bosh rejasiga zid qurilish loyihalari birin-ketin potirlab chiqib kelishi ortidan, tasdiqlanganiga endigina yarim yil bo‘lgan bosh reja o‘zgarish arafasida turibdi.
Murod Nazarov payshanba kungi shov-shuvli chiqishida poytaxtning bosh rejasiga “tuzatish” kiritilayotganini ham aytdi va o‘zgargan bosh reja yaqin kunlarda chiqib qolishiga umid bildirdi. Bu masala kun tartibida turganini o‘tgan hafta Qurilish vazirligi ham tasdiqlagan edi. Vazirlik boshqarma boshlig‘ining Spot nashriga ma’lum qilishicha, o‘zgarishlar ayrim mavzelarda binolarning ruxsat etilgan balandligiga taalluqli bo‘ladi. “Masalan, bosh rejada 5 qavatgacha mumkin deyilgan, amalda esa bu hududlarda 16 qavatgacha qurilish qilsa bo‘ladi”, degan vazirlik rasmiysi.
Shu tariqa, jamoatchilik muhokamasiga chiqarilmasdan, 7 yil kutib tasdiqlangan bosh reja 7 oyga bormay o‘zgaradigan bo‘ldi. Bu o‘zgarishga sabab bo‘layotgan katta loyihalardan hozircha to‘rttasi ma’lum. Shaharning markaziy nuqtalari bo‘lmish Beshyog‘och bozori, sobiq Geologiya qo‘mitasi binosi va Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatli binolar, Islom Karimov ko‘chasidagi “Foton” zavodi o‘rnida esa 53 qavatli bino qurish loyihalari ishlab chiqilgan. Bu loyihalarning balandligi bosh rejada ruxsat etilganidan bir necha barobarga yuqori. E’tiborlisi, yil boshida bir kompaniya Beshyog‘och bozori o‘rnida osmono‘par binolar qurish niyatini bildirganida, Qurilish vazirligi “mumkin emas, bu bosh rejaga zid” deb chiqqan edi. Keyinchalik xuddi shu joyga shahar hokimligining o‘zi 30 qavatli bino qurish taklifi bilan chiqqanida, vazirlik bunga munosabat bildirmadi.
Chorvoq kurort-shaharga aylantiriladi. Jamoatchilik ekologiyadan xavotirda
Qurilishlarning ekologiyaga ta’siri bo‘yicha oxirgi haftalarning eng ko‘p muhokamadagi mavzusi – Chorvoq suv ombori atrofida kurort shahar qurilishi bilan bog‘liq. Ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarov Boku shahrining yaqinida, Kaspiy dengizi sohilida barpo qilgan “Sea Breeze”, ya’ni “Dengiz shabadasi” nomli katta loyihasini Chorvoqda ham takrorlamoqchi. U 10 mlrd dollarga baholayotgan loyihasini dekabr oyidan beri prezident Shavkat Mirziyoyevga ikki marta taqdimot qilishga ulgurdi. Birinchi bosqichda 5 mlrd dollar investitsiya kiritish ko‘zda tutilgan va o‘tgan oyda bu borada O‘zbekiston hukumati bilan bitim ham tuzildi.
Agalarov qurilish ishlarining faol bosqichini shu yil yozda boshlashni reja qilgan. Lekin jamoatchilikda Chorvoqning kelajagi borasida jiddiy xavotirlar bor. Bu yerlar o‘zbekistonliklar uchun juda qadrdon va qimmatli. Toshkentliklar aynan Chorvoq suv omboridan suv ichadi. Jamoatchilik ko‘l atrofida butun boshli shahar qurilishini hudud ekologiyasi uchun katta xavf deb ko‘ryapti. Xususan, ekofaollar loyihani mustaqil ekspertizadan o‘tkazishga chaqiryapti.
Bu hafta Emin Agalarov bir guruh jurnalistlar va faollarni Bokuga taklif qilib, u yerdagi Sea Breeze loyihasi bilan tanishtirdi va Chorvoqdagi loyiha haqidagi savollarga javob berdi. U Kaspiy dengizi qirg‘oqlarining bu qismi bir vaqtlar qarovsizgina joy bo‘lgani, odamlar xuddi Chorvoqdagi kabi oqova suvlarni dengizga oqizgani, 2006 yildan boshlangan kurort-shaharni bunyod qilish bilan hududga kanalizatsiya tarmog‘i tortilib, plyajdagi suvni tozalashga erishilgani, 20 yil ichida bu yerlarga millionlab daraxtlar ekilganini gapirib berdi.
“Bugun Chorvoq xavf ostida. Suvning sifati yomonlashyapti. Birinchidan, oqova suvlar to‘planmaydi. Ikkinchidan, tartibsiz qurilishlar [kanalizatsiya maqsadida] chuqurlardan foydalanyapti. Agar Chorvoq shu ahvolda qoladigan bo‘lsa, uning kelajagi yagona master-plan va dizayn-kodga ega bo‘lmagan xaotik qurilishlardan iborat bo‘ladi”, – dedi u.
Agalarovning aytishicha, loyiha doirasida suv omborining perimetri bo‘ylab oqova va kanalizatsiya suvlarini to‘plash uchun umumiy kollektor o‘rnatiladi. Biznesmen Chorvoq atrofiga ko‘pdan ko‘p daraxtlar ekishi, qurilish chiqindilarini maxsus kompaniyalar olib chiqib ketib utilizatsiya qilishi, bo‘lajak shaharda quyosh energiyasi va energiya tejovchi aqlli texnologiyalardan foydalanilishi, hamma kirishi mumkin bo‘lgan bepul plyajlar ham bo‘lishini aytdi. Shuningdek, mustaqil xalqaro ekologlar kengashini yig‘ib, ularning maslahati asosida ish qilishga va’da berdi. Agalarov ekologik ekspertiza va boshqa kerakli hujjatlarsiz, qurilishni boshlamasligi va Chorvoq aholisi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishini ham aytib o‘tdi.
Press-turda qatnashgan ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasi xuddi Italiya kurortlaridagi kabi ekologik standartlar asosida bo‘lishini va’da qildi. “[Suv ombori atrofidagi] hozirgi xaosni, rejasiz va nazoratsiz qurilishlarni to‘xtatish kerak”, – dedi Abduhakimov.
IMEI mashmashalari
IMEI-kodlar mashmashasi qaytadan ko‘tarilgan so‘nggi kunlarda, bu boshog‘riq tizim korrupsiyaga ham sharoit yaratayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Juma kuni Davlat xavfsizlik xizmati Namangandagi “Uchqo‘rg‘on” postining bojxona inspektori qo‘lga olinganini xabar qildi. Ma’lum qilinishicha, u 57 ta iPhone 16 Pro Max telefonini IMEI-kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga har biri uchun 100 dollardan, jami 5700 dollar so‘ragan va shundan 1900 dollarini bo‘lib-bo‘lib, uch kun davomida bank kartasi orqali olgan. Uchinchi kungi tranzaksiyadan keyin, huquq idoralari uni ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan.
Hafta davomida IMEI mavzusi boshqa xabarlar sababli ham kun tartibida turdi. Avvaliga internetda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi oshib ketgani haqida mish-mish tarqaldi va Bojxona qo‘mitasi buni rad etib chiqdi. Qo‘mitaga ko‘ra, registratsiya qiymati BHMning 20 foizi, ya’ni 75 ming so‘mligicha qolyapti, lekin o‘tgan yili oktyabrdan kuchga kirgan tartibga asosan, agar fuqaro mobil qurilmani olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmagan bo‘lsa, unda IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 30 foiz miqdorida boj to‘lashi kerak. Masalan, deklaratsiya qilmasdan olib kirilgan telefonning bojxona qiymati 1000 dollar bo‘lsa, uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 300 dollar xarajat qilishga to‘g‘ri keladi. “IMEI narxi endi 100 dollardan 400 dollargacha bo‘ldi” degan mazmunda tarqalgan mish-mish katta ehtimol bilan mana shu boj bilan bog‘liq.
Bu voqeadan bir necha kun o‘tib, “aeroportda IMEI mojarosi” degan sarlavha bilan tarqalgan video Bojxona qo‘mitasini yana izoh berishga majbur qildi. Videoda Toshkent aeroportida IMEI sababli navbatlar yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Bunga javoban qo‘mita mobil qurilma olib kelgan yo‘lovchilarning bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirib taqdim etishlari jarayonida kuzatilgan “qisqa muddatli navbatlar” bartaraf etilganini ma’lum qildi.
Darvoqe, dushanbadan boshlab, O‘zbekiston aeroportlarida bunday navbatlar ko‘payishini kutish mumkin. Shu sanadan boshlab, 1 yoki 2 kunga xorijga chiqqanlar o‘zi bilan olib kelayotgan barcha tovarlari uchun boj to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Yodingizda bo‘lsa, 1 maydan boshlab samolyotda kelayotgan jismoniy shaxslar notijorat maqsadda bojsiz olib kirishi mumkin bo‘lgan tovarlar qiymati 2000 dollardan 1000 dollarga, poyezdda kelayotganlar uchun esa bu limit 1000 dollardan 500 dollarga pasaytirilgan edi. Avtomobilda yoki piyoda kirib kelayotganlar uchun 300 dollarlik limit o‘zgarishsiz qolgandi. O‘sha qarorda, 20 iyuldan boshlab kuchga kiradigan band ham bor edi. Unga ko‘ra, endilikda fuqarolar o‘zi yoki yaqinlari uchun olib kelayotgan tovarni bojsiz olib kirish huquqidan foydalanish uchun, avtomobilda yoki piyoda kirib kelayotganida O‘zbekistonni tark etganiga 2 kundan oshgan bo‘lishi kerak. Samolyotda keluvchilar uchun esa bu muddat 3 kunni tashkil etadi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Prezident administratsiyasida ko‘plab kadr o‘zgarishlari ro‘y berdi. Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyevaga 5 nafar o‘rinbosar tayinlandi, ular orasida maktab vaziri Hilola Umarova ham bor. Uning o‘rniga vazir lavozimini kim egallashi hali ma’lum emas. Sardor Umrzoqov prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi, Abdulaziz Komilov esa tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga ko‘tarildi. Prezident maslahatchilari sifatida ishlab kelgan Aziz Mag‘rupov, Doniyor Qodirov va Alisher Sultonov esa nisbatan quyiroq lavozimlarga tushirildi. Shuningdek, Administratsiyaning 8 ta departamentiga rahbarlar tayinlandi; Toshkent shahri prokurori Erkin Yo‘ldoshev faoliyatini administratsiyaning komplayens xizmati boshlig‘i sifatida davom ettiradigan bo‘ldi.
Oliygohlarga kirish imtihonlari boshlandi. Abituriyentlar soni yildan yilga kamayishda davom etyapti. Bu yil oxirgi 7 yildagi eng kam – 671 mingta abituriyent imtihonda qatnashyapti. Bu – o‘tgan yilgidan 17 foizga, ikki yil oldingidan 29 foizga kam. Abituriyentlarning 64 foizi – bu yilgi bitiruvchilar. Respublika bo‘yicha 11-sinfni o‘tgan oyda tamomlagan yoshlarning 94 foizi oliy ta’limga kirishni niyat qilgan.
Qashqadaryodaning Ko‘kdala tumanida mudhish portlash sodir bo‘ldi. 16 iyul kuni soat 14:40 larda Yettitom shaharchasida aholi uylariga yetkazib beriladigan gazballonlarni to‘ldirish stansiyasining portlashi oqibatida 4 kishi, xususan stansiya rahbari halok bo‘ldi, yana 15 kishi jarohatlandi. Voqea joyiga borgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, stansiyaga tutash restoran ham butunlay yonib ketgan, qurbonlarning ayrimlari shu yerda bo‘lgan. Ko‘kdala tumani hokimligiga ko‘ra, qurbonlarning oila a’zolariga 100 mln so‘mdan, jarohatlanganlarga esa 50 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berilmoqda.
Andijon viloyati Xonobod shahri hokimi o‘rinbosari 20 ming dollar olganida qo‘lga tushdi. DXX xabariga ko‘ra, u 4 gektar yerni auksionga chiqarib, tadbirkorning nomiga yutib berishni va’da qilgan. Boshqa bir holatda, Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari va Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i naq 150 ming dollar olganida ushlandi. Ular ham zavod qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 6 gektar yerni auksion orqali olib bermoqchi bo‘lgan. Toshkentda esa, Mirobod tumani ichki ishlar boshqarmasi bo‘linma boshlig‘i qo‘lga olindi. Qamoqdagi shaxsni chiqartirib beraman deb, 18 ming dollar olgan podpolkovnik, va’dasini bajarolmay, pulning bir qismini qaytarayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Namanganda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyat tafsilotlari oydinlashdi. Avtomobilini sotmoqchi bo‘lgan yuzlab odamlar aldanib, ularning mashinalari ichki ishlar xodimlarining aralashuvi bilan noqonuniy tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va mashinalar gumdon qilingan. Aldangan ayrim fuqarolarning bo‘yniga kredit ham ilib ketilgan. Bu ishda jinoyatchilar, ayniqsa ichki ishlar xodimlarida otning kallasidek yurak bo‘lganiga “qoyil qolmay” iloj yo‘q. Qonunlar bilan boshqariladigan O‘zbekistonda bunday ishlar bo‘layotgani odamni o‘ylantirib qo‘yadi. Tafsilotlar bilan ushbu maqola yoki YouTube kanalimizdagi video orqali tanishing.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Mavzuga oid
11:57 / 09.01.2026
Toshkentda taksichilardan pul undirgan guruh qo‘lga olindi
10:22 / 06.01.2026
Toshkent aeroporti elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish kuzatildi
20:49 / 02.01.2026
Amirsoy va Bildirsoyga olib boruvchi yo‘lda bir tomonlama harakat tashkil etildi
12:05 / 31.12.2025