Sog‘liqni saqlash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar o‘tkazadigan mazkur tashkilot dunyoning qariyb 7,7 milliard aholisi tibbiyot tizimida ishonadigan yagona xalqaro platformadir.

Butun dunyoni qamrab olgan pandemiya qo‘rquvi aybdorni topishga undayotgani sabab nigohlar JSST va virus paydo bo‘lgan davlat – Xitoyga qadalgan. Boshqacha aytganda, Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng katta inqirozni keltirib chiqargan Covid-19 pandemiyasi JSSTni tanqidlar nishoniga aylantirdi.

Tashkilot Xitoyning aybini yashirish, u bilan til biriktirish, global favqulodda vaziyat va pandemiyani e'lon qilishda kechikish, mamlakatlarga bir necha bor «Xitoy bilan chegaralaringizni yopmang», deya epidemiyaning global miqyosda tez tarqalishiga sabab bo‘lish kabi bir qator ayblar bilan ayblanmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp so‘nggi paytlarda JSST, shuningdek, Xitoyni tez-tez tanqid qilmoqda. U ayblash bilangina cheklanib qolmay, mamlakatning tashkilotga beradigan mablag‘ini to‘xtatib turishga ham buyruq berdi.

Gebreisus ushbu lavozimga 4 yil avval kelgandi

JSST direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus Foto: Reuters

1948 yil 7 aprelda tashkil etilgan JSSTning shtab-kvartirasi Jyenevada (Shveytsariya) joylashgan bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab 150 vakolatxona va 7000ga yaqin xodimga ega.

JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreisus 2017 yil 23 mayda 5 yil muddatga saylangan, o‘sha yilning 1 iyul kuni rasman o‘z lavozimiga kirishgandi.

Gebreisus britaniyalik raqibi Devid Nabarroni katta farq bilan ortda qoldirib, saylovda g‘olib chiqqanda BMTning Jyenevadagi vakolatxonasi katta shodiyonalarga guvoh bo‘lgandi.

Gebreisus JSSTdagi faoliyatidan oldin 2005-2012 yillarda Efiopiya Sog‘liqni saqlash vaziri, 2012-2016 yillarda ushbu mamlakat Tashqi ishlar vaziri lavozimlarida faoliyat olib borgan.

AQShning JSST budjetiga qo‘shgan hissasi qancha?

JSST 194ta a'zo mamlakat va ko‘ngilli tashkilotlar bilan ish ko‘radi. Uning budjeti ikki qism: soliq badallari va ixtiyoriy badallardan iborat.

A'zo davlatlar o‘z aholisi soni va iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqqan holda yillik badal to‘laydi. Ushbu to‘lovlar tashkilot budjetining qariyb 17 foizini tashkil qiladi.